Hillari Klinton AQSh tarixida o'ziga xos burilish yasadi

  • Amerika Ovozi

 Hillari Klinton, prezidentlikka demokratlar nomzodi

Hillari Klinton, prezidentlikka demokratlar nomzodi

AQSh tarixida ilk bor yirik partiyaning prezidentlikka nomzodi – ayol. Sobiq tashqi ishlar vaziri Hillari Klinton oliy lavozimga da’vogar bo’lish uchun 2383 delegat ovozini qo’lga kiritib, marraga yetdi. Amerika tarixida hech bir ayol prezidentlikka bu qadar yaqin kelmagan.

Klinton bu tarixiy damlarga yetish uchun uzoq yo’lni bosib o’tdi.

"Bir insonning g’alabasi emas bu. Bu kunga erishish uchun ayol va erkaklar, butun bir avlod jonini fido qilgan”,- deydi u.

Yillar osha to’plangan tajriba bugungi nomzodni shakllantirgan, deydi jurnalist Maykl Isikoff.

“Aqlli, tirishqoq, osonlikcha boy bermaydigan odam. Siyosiy jangchi desa bo’ladi. Do’stona, muloyim tabassum bilan qarshi olsa-da, aslida kuchli siyosiy raqib ekanini sezasiz”.

Maykl Isikoff Prezident Bill Klintonning Oq uydagi praktikant qiz bilan ishqiy munosabatlarini yoritgan jurnalistlardan. Uning aytishicha, Hillari Klintonning mediaga nisbatan ishonchsizligi, shaffoflikdan qochishi o’sha mojaro davrida shakllangan odat.

“Shu sababdan Klinton vazirlik paytida o’z uyida elektron pochta serverini o’rnatib olgan. Mana endi bu mashmashadan qutula olmayapti”,- deydi Isikoff.

So’rovlarda Klintonni ko’pincha soxta, samimiy emas, deb tasvirlashadi.

"Juda bosiq, o’ychan, yetti o’lchab bir kesadigan siyosatchi”,- deydi yana bir tajribali jurnalist, Ron Fornier.

U Klintonlarni 1980-yillardan beri yoritadi. Klinton xonimni u hazil-mutoyibaga usta, jinsiy tengsizlikka va korrupsiyaga doir ayblovlarga qarshi mardona kurashgan kuchli ayol deb biladi.

Bu tajriba prezidentlik poygasida qo’l kelmoqda.

“Donald Trampni yengish uchun xalq bilan ochiq gaplashadigan, hajviya va kalaka bo’lishdan, nuqsonlarini ko’rsatishdan qo’rqmaydigan odam bo’lish kerak”, - deydi Fornier.

Klinton tabiiy siyosatchi emasman, deydi. Ammo eng qiyini – saylovchilar ishonchini qozonish.

“Trampni qanchalik yoqtirishmasa, Klintonni ham shunchalik xush ko’rishmaydi”, - deydi Fornier.

Samimiylik saylovchilar uchun muhim faktor. O’nlab yillardan buyon omma e’tiborida bo’lgan Klinton oliy lavozimga loyiq ekanini isbotlashi lozim.

“Klintonni ko’pincha o’tmish bilan bog’lashadi. Saylovlar esa kelajak uchun, bo’lajak o’zgarishlar uchun ovoz berish degani”, - deydi Isikoff.

Klinton nomzodlikni qo’lga kiritib, tarafdorlariga shunday dedi:

“Mening hayotim, tashvishlarim bilan hech kimning ishi yo’q deb o’ylamang. Mana men sizni eshityapman. Siz tayana oladigan prezident bo’laman”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG