Klinton: Terrorchilarni o'ldirish bilan ish bitmaydi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovudo'g'li bilan, 7-iyun, 2012

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovudo'g'li bilan, 7-iyun, 2012

Afrika va Yaqin Sharq mintaqasida terrorizmga qarshi samarali kurashish uchun razvedka xizmatlari xalqaro miqyosda hamkorlik qilishi zarur. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bu haqda Turkiyada shu mavzuda o’tayotgan anjumanda so’zladi.

Uning aytishicha, 2001-yilda Amerikaga qaqshatqich zarba bergan al-Qoida terror tizimi mag’lubiyat yoqasida turibdi, lekin bu terrorizmni yengdik degani emas.

“Mali, Somali va Yamanda ular katta hududlarni nazorat qiladi. Niger va Shimoliy Afrikada xurujlar uyushtiradi. Turkiyaning o’zida ham Kurdiston Ishchilar partiyasi terror va zo’ravonlik kampaniyasini olib borib, o’n minglab odamning hayotiga zomin bo’lgan”, - deydi Xillari Klinton.

Tahdidni bartaraf etishning eng samarali yo’llaridan biri harbiy va no-harbiy usullarni birgalikda qo’llashdir. Bir paytning o’zida razvedka, huquq-tartibot, diplomatiya, taraqqiyot dasturlari va gumanitar madadga zo’r berish kerak.

“Terrorchilarni jang maydonidan siqib chiqarishning o’zi yetarli emas. Homiylari, moliyaviy manbalar, mafkura va, ayniqsa, yoshlarni ularga ergashishga undayotgan omillarni o’rganish kerak”, - deydi Amerika tashqi ishlar vazirasi.

Istanbuldagi konferensiyada so’zlagan Xillari Klinton, shuningdek, xotin-qizlar uchun sharoitni yaxshilash va imkoniyatlarni ko’paytirishga urg’u berdi. Jamiyat farovonligi va xavfsizligi bu sa’y-harakatlar bilan chambarchas bog’liq, deydi u.

Aksil-terrorizm haqida gap ketganda, strategiya doimo maqsadga muvofiq bo’lishi kerak. Xavfsizlik deb inson huquqlarini toptash, qiynoq va zo’ravonlik qo’llash qonun ustuvorligini yemiradi, jamiyatda radikal kayfiyatni oziqlantiradi, deya eslatadi Klinton.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG