AQSh Davlat kotibi Toshkentda qayerga bormasin, huquq haqida gapirdi


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton "General Motors" zavodidan turib, Markaziy Osiyo Texnologiya Biznes Dasturini e'lon qildi, 23-oktabr 2011

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton "General Motors" zavodidan turib, Markaziy Osiyo Texnologiya Biznes Dasturini e'lon qildi, 23-oktabr 2011

22-23-oktabr kunlari Toshkentda prezident Islom Karimov va boshqa rasmiylar bilan muzokara qilgan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton deydiki, O’zbekiston ko’p jihatdan muhim davlat.

Markaziy Osiyo xavfsizligi va faravonligini ta’minlashda O’zbekiston o’ziga xos rol o’ynaydi, deydi Klinton.

Amerika -O’zbekiston hamkorligi Afg’oniston va Shimoliy Ta’minot Tizimi bilangina cheklanmaydi, deydi arbob. Xalqaro koalitsiyaga yuk tashuvchi bu yo’nalish hozir strategik ahamiyatga ega. Afg’onistonda tinchlikka erishish - ustuvor maqsad.

Lekin, deydi Xillari Klinton, Obama ma’muriyati O’zbekiston bilan iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda ham hamkorlik qilishni istaydi. AQSh siyosatining yana bir ajralmas qismi, deydi bosh diplomat, O’zbekistonda demokratiya rivojiga hissa qo’shish. Bu esa ikki davlat orasida aloqalar o’rnatilganidan beri eng nozik masala bo’lib qolmoqda.

AQSh Davlat kotibining O'zbekistonga tashrifidan har ikki tomon mamnun

AQSh Davlat kotibining O'zbekistonga tashrifidan har ikki tomon mamnun

Toshkentda “Ezgulik” Inson Huquqlari Jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov Klinton safarini kuzatar ekan, Amerika erkinlik targ’ibotini chetga surmagan deydi.

Klinton xonim “General Motors” qo’shma korxonasini ko’zdan kechirayotib yaxshi gaplar aytdi, deydi huquq faoli.

“O’zbekiston agar taraqqiyotga erishmoqchi bo’lsa, AQSh singari inson huquqlari va demokratiyani ustuvor yo’nalish deb tanlab, uni o’z mezoni sifatida aks ettirishi kerak degan gaplarni aytdi Amerika davlat kotibi”.

Klinton xonim "GM O'zbekiston" ishlab chiqargan motorlarni ko'zdan kechirmoqda

Klinton xonim "GM O'zbekiston" ishlab chiqargan motorlarni ko'zdan kechirmoqda

AQSh rasmiysi O’zbekistonning ilmiy salohiyatini yuqori baholaydi. Buyuk olimlar va kashfiyotchilar chiqqan bu zamindan, deydi. Klinton xonim fikricha Toshkentdagi “General Motors” avtomobilsozlik zavodi AQSh-O’zbekiston iqtisodiy hamkorligining yorqin namunasi.

Qisqacha "GM-O’zbekiston" deb ataladigan korxona bu yili AQSh Davlat departamentining korporatsiyalarga beriladigan mukofotiga sazovor bo’lgan. Kompaniya har ikki mamlakatda ish o’rinlari yaratib, iqtisodiy taraqqiyot yo’lida xizmat qilmoqda, deydi Klinton.

AQSh tashqi ishlar vazirasi u yerdan turib, Markaziy Osiyo Texnologiya Biznes Dasturi (Central Asian Technology Entrepreneurship Program) degan tashabbusni e’lon qildi. Maqsad O’zbekiston va qo’shni davlatlarda texnolog-ishbilarmonlarning yangi avlodini rag’batlantirish. Sakkiz g’olib tanlanib, har biriga 20 ming dollarlik sovrin beriladi va g’oliblar orasidan biri tanlanib, Silikon Vodiysi, Kaliforniya shtatidagi texnologiya o’chog’iga boradi. G’olib taklif qilgan loyihaga sarmoyador topish uchun.

“Mening davlatimda ishbilarmonlik qadrlanadi va O’zbekistonda ham shunday bo’ladi degan umiddamiz. Jahon bozorida o’z o’rniga ega bo’lishi uchun O’zbekiston qonun ustuvorligi, demokratiya sari, inson huquqlarini e’zozlash tomon ildam qadam tashlashi kerak”,- deydi Klinton.

Klinton xonim O'zbekistonda ishlab chiqarilgan "Chevrolet Spark" avtomolini sinab ko'rmoqda

Klinton xonim O'zbekistonda ishlab chiqarilgan "Chevrolet Spark" avtomolini sinab ko'rmoqda

AQSh bosh diplomati Toshkentda nohukumat tashkilotlarga tashrif buyurgan, ularning ishi bilan tanishgan.

Klinton xonim Amerika elchixonasida huquq himoyachilari va faol ayollar bilan yuzma-yuz suhbat qilgan. Uchrashuvga faqat ikki mustaqil huquqbon taklif qilingan. Qolganlar hukumat nazoratidagi, uning ko’z-qarashini ifoda etadigan muassasalarning vakillari.

Klinton xonim Toshkentda fuqaro jamiyati a'zolari bilan

Klinton xonim Toshkentda fuqaro jamiyati a'zolari bilan

AQSh elchixonasi tadbir haqida biror ma’lumot bermaydi, lekin uning bugungi yondashuvini tushunsa bo’ladi, deydi ayrim tahlilchilar. Klinton xonimni ataylab hukumatga yaqin tashkilotlarning vakillari bilan uchrashtirishgan bo’lishi mumkin. O’zbekiston hukumati “bizda fuqaro jamiyati bor” deb keladi. Qani o’sha jamiyat a’zolari kimlar va nima bilan mashg’ul? Amerika balki mana shuni bilishga harakat qilmoqda.

“Mana shu gapda jon bor. Chunki Tojikistonda fuqarolik jamiyati vakillaridan biri Xillari Klintondan “O’zbekistondek bir avtoritar, huquq bobida qoloq davlatga borasizmi?” deb so’raganida, albatta, birinchi navbatda muloqot bo’lishi kerak, usiz bunday davlatlarga ta’sir qilib bo’lmaydi degan gapni aytgan Klinton.Haqiqatdan ham Amerika bizning dardimizni biladi. Qanday masalalarni ko’tarishimizni, inson huquqlari borasida nima deyishimizni albatta biladi",- deydi Abdurahmon Tashanov, "Ezgulik" vakili.

Xillari Klinton Toshkentdagi Salomatlik markazida bo'ldi. Mutaxassislar va maskan rahbari Dr.Dilmurod bilan muloqot qildi.

Xillari Klinton Toshkentdagi Salomatlik markazida bo'ldi. Mutaxassislar va maskan rahbari Dr.Dilmurod bilan muloqot qildi.

"Shu bois hukumat nazoratidagi tashkilotlarning vakillari bilan uchrashgan bo’lishi mumkin. Endi, bu yerda yana bir masala bor. Ikki davlat munosabatlarida o’ziga xos ehtiyotkorlik sezilmoqda. O’tgan 5-6 yil davomida munosabatlar juda past nuqtaga tushib qolgan edi. Hozir diplomatiya tiklanmoqda. Xavfsizlik masalasi bo’lsa ham, O’zbekiston hukumatining asabiga tegmaylik, jahlini chiqarmaylik deb mana shunday ehtiyotkorona harakat qilinayotgan bo’lishi mumkin”,- deydi huquq faoli.

“Xillari Klinton xonim o’tgan safar kelganida ham aloqalarni bosqichma-bosqich mustahkamlash haqida gapirgan edi. Shunday ekan, biz umid qilamiz, kelasi safar kelganida, inson huquqlari bo’yicha vaziyatni bevosita tanqid ostiga olib, bizga o’xshagan asl ahvoldan yaxshi xabardor va bugungi vaziyatni real aks ettiradigan fuqaro jamiyati vakillari bilan uchrashadi”.

Quyida AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning Toshkent safarini aks ettiruvchi suratlar:

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG