Breaking News

Oshib borayotgan qarz Amerikaning qaddini bukib qo'ygan


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton oxirgi bir yarim yilda hukumat olib borgan ishlarni sarhisob qilib, kecha xalqqa hisobot bergan. Davlat qarzi xavfsizlikka, xalq kelajagiga tahdid solmoqda, deydi Klinton. Amerika doimo kuchli, mustahkam iqtisodiyoti bilan ajralib turgan. Holbuki, bugun mamlakat zaif, deydi vazira.

Xillari Klinton Vashingtonda, tashqi siyosat institutida so’zlar ekan, Qo’shma Shtatlar hamon peshqadam bo’lish salohiyatiga ega, dedi. Dunyo ahli AQShga ko’z tikmoqda, chunki biz global muammolarni hal qilishda yetalchilik qila olamiz, deydi u.

Vaziraning aytishicha, AQSh gardaniga tushgan byudjet kamomadi Bush davridan qolgan meros. Soliq siyosati va Iroq hamda Afg’onistondagi urushning asoratlari bu.

Obama ma’muriyati erishgan yutuqlar haqida so’zlagan Klinton Isroil-Falastin tinchlik muzokaralariga ishora qildi.

Eron yadro dasturiga nisbatan siyosat ham yutuqlardan biri, deb hisoblaydi Klinton. Islomiy davlat kuchli sanksiyalar bilan jazolandi va buning iqtisodiy ta’sirini seza boshlagan. Demak, Tehron murosaga ham tezroq ko’nishi mumkin.

“Eronda Inqilobiy Gvardiya, diniy peshvolar va hukumat diktatura yo’lidan bormoqda”, - deydi Klinton. “Vashington boshqa davlat ichki ishlariga aralashmoqchi emas, biroq Eron xalqi o’z taqdirini o’zi hal qila oladi, buning uchun irodasi yetadi”, - deydi u.

Tahlilchi Ted Bromund fikricha, Eron AQSh bilan kelishib ishlashi gumon. Ittifoqchi davlatlar ham Vashington bilan ochiq-oydin ishlamayapti, deydi u.

“Klinton Rossiya bilan hamkorlikni faxr bilan tilga oladi. Vaholanki, Rossiya Eron yadro reaktorlariga yonilg’i uzatib keladi. Rossiya islomiy davlatni qurol-aslaha, raketa bilan ta’minlamoqda”, - deydi tahlilchi.

Floridada cherkov ruhoniysi Qur’on kitobini yoqib, 11 sentyabr voqealarini yodga olishni rejalar ekan, Klinton pastor fikridan qaytadi degan umidda. Jajji bir jamoa shuncha g’alva, shov-shuv ko’tara olgani odamni kuydiradi. Amerika haqida, bu yurt ahli haqida fozil, odil ishlar asosida xulosa qilishadi degan umiddamiz, deydi Klinton.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG