Tabiatparvarlikni modaga aylantirayotgan kompaniya

  • Amerika Ovozi

“United By Blue” deb nomlangan kompaniya kiyim-bosh ishlab chiqaradi. Ekologiyani toza saqlash borasida yaqinda antiqa bir loyiha boshladi. Undan sotib olingan har bir dona mahsulot uchun kompaniya okean va daryolardan yarim kilo chiqindini tozalashga va’da bermoqda. So’zining ustidan chiqayapti ham.

Ona tabiatni yemirayotgan omillar ko’p. Insoniyat kuniga tonnalab axlat tashlaydi. Okean va daryolarga har yili 6 milliard kilogram chiqindi tushishi haqiqiy inqiroz. Butun ekologik tizimni zaharlaydi.

Brayan Linton ana shu muammoga e’tibor qaratmoqda. 2010-yilda o’z kompaniyasini tuzganida, suv tozaligi uchun kurashni maqsad qilib oldi.

“Jamiyat uchun foydali ishga qo’l ursak, biznes ham muvaffaqiyatli bo’ladi. Tabiatni asrashga ham hissa qo’shgan bo’lamiz".

“United By Blue” kompaniyasi uchun muhimi nafaqat moda, balki ekologik ogohlikni oshirish hamdir. Har yili yozda haftasiga kamida bir marta tozalash tadbirlari o’tkazadi. Hasharda xodimlar va ko’ngillilar ishtirok etadi.

“Birgalashib, katta natijaga erishish mumkin. Tez-tez o’tkazib turilsa, hammaga foydasi tegadi,” - deydi ko'ngillilardan biri Elli Kanestri.

Kollej talabasi Nik Tannahil kursdoshlari bilan ikkinchi marta hasharga chiqishi. Qoldirmasdan kelamiz, deydi u.

“Hashar do’stlarim bilan bir davrada bo’lish degani. Hozir o’qish bilan band emasmiz, ish tashvishi ham hozircha yo’q. Bu yerda ishlasak mahallaga, jamiyatga foyda keltiramiz. Eng muhimi shu”.

O’tgan yili kompaniya xodimlari 60 marotaba hasharga chiqishdi. 36 tonna chiqindi tozalandi. Okean tozaligini saqlash barchaning mas’uliyati, deydi ular.

“O’zimiz yashayotgan joy atrofidagi suv havzalari, daryo va sohillarni tozalamasak, bu ishni kim qiladi? Chiqindilar okeanga oqib ketishi natijasida jonivorlar nobud bo’ladi, dengiz mahsulotlari zaharlanadi,” - deydi Alli Blum.

“United By Blue” firmasi har bir hasharga 5 ming dollargacha mablag’ sarflaydi. Xodimlar maoshi, hasharchilar uchun oziq-ovqat, chiqindini axlatxonalarga olib borish xarajatlari. Lekin shu sababli ham kompaniya mahsulotlari mijozlar orasida keng tanilyapti.

“Bunday tadbirlarni reklama uchun uyushtiradigan bizneslar ko’p. Lekin Brayan bu ishga juda samimiy, sidqidildan yondashayotgani uchun o’z biznesida ham muvaffaqiyatga erishdi,” - deydi biznes bo'yicha mutaxassis Jeyn Lukas.

Darhaqiqat, biznesni tabiatparvarlik bilan uyg’unlashtira olgan kompaniyalar ko’p emas.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG