Klinton fikricha, Assad Suriyani boshqarishga loyiq emas

  • Amerika Ovozi

“Assad g’alayondan omon chiqaman, zo’ravonlik va repressiyani davom ettiraman desa adashadi",- deydi AQSh Davlat kotibasi

“Assad g’alayondan omon chiqaman, zo’ravonlik va repressiyani davom ettiraman desa adashadi",- deydi AQSh Davlat kotibasi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha, Suriya prezidenti Bashar al-Assad davlatni boshqarishga loyiq emas. Fransiya ham shunday fikrda va BMT Xavfsizlik Kengashidan Assadga nisbatan chora ko’rishni so’ramoqda.

Suriya hukumati qo’zg’olonchilar bilan mart oyidan beri olishib keladi. Amerika bu xatti-harakatni xalqqa qarshi zulm deb biladi va Davlat kotibasi Xillari Klinton kechagi chiqishida “Assad toabad rahbar bo’la olmaydi” degan.

“Assad g’alayondan omon chiqaman, zo’ravonlik va repressiyani davom ettiraman desa adashadi. Bu ma’muriyat bilan yuritadigan ishimiz yo’q”, - deydi u.

Fransiya Bosh vaziri Fransua Fiyon fikricha, Bashar al-Assad boshqaruvni eplashga qiynalib qolgani muqarrar.

Hukumat tarafdorlari AQShning Damashqdagi elchixonasiga hujum qilib, binoga katta bayroq osgan

Hukumat tarafdorlari AQShning Damashqdagi elchixonasiga hujum qilib, binoga katta bayroq osgan

“BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya masalasida sukut saqlayotgani noma’qul. Rossiya va Xitoy muhokamaga yo’l bermayapti”, - deydi Fiyon.

Xillari Klinton kuni kecha AQSh va Fransiyaning Suriyadagi elchixonalariga qilingan hujumlarni qoralamoqda.

AQSh rasmiysi Assad ma’muriyatini xalq isyonidan atayin e’tiborni chalg’itishga urinayotganlikda aybladi. “Xalqaro majburiyatlarga amal qilib, xorij diplomatlarini himoya qiling”, - deya talab qildi Klinton.

Uning aytishicha, Suriya hukumati namoyishlarni bostirish uchun Erondan yordam olmoqda.

Suriya Klintonning tanqidini mutlaqo rad etmoqda. Bu bayonotlar AQShning buzg’unchi siyosatini isbotlaydi, deydi bu davlat rasmiylari.

Dushanba kuni Assadga xayrixoh omma Amerikaning Damashqdagi elchixonasiga hamla qilgan. Bino oynalarini sindirib, devorlarga haqorat va nafratga to’la so’zlar yozgan va imorat uzra Suriya bayrog’ini ko’targan.

Fransiya elchixonasiga ham kecha ahvol shu edi. Elchixonaning uch xodimi jarohatlanib, soqchilar havoga o’q uzishga majbur bo’lgan.

Bu hujumlar AQSh va Fransiya elchilarining namoyishlar o’chog’i bo’lmish Hama shahriga tashrifiga javob deya ko’rilmoqda.

Suriya Tashqi ishlar vazirligi Erik Shevalye va Robert Fordning tashrifini o’zga davlat ichki ishlariga aralashuv, tinchlikka raxna solish deya ta’riflagan.

Assadga xayrixoh fuqarolar namoyishi

Assadga xayrixoh fuqarolar namoyishi

AQSh Tinchlik Institutidan olima Robin Rayt nazarida Qo’shma Shtatlar Suriyaga nisbatan harbiy chora ko’rmasa kerak.

“Lekin elchi Robert Ford Hama shahriga borib, Amerika erkinlik va huquq tarafdori ekanini, xalqqa zulmni qoralashini namoyish etdi”, - deydi Rayt xonim.

Huquq faollari mart oyidan beri mamlakatdagi to’polonda 1600 odam jon berganini aytib, armiyani ayblaydi. Prezident Assad esa talofatlar terrorchi va jangarilar ishi ekanini uqtiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG