Breaking News

Sanders va Klinton raqobati demokratlar birligiga putur yetkazadimi?


AQShda prezidentlik uchun demokrat nomzodlar Hillari Klinton va Berni Sanders kurashni davom ettiryapti. Shtat miqyosidagi partiyaviy saylovlarning so'nggilarida Klinton Kentukkida, Sanders esa Oregonda g'olib bo'ldi. Delegatlar soni bo'yicha Klinton ancha oldinda, ammo Sanders ham bo'sh kelmayapti. Ayrimlar partiyada bo'linish yuz berishidan xavotirda.

Berni Sanders Oregonda katta g'alabaga erishdi, ammo Kentukkida kichik hisobda Klintonga mag'lub bo'ldi.

Klinton ancha oldinda bo'lsa ham, Sanders Kaliforniyadagi tarafdorlarini umid uzmaslikka chaqirdi.

"Tepaga chiqish oson bo'lmaydi. Buni bilaman. Lekin biz Filadelfiyaga ko'proq delegat bilan borish imkoniyatiga egamiz", - deydi u.

Yaqinda Nevadada o'tgan demokratlar yig'inida nomzodlar orasidagi ziddiyat aniq ko'zga tashlandi. Sanders tarafdorlari to'polon ko'tardi.

Klinton esa hozirdan e'tiborini respublikachi raqibi Donald Trampga qarshi qaratmoqda.

"Men haqimda shaxsan nimani xohlasa aytishi mumkin. Lekin u hujum qilgan va haqoratlagan har bir amerikalikni himoya qilaman", - deydi u.

Sanders delegatlar soni bo'yicha orqada bo'lsa-da, ortidan ulkan trafdorlar oqimini ergashtira oldi.

So'nggi shtat saylovlarida g'alaba qozonayotani tarixiy hodisa, deydi tahlilchi Vilyam Gelston.

"Yutqazayotgan tomonning oxirida g'alaba qozonishi 1992-yilgi saylovda kuzatilgan. O'shanda Bill Klinton ortda qolayotgan edi, ammo partiya nominatsiyasini qo'lga kiritgan", - deydi u.

Mana shu oxirgi g'alabalar Sanders uchun ta'sir quroliga aylanishi mumkin, deydi tahlilchi Melinda Henneberger.

"Uning maqsadi hozir partiyaga ta'sir qilish. Klintonga ta'sirini o'tkazib, uni so'l taraf siyosatiga o'tkazish", - deydi u.

Nima bo'lganda ham, oxirida Sanders Klinton tarafiga o'tib, partiyani birlashtirishi kerak, deydi Gelston.

"Klintonda ham, Sandersda ham qilish kerak bo'lgan ishlar bor. Lekin tarafdorlarini partiyaga sodiq qoldirish mas'uliyati Sandersda, Klintonda emas", - deydi u.

So'nggi so'rovlarga ko'ra, Tramp va Klinton reytinglari o'rtasidagi tafovut qisqarib boryapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG