Breaking News

Klinton: Qo’zg’olonlar Yaqin Sharq uchun noyob imkoniyat


Klinton: Qo’zg’olonlar Yaqin Sharq uchun noyob imkoniyat
Klinton: Qo’zg’olonlar Yaqin Sharq uchun noyob imkoniyat

AQSh bosh diplomati Xillari Klinton fikricha, Yaqin Sharqdagi isyonlar region uchun nodir imkoniyat. O’zgarishlarni qabul qiling, deya undaydi u. Qo’shma Shtatlar demokratik jarayonlarni qo’llab-quvvatlaydi, deydi Klinton, lekin har bir davlatga yondashuv o’zgacha bo’ladi.

Xillari Klinton Vashingtonda Amerika-Islom Forumida so’zlar ekan, uni 30 dan ziyod musulmon davlatidan vakillar, biznes ahli va AQSh sobiq diplomatlari tingladi.

“Arab dunyosi uzoq yillik uyqudan, qishki g’aflatdan uyg’ondi”, - deydi islom dunyosi va AQSh aloqalarini yaxshilashga qaratilgan anjumanda so’zga chiqqan vazira.

“Arab dunyosi ahlida erkin fikrlash, so’zlash imkoni paydo bo’ldi”, - deydi Klinton. “Mintaqa yoshlari haqqini talab qilib chiqdi, ular uchun noyob imkoniyatlar ochildi”.

“Biroq bu yoshlar tajribasiz”, - deydi Klinton. “Oldida turgan mas’uliyat, uzoq yillardan qolgan merosni eplash mushkul”.

AQSh Tashqi ishlar vazirasi ishsizlik, korrupsiya, ayollar va etnik guruhlar haq-huquqini himoya qilish kabi muammolarni tilga oldi.

Klintonning aytishicha, Obama ma’muriyati Yaqin Sharqdagi siyosatini qayta ko’rib chiqmoqda. “Endilikda asosiy e’tibor hukumatlar emas, xalqlarga qaratiladi. Lekin har bir davlatga munosabat-siyosat alohida bo’ladi”, - deydi vazira.

“Bu murakkab davrda jo’shqin regionga bir qolipda qarash yaramaydi”, - deydi Xillari Klinton.

Qo’shma Shtatlar xalqlar bilan rishtalarni mustahkamlash tarafdori. Regionga milliardlab dollar yordam jo’natar ekanmiz, demokratiya qaror topishidan manfaatdormiz, deydi u. Lekin Amerika uchun terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash hamon ustuvor masala. Inson huquqlari esa eng tansiq qadriyat, deydi Xillari Klinton.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG