Xillari Klinton bu hafta Ostona, Bishkek va Toshkentda bo'ladi


Xillari Klinton prezident Barak Obamaning tashqi siyosat bo'yicha o'ng qoli. Mintaqaga uning darajasidagi rasmiy bormaganiga ancha bo'ldi.

Xillari Klinton prezident Barak Obamaning tashqi siyosat bo'yicha o'ng qoli. Mintaqaga uning darajasidagi rasmiy bormaganiga ancha bo'ldi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton 30 noyabr-2 dekabr kunlari Markaziy Osiyoning uch mamlakati, xususan Qozog'iston, Qirg'iziston va O'zbekistonga safar qiladi.

Bu Klinton xonimning AQSh Davlat kotibasi sifatida Markaziy Osiyoga ilk tashrifi. Rahbarlar bilan muloqotlarida o'zaro aloqalar, hamkorlik, demokratiya va huquq ahvoliga urg'u berishi kutilmoqda.

Ostonada Klinton xonim Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammitida qatnashadi. Bu yig'in oldidan esa mahalliy va xalqaro nohukumat tashkilotlarning mintaqaviy tadbiriga mezbonlik qilib, fuqaro jamiyati taraqqiyoti va erkinliklar haqida gapiradi.

Shuningdek, Davlat kotibasi Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev va Tashqi ishlar vaziri Kanat Saudabayev bilan muzokaralar olib boradi.

Davlat departamentining bildirishicha, Qirg'izistonda Xillari Klinton prezident Roza Otunbayeva va boshqa rasmiylar bilan uchrashadi. Oktabr oyida o'tgan saylovlar, yangi parlament va boshqaruv tizimi hamda janub, shu yili qonli voqealarni boshdan kechirgan O'sh va Jalol-Oboddagi vaziyat haqida gaplashadi.

O'zbekistonda davlat kotibasi prezident Islom Karimov bilan suhbat quradi. Unda ikki davlat aloqalari va mintaqaviy masalalar, jumladan, Afg'oniston haqida so'z ketishi kutilmoqda.

Xillari Klinton Markaziy Osiyoni 1990-yillarda, turmush o'rtog'i Bill Klinton prezident bo'lgan davrda kezib, bu xalqlar hayoti va madaniyati bilan tanishgan.

Xillari Klinton 2003 yilda nashrdan chiqqan “Tarix Guvohi” (Living History) nomli kitobida Islom Karimov bilan 1997 yildagi uchrashuvini izohlaydi.

Uning yozishicha, o’shanda Karimov undan Bill Klinton, prezident sifatida, xalq fikrini qanday o’rganadi deya so’ragan.

Oddiy odamlar bilan yuzma-yuz gaplashadi, hol-ahvol so’raydi, chunki demokratik jamiyatda rahbar xalq xizmatida bo’ladi, sabab - xalq uni hokimiyatga saylagan, deya javob qiladi Klinton xonim.

Davlat kotibasi o'z nutq va chiqishlarida yosh davlatlar demokratiya va oshkoralik nima ekanini yaxshi tushunmas ekan, ularga erkinlik haqida aql o’rgatish befoyda deb keladi. Uning fikricha, muloqot orqali bu respublikalar xalqi va hukumatini tushunish va ularga zarur yordamni berish mumkin.

O’zbekistonlik va amerikaliklar ziyolilar nazarida hozir ikki tomonlama aloqalarni jadallashtirish uchun noyob imkoniyatlar bor.

AQSh nafaqat xavfsizlik, balki ijtimoiy taraqqiyot, ta'lim, sog’liqni saqlash va biznes kabi sohalarda ko’makni oshirsa, deydi ular, uning mintaqada nufuzi oshadi.

Yana bir umid shuki, Amerika mintaqaviy birdamlikni targ'ib qilib, davlatlarni iqtisodiy integratsiya va ahillikka chorlaydi.

Klintonning tashrifi arafasida "WikiLeaks", rasmiy-maxfiy ma'lumotlarni global tarmoqda fosh etib tanilgan sayt, AQSh hukumatiga tegishli yana 251 ming 287 hujjatni chop etdi. Markaziy Osiyoga tegishli qismlari ham bor.

Bu diplomatik hujjatlarda Vashingtonning turli davlat va rahbarlari bilan muloqoti, bayonot va izohlari hamda Amerika rasmiylarining ular haqidagi fikr-mulohazalari aks etgan.

Davlat kotibasi "WikiLeaks" xususida qilgan murojaatida, Vashingtonning xalqaro hamjamiyatga nisbatan munosabatini hukumat a'zolari orasidagi ichki fikr almashinuvlarga qarab emas, amaldagi siyosat va bugungi aloqalardan kelib chiqib baholashni so'ragan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG