Qonunchilar urush cho'zilganidan norozi, ammo prezident strategiyasiga qarshi chiqmayapti

  • Amerika Ovozi

AQSh va fransuz qo'shinlari Afg'onistonda

AQSh va fransuz qo'shinlari Afg'onistonda

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning senatorlarga aytishicha, prezident Obamaning kelasi yil yozigacha 33 ming askarni Afg'onistondan chiqarish qarori oson kechmagan. Klinton Senatdagi tinglovda so'zlar ekan, har ikki partiya qonunchilari tanqidlariga quloq tutib, prezident siyosatini himoya qilishga harakat qildi.

Ayrim xabarlarga ko'ra, Klinton qo'mondonlar kabi askarlarni shoshmasdan chiqarish tarafdori bo'lgan, biroq prezident rejasiga qarshi chiqmadi.

"Siyosiy va harbiy arboblarni suhbatga tortsangiz, ushbu masalada hammadan har xil fikr chiqadi. Ammo prezidentning qarorini eng to'g'risi deb hisoblayman. Davlat rahbari ham urushning cho'zilib ketganidan tashvishda", - deydi Klinton.

Senatorlar afg'on urushini 2001-yilda bir ovozdan yoqlagan, ammo bugungi sharoitda tashqi siyosatga molik boshqa masalalar va byudjet kamomadini kamaytirish ehtiyojini hisobga olishimiz zarur, demoqda.

Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi a'zosi, Indiana shtatidan saylangan keksa senator Richard Lugar Obama ma'muriyatini Afg'onistondagi maqsadlarini aniqroq belgilashga, AQSh xavfsizligiga tahdid nafaqat Afg'onistondan, balki so'nggi 10 yilda boshqa nuqtalardan ham taralayotganini inobatga olishga chaqirdi.

"Yamanni oladigan bo'lsak, Amerikaga qarshi navbatdagi terror xuruji mana shu davlatda rejalanishi mumkinligini Oq uyning o'zi tan olmoqda. Al-Qoida so'nggi paytda Pokistonda ham kuchaygan. Agar Afg'onistondagi asosiy maqsadimiz global terrorga qarshi kurash bo'lsa, diqqatni Pokiston, Yaman, Somali, Shimoliy Afrikaga qaratishimiz kerak", - deydi senator Lugar.

Demokrat senator Dik Durbin nazarida Qo'shma Shtatlar strategik manfaatlariga uncha muhim bo'lmagan mojaro uchun yiliga bir necha yuz askar va 120 milliard dollarni qurbon qilmoqda.

"Hozirgi damda Afg'onistonda vazifamiz nimadan iborat ekanini tushunolmay qoldim. Afg'on rahbariyatiga ishonmayman - ularda na layoqat va na haqqoniylik bor. Bu qashshoq va qoloq mamlakatni deb ko'kka sovurilayotgan pullarimizga achinaman", - deydi qonunchi.

Xillari Klinton deydiki, Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda jangovar missiyasini 2014-yilda yakunlashga kelishgani bilan ayrim qo'shinlar undan keyin ham mamlakatda qoladi. Hozir afg'on hukumati bilan shu haqda muzokara ketmoqda.

Prezident Obamaning AQSh qo'shinlarini Afg'onistondan chiqarish rejasiga Vakillar Palatasidagi qonunchilar turlicha munosabat bildirmoqda. Rejaga qarshilar o'z navbatida bir necha guruhga bo'lingan. Demokrat va respublikachilarning Kongressdagi rahbarlari kam hollarda til topishsa-da, bu masalada ularning pozitsiyasi o'xshash.

Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner Afg'onistonda erishilgan yutuqlarni qo'ldan boy bermoqchi emasmiz, deydi.

"Harbiy rahbariyatning prezident strategiyasidan ko'ngli to'q. Agar Obama mintaqada xizmat qilayotgan qo'mondonlar va diplomatlarimiz tavsiyalari asosida shu qarorga kelgan bo'lsa, men uning rejasini qo'llab-quvvatlayman", - deydi spiker.

Demokratlarning palatadagi sardori, sobiq spiker Nensi Pelosi qo'shinlar prezident Obama rejasidan ham oldinroq uyga qaytadi, degan umidda.

"Prezident afg'on urushiga chek qo'yayotgani yaxshi xabar. Buning uchun jadval belgilagani ijobiy hol".

Ammo rejaning tanqidchilari ham yo'q emas.

"Afg'onistonda yana bir-ikki yil qolganimiz bilan asrlar mobaynida davom etib kelayotgan qabilalararo muammoni hal eta olmaymiz. Askarlarning barchasini qaytarish kerak", - deydi Oregon shtatidan demokrat-kongressmen Piter Defazio.

Respublikachilar orasida ham tanqidchilar bor. Bu urush tarafdorlari, ular askarlarning kamaytirilishiga qarshi. Urushga qarshilar prezident kam askar chiqarmoqda desa, tarafdorlar, aksincha, Afg'onistonda kam odam qolyapti, deydi.

Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi Bak Makeonning aytishicha, prezidentning bu qarori natijasida AQSh va ittifoqchi qo'shinlar so'nggi bir yarim yilda qo'lga kiritgan yutuqlar chipakka chiqib, Afg'onistonda saflari siyraklashayotgan qo'shinlar xavfsizligi tahdidga uchraydi.

"Bundan tashqari tinchlikka moyil toliblar bilan muloqot ehtimoli pasayadi, chunki qo'shinlarimiz ketayotganini ko'rgan jangarilar muzokaraga ko'nmasligi mumkin".

AQSh Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari admiral Mayk Mullen deydiki, askarlar sonini qisqartirib tavakkal qilyapmiz, tavakkalsiz esa, deydi u, ish bitmaydi.

"Bir necha ming qo'shin chiqqani bilan missiya yakunlandi degani emas. Axir o'tgan yili safarbar etilgan 30 ming qo'shinning bir qismi xizmatini yakunlayapti, xolos", - deydi admiral.

Sobiq prezident Jorj Bush Afg'onistonga qo'shin kiritmoqchi bo'lganida, Kongress uning qarorini bir ovozdan ma'qullagan edi. Urushdan 10 yil o'tib jamoatchilikning toqati toq bo'lgan bo'lsa-da, Kongress missiyadan yuz o'girgani yo'q. Hozir ham qonunchilar prezident Obama yo'liga g'ov bo'lmoqchi emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG