Xillari Klinton Tojikiston va O'zbekistonga safar qilmoqda


Xillari Klinton Tojikiston va O'zbekistonga safar qilmoqda

Xillari Klinton Tojikiston va O'zbekistonga safar qilmoqda

AQSh Davlat departamenti nihoyat bu tashriflar haqidagi ma'lumotlarni tasdiqladi. Safar haqida bir necha kun oldin ma'lum bo'lgan edi.

Davlat kotibasi bu ikki davlat rahbarlari bilan hamkorlikni kengaytirish va qo'shni Afg'onistondagi vaziyat haqida gaplashadi.

22-oktabr kuni Dushanbeda prezident Emomali Rahmon va Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy bilan muzokara kutilmoqda, Xillari Klinton fuqaro jamiyati faollari bilan ham uchrashadi.

O'zbekistonda ham shunday muloqotlar rejalangan. Avval prezident Islom Karimov va Tashqi ishlar vaziri Elyor G'aniyev bilan muzokaralar, undan keyin esa inson huquqlari himoyachilari va faollar bilan suhbat.

Shuningdek, Klinton xonim Amerika-O'zbekiston biznes hamkorligining yorqin namunasi deya ko'rsatiladigan "General Motors Powertrain" zavodi bilan tanishadi.

Davlat departamentining bildirishicha, Texnologik hamkorlik bo'yicha Markaziy Osiyo dasturi va bu sohada sovrin uchun tanlov e'lon qilinadi.

O'tgan oy O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Vashingtonda bo'lgan va Klinton bilan uchrashgan edi. Prezidentlar Barak Obama va Islom Karimov ham sentabr oxirida telefonda muloqot qilib, aloqalarni yaxshilashga kelishib olgan.

Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash - Amerika tashqi siyosatidagi asosiy masala. Shunday ekan, deydi rasmiylar, bu mamlakatning qo'shnilari bilan hamkorlik qilishga majburmiz.

Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash - Amerika tashqi siyosatidagi asosiy masala. Shunday ekan, deydi rasmiylar, bu mamlakatning qo'shnilari bilan hamkorlik qilishga majburmiz.

O'zbekiston va AQSh rasmiylari bugungi hamkorlik faqat Afg'oniston bilan bog'liq degan xulosani inkor etadi. Lekin asosiy diqqat notinch Afg'onistonda ekani tan olinadi. 10 yillik urushni tezroq tugatib, tinchlikka erishish Vashington oldida turgan asosiy vazifalardan biri.

Amerika diplomatlarining ta'kidlashicha, nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan serqirra aloqa, siyosiy-iqtisodiy-madaniy hamkorlikni birdek yaxshilash ham prioritet sifatida belgilangan.

Klinton tashrifi oldidan G'arb matbuotida qator tanqidiy materiallar chiqdi. Masalan, "CNN" telekanalining internetdagi sahifasida chop etilgan sharh "Amerika hukumatini O'zbekistondagi diktatura" bilan ehtiyot bo'lishga undaydi.

Afg'oniston bo'yicha hamkorlik zarur ekani tushunarli, deydi Endryu Strolen (Andrew Stroehlein), Bo'hronlarni o'rganuvchi xalqaro tashkilot yetakchi mutaxassisi. Bu guruh O'zbekistonni beqarorlik yoqasida turgan jamiyatlardan biri deb izohlaydi. Karimovning umri bitib, prezidentlik kursi bo'shagach, mamlakatda nima bo'lishi qorong'u, deydi Strolen.

Uning yozishicha, Amerika bir tomondan erkinlik va demokratiya elchisiman deya ko'krak kerib, arab dunyosida uzoq yillik diktatorlarni ag'darayotgan inqilob va qo'zg'olonlarni olqishlab, ikkinchi tomondan "Islom Karimovdek zolim rahbar"ga tayana olmaydi.

O'zbekiston Afg'onistondagi xalqaro koalitsiyaga yuk tashiladigan Shimoliy Ta'minot Tizimida muhim rol o'ynab kelmoqda. Kelasi yildan boshlab yukning 75 foizi aynan O'zbekiston hududidan o'ta boshlashi kutilmoqda.

Aytish joiz, Davlat departamentining yillik hisobotlarida O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq ahvol og'ir deb baholanadi. Kongress, AQSh qonunchilik organida, Islom Karimovning ashaddiy tanqidchilari ko'p. Ular Obama ma'muriyatini respublikadagi vaziyatga ko'z yummagan holda ish yuritishga undamoqda.

Lekin Davlat departamenti nazarida O'zbekiston bilan yo'lga qo'yilgan muntazam muloqot samara bermoqda. Bir necha siyosiy faollar qamoqdan ozod etildi. O'zbekiston konstitutsiyasiga o'zgartirishlar kiritildi. Prezident vafot etsa yoki boshqa biror sabab bilan prezidentlik o'rni bo'shasa, Senat raisi muvaqqat rahbarga aylanadi va uch oy ichida yangi saylov o'tishi kerak bo'ladi.

So'z va matbuot erkinligi bobida, fundamental huquqlarni ta'minlashda respublikada qilinadigan ishlar ko'p, deydi rasmiylar, lekin Vashington "qoralash siyosatini emas, muloqot va fikr almashish strategiyasini tanlagan".

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG