Klinton: Eron harbiy diktatura sari yo'nalmoqda

  • Amerika Ovozi

"Amerika Ovozi' bilan suhbatda AQSh bosh diplomati Eron yoshlaridan tushgan savollarga javob berdi

"Amerika Ovozi' bilan suhbatda AQSh bosh diplomati Eron yoshlaridan tushgan savollarga javob berdi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha Eronda Inqilobiy Gvardiya tobora kuchayib, boshqaruv harbiy diktaturaga aylanmoqda.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda, Klinton xonim Eron ahli, ayniqsa yoshlariga murojaat qilib, Amerika ularni quvvatlashini, erkinlik istagan avlod vakillarini olqishlashini aytdi.

AQSh, deydi bosh diplomat, Eron bo’yicha internet-elchixona ochadi. Bu bilan Obama ma’muriyati islomiy respublika global tarmoqqa qo’ygan to’siqlarni bartaraf etmoqchi.

Klinton xonimning aytishicha, Eronda prezidentlik lavozimi bekor qilinishi mumkin. Buni tasdiqlovchi ma’lumotlar bor, deydi u.

Eron oliy peshvosi Oyatulla Ali Hominiy

Eron oliy peshvosi Oyatulla Ali Hominiy

“Inqilobiy Gvardiya, islomiy tuzumni himoya qiluvchi maxsus kuchlar, endilikda iqtisodni ham qo’lga ola boshlagan. Xususiy sektor ustidan nazorat o’rnatmoqda”,- deydi Klinton xonim.

Obama ma’muriyati Eronga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etish ustida bosh qotirmoqda. Eronni yadroviy maqsadlaridan qaytarish kerak, deydi tashqi ishlar vazirasi.

“BMT bu davlatga nisbatan eng kuchli cheklovlar qo’ygan, chunki Eron atom qurollari ustida ishlayotgani oydek ravshan. Yashirin harakatlar qilib, maxfiy inshootlar ochib, xalqaro hamjamiyatga yolg’on informatsiya berayotgan Eron yadroviy qurollar yaratishga urinmoqda. Bunga erishsa, bu hamma uchun tahdid”,- deydi Klinton xonim.

"Quds" - Inqilobiy Gvardiyaning eng kuchli qanoti

"Quds" - Inqilobiy Gvardiyaning eng kuchli qanoti

Amerika ikki qirrali siyosat olib bormoqda, deydi Xillari Klinton. Biri sanksiyalar, ikkinchisi esa diplomatiya.

Oktabr oyining boshlarida AQSh Adliya vazirligi Eron Vashingtonda Saudiya Arabistoni elchixonasi va elchisiga hujum qilmoqchi bo’lgan degan da’vo bilan chiqqan edi. Bir kishi qo’lga olingan. Rasmiylarning aytishicha, xuruj ortida Inqilobiy Gvardiya va uning “Quds” qanoti turibdi. Eron hukumati “bu tuhmat” deydi.

Klinton xonimning qayd etishicha, Amerika Eron bilan urushmoqchi emas. Lekin, deydi u, “biz Eronda demokratiya va islohot talab qilayotgan kuchlarni quvvatlaymiz”.

"Amerika Ovozi" Eronda fors tilida sun'iy yo'ldosh orqali efirga chiqadi. Islomiy respublika rahbariyati axborot oqimini cheklab keladi, lekin ma'lumot istagan odamlar to'siqlarni yorib kirish yo'llarini topmoqda.

"Amerika Ovozi" Eronda fors tilida sun'iy yo'ldosh orqali efirga chiqadi. Islomiy respublika rahbariyati axborot oqimini cheklab keladi, lekin ma'lumot istagan odamlar to'siqlarni yorib kirish yo'llarini topmoqda.

“Amerika Ovozi” Eronda katta auditoriyaga ega. Kundalik va haftalik siyosiy-ijtimoiy teledasturlar va eshittirishlar sun’iy yo’ldosh orqali efirga chiqadi. Qolaversa, internetda millionlab eronliklar “Amerika Ovozi” yangilik va maqolalarini o’qiydi, reportaj va tahliliy ko’rsatuvlarini tinglab tomosha qiladi.

AQSh Davlat kotibasi “Parazit” deb nomlangan ommabop dastur mehmoni bo’ldi. Siyosiy satira shaklida taqdim etiladigan bu shou asosan Eron yoshlarini o’ziga jalb etadi.

“Kelajak sizning qo’lingizda”,- deydi Klinton xonim bevosita ana shu tomoshabinlarga murojaat qilar ekan.

Siyosiy satira ko'rinishidagi "Parazit" fors tilidagi ommabop shoulardan biri

Siyosiy satira ko'rinishidagi "Parazit" fors tilidagi ommabop shoulardan biri

“Biz Eronda tuzum o’rgarishini, siz erkin nafas olib, davlatingiz demokratik va ochiq bir jamiyatga aylanishini istaymiz”,- dedi u, “toki inson huquqlari va umumbashariy qadriyatlar e’zozlansin”.

“Biz yaqinda Tehronda virtual elchixona ochamiz. Eron bilan diplomatik aloqada emasmiz, lekin siz bilan yanada yaqindan bog’lanishni istaymiz. Bu veb sayt shu yil oxiriga borib ishga tushadi ”,- deydi AQSh tashqi ishlar vazirasi.

Klinton xonimga Erondan minglab savollar tushgan. “Amerika Ovozi” orqali u bu iltimos va mulohazalarning ayrimlariga javob berdi.

“Amerikaga kelib bilim olmoqchi bo’lsangiz, marhamat, biz quchoq ochib kutib olamiz. Xalqlarimiz bir-biriga yaqinlashsin deymiz”, - deydi Xillari Klinton.

AQSh Davlat kotibasi bilan suhbatni mana bu yerda tomosha qiling, ingliz tilida:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG