Klinton senator Tim Keynni vitse-prezidentlik uchun nomzod qilib tanladi

  • Amerika Ovozi

Senator Tim Keyn (o'ngda) prezidentlik uchun demokratlar nomzodi Hillari Klinton bilan, 14-iyul, 2016-yil.

Senator Tim Keyn (o'ngda) prezidentlik uchun demokratlar nomzodi Hillari Klinton bilan, 14-iyul, 2016-yil.

Prezidentlik uchun demokrat nomzod Hillari Klinton virjiniyalik senator Tim Keynni o'ziga vitse-prezidentlik uchun nomzod qilib tanlaganini e'lon qildi.

Keyn tajribali demokrat siyosatchi bo'lib, mo'tadil qarashlari bilan tanilgan. U Donald Trampdan norozi, ammo Klintonni ham qabul qila olmayotgan ko'plab amerikaliklarni o'ziga jabl etishi umid qilinmoqda.

"U hech bir saylovda yutqazmagan. U dunyo miqyosidagi mer, gubernator va senator bo'lgan va men bilgan eng hurmatli senatorlardan biri", - dedi Hillari Klinton.

Keyn yangilikka "Twitter" orqali munosabat bildirib, vitse-prezidentlik poygasida qatnashishdan faxrlanishini izhor qildi.

58 yoshli Keyn Minnesota shtatida tug'ilgan va Garvard universitetida tahsil olgan huquqshunos. Amaldagi Prezident Barak Obama ham Garvard universiteti huquqshunoslik maktabini bitirgan.

Keyn o'qishi davomida bir yil tanaffus olib, Gondurasda bir yil o'qituvchi va katolik missioneri bo'lib ishlagan.

U Markaziy Amerikada qashshoqlik nima ekanini o'z ko'zi bilan ko'rganini va uning inson ruhiyatiga qanday ta'sir qilishini yaxshi tushunishini aytadi. Bu davrda u noqonuniy muhojirlarga AQShda hujjat olishiga ham yordam bergani aytiladi. Ayni tajriba unga ispanzabon saylovchilar ovozini olish imkoniyatini berishi mumkin.

Keyn siyosiy faoliyatini Virjiniya shtati Richmond shahar kengashidan boshlagan. So'ng shahar meri, 2002-yil esa Virjiniya shtati gubernatori yordamchisi etib saylandi. 2006-yil shtat gubernatori bo'ldi. 2012-yil AQSh Senatiga saylanishidan oldin Demokratlar milliy qo'mitasi raisi lavozimida ishlagan.

Senatda Tashqi aloqalar qo'mitasi hamda Qurolli xizmatlar qo'mitasi a'zosi sifatida xalqaro munosabatlar bo'yicha tajriba to'plagan.

O'zini katolik sanovchi Keyn shaxsan abortga qarshi ekanini, ammo boshqalarning tanlov ixtiyorini hurmat qilishini aytadi.

U liberallar va konservativlar birdek qoralagan Trans-Tinch okeani hamkorligi savdo kelishuvini qo'llab-quvvatlaydi.

Vitse-prezidentlik uchun Keynning tanlanishi ko'plab progressiv demokratlarga yoqmasligi mumkin. Chunki ijtimoiy ilg'or g'oyalarni olg'a surgan raqibi Berni Sandersdan so'ng Klinton liberal nomzodni o'ziga sherik qilib olishi kutilayotgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG