Islohot yoki beqarorlik? Yakkahokimlar qay yo'lni tanlaydi?

  • Amerika Ovozi

Suriyada hukumatga qarshi namoyishlar tinmayapti

Suriyada hukumatga qarshi namoyishlar tinmayapti

BMT hisobicha Suriyada sakkiz oy oldin prezident Bashar al-Assadga qarshi qoz’g’olonlar boshlanganidan beri kamida 3500 odam halok bo’lgan. Hims shahri qonli to’qnashuvlar markazi bo’lib qolmoqda. Arab Ligasi Bashar al-Assadni namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatmaslikka undamoqda, lekin bu harakatlar hozircha samara bermagan.

Daraa viloyati, Suriya

Daraa viloyati, Suriya

Shu hafta yakunida Qohirada liga favqulodda majlisga yig’ilib, masalani muhokama qiladi. Suriya hukumati nazarida qo’zg’olonchilar “terroristlar”.

Xalqaro hamjamiyat bu tuzumni xalq dardiga quloq solmayotganlikda ayblamoqda. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton deydiki, Suriya rahbari Arab Ligasiga quruq va’dalar berib, o’z xalqini qirishda davom etmoqda.

AQShning Yaqin Sharqdagi siyosati yuzasidan qilgan kechagi nutqida Klinton xonim o’z fuqarolariga qarshi kuch ishlatgan tuzum uzoqqa bormaydi, dedi.

Hims shahridagi manzara

Hims shahridagi manzara

“Amerika erkinlik va demokratiya istagan odamlarni himoya qiladi va ular bilan yonma-yon turadi”,- deydi Klinton.

Afsuski, deydi u, AQSh har doim ham shunday qilmagan. Islohotlar talabini olg’a surmay, uzoq davr mobaynida arab dunyosidagi avtokrat rahbarlar bilan til biriktirib keldi. Ekstremizmga qarshi kurash yo’lida ular bilan hamkorlik qilib, bu yakkahokimlar siyosatini quvvatlagan.

Bugunga kelib, deydi AQSh bosh diplomati, Qo’shma Shtatlar bu jamiyatlar islohot va o’zgarishga qanchalik chanqoq ekanini tan olmoqda.

Islohot yoki beqarorlik. “Arab bahori” hukumatlarni mana shu ikki yo’ldan birini tanlashga majbur qilmoqda, deydi Klinton xonim.

Namoyishchilar

Namoyishchilar

“Haqiqat shuki, bugun Yaqin Sharq tinchligiga raxna solayotgan omil bu o’zgarish talabi emas, balki o’zgarmaslikka bel bog’lagan rahbarlar. Suriya bunga yaqqol misol. O’z haqqini talab qilib ko’chaga chiqqan oz sonli fuqarolar nishonga olindi va natijada xalq qo’zg’aldi. Endi uni to’xtata olmaymiz”,- deydi Xillari Klinton.

Yaman va Mirsda ham shunga guvoh bo’ldik, deydi AQSh tashqi ishlar vazirasi.

“Bashar al-Assad xalqaro hamjamiyat, jumladan arab ahliga bergan va’dasining birortasini bajarmadi. Vaziyat bilan tanishish uchun na jurnalist, va na arab kuzatuvchilar bu mamlakatga kiritildi. Qurolli kuchlar shaharlarni tark etgani yo’q. Aksincha, Hims singari shaharlar yanada siquvga olindi. Assad o’zgarishlarni kechiktirishi mumkin, lekin xalq istagi hammaga ma’lum. Bu tuzumning kunlari sanoqli”,- deydi Klinton xonim.

Hims shahri

Hims shahri

AQSh Davlat kotibasi Eron, Suriyaning yaqin ittifoqdoshini ham demokratiya dushmani deya tanqid ostiga oldi.

Amerika arab dunyosida hokimiyatga kelgan va kelishga urinayotgan islomiy partiyalar bilan ishlashga tayyor, deydi Klinton xonim, lekin ular qonun ustuvorligi, xotin-qizlar erkinligi va ozchilikdagi guruhlarning haq-huquqlariga bosh egishi lozim.

Isroil-Falastin mojarosiga chek qo’yish Yaqin Sharq uchun asosiy masala, deydi Klinton xonim. AQSh Falastin mustaqil davlat bo’lishini istaydi, lekin Isroil bilan til topishishi kerak. Yahudiy davlat ham murosa qilishga majbur, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG