Breaking News

Klinton Gretsiya hukumatini quvvatlab, Turkiyani Kipr bilan murosaga chaqirmoqda


Gretsiya Bosh vaziri Yorgos Papandreu va Xillari Klinton, Afina, 17-iyul, 2011-yil
Gretsiya Bosh vaziri Yorgos Papandreu va Xillari Klinton, Afina, 17-iyul, 2011-yil

Gretsiya iqtisodiy inqirozni boshdan kechirar ekan, AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Afinada bu davlatning inqirozdan chiqish rejasini qo'llab-quvvatlaymiz, demoqda. Gretsiya hukumati tashqi qarzni to'lab, byudjet kamomadini yopish maqsadida soliqlarni ko'tarishga, maosh va nafaqalarni tushirishga majbur bo'lgan. Mamlakatning 419 milliard dollar qarzi bor. Hukumat qabul qilgan reja, deydi Klinton, inqirozdan chiqish uchun zaruriy choralar.

Payshanba kuni Bryusselda Gretsiyadagi krizisga bag'ishlangan favqulodda yig'ilish bo'ladi. Yevro pul birligida ish qiluvchi 17 davlat rahbarlari bu mamlakatga moliyaviy yordamning ikkinchi qismini berish masalasini muhokama qiladi. Klinton kecha Turkiyada ham bo'lib, Erdog'an hukumatini Kipr oroli bo'yicha Gretsiya bilan 36 yildan beri davom etayotgan munozarani hal etishga chaqirgan.

"Turg'unlikdan Kiprda hech bir tomon manfaat ko'rmaydi. Muammo uzoqqa cho'zilib ketdi. BMT vositachiligidagi yangi muzokaralarni olqishlaymiz", - deydi AQSh kotibi.

Ma'lumki, Kiprda asosan greklar va turklar yashaydi, hukumat ham ikkita. Turkiya orolda greklar boshqaruvini tan olmaydi, kiprlik turklarga yon bosadi.

Kipr 2012-yilda Yevropa Ittifoqi raisligiga hozirlik ko'rar ekan, rasmiy Anqara ittifoq bilan aloqalarni muzlatamiz, deya do'q-po'pisa qilmoqda. Turkiya nazarida Kipr o'rtadagi munozarani hal etmaguncha, Yevropa Ittifoqini boshqara olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG