Qirg'iziston sport muallimlari AQShda hamkasblar, o'yinlar bilan tanishdi


Qirg'izistonlik jismoniy tarbiya o'qituvchilari Vebster Grovs (Webster Groves High School) maktabi o'quvchilari bilan ko'rishdi

Qirg'izistonlik jismoniy tarbiya o'qituvchilari Vebster Grovs (Webster Groves High School) maktabi o'quvchilari bilan ko'rishdi

Qirg’izistondan jismoniy tarbiya muallimlari shu oy Amerikaga kelib, hamkasblar bilan, sportning yangi turlari bilan tanishdi.

Qirg’iz, o’zbek, tojik, dungan, rus, tatar, koreys qiz-o’g’illar bilan kunda ko’rishadigan ustozlar mojaro, nafratni yengishda sportning qudrati haqida fikrlashdi. O’qituvchilarni Vashingtonda asoslangan, mustahkam ta’lim va fuqaro jamiyatini targ’ib qiluvchi IREX nodavlat tashkiloti taklif qildi.

Besh muallim. Qirg’izistonning har yerida oddiy maktablarda jismoniy tarbiya fanini o’qitayotgan, g’aribgina sport xonalariga bolalarni chorlab, qiziqtiraman deb kuyib-pishgan fidoiylar.

Amerikada sport dunyosiga havasi kelib qaradi ular. Ulardan biri Nurlan Asanbayev Issiqko’l viloyati, Qorako’l shahrida 27 yildan beri dars beradi.

“Amerikada sport juda muhim ekan. Bolalikdan sportga qiziqish singdirib borilar ekan. Missuri shtatining Vebster Grovs maktabiga (Webster Groves High School) bordik. Uch-to’rt yoshli jajji bolaga beysbolni o’rgatishayotgandi. Beysbol matchlarini tomosha qildik. Biror tomon jamoasi mag’lub bo’lsa, tomoshabin jahl qilmaydi, birovni chertmaydi. Mazza qilib, dam olishga kelar ekan ular”, - deydi u.

Hamkasblar uning gapini ilib ketdi. Bishkekdagi 8-maktab jismoniy tarbiya o’qituvchisi Svetlana Xalmirzayeva.

Frisbi, yassi diskni uchirish - bolalar uchun yangi o'yin

Frisbi, yassi diskni uchirish - bolalar uchun yangi o'yin

“Butun Amerika yugurar ekan. Sport yo’lidan borib, muvaffaqiyat qozonish mumkin”.

“Televideniye, matbuotda shu haqda tinimsiz reklamalarni ko’rdik", - deydi Asanbayev.

"Tabiiyki, bunaqa yondashuv meva berib, sog’lom hayot juda qadrlanadi. Shuni bildikki, Amerikada sportni mahkam ushlagan talantli yoshlar universitetlarda tekinga o’qishi mumkin ekan. Bu bolaga yaxshi turtki beradigan omil-ku!” - deydi sportchi domla.

23 yillik pedagog, To’qmoq shahridagi 1-sonli gimnaziyada ishlovchi Nataliya Raldugina bunda moliya muhim rol o’ynaydi, deydi.

“Amerikada oilalar, masalan, beysbol yoki xokkey musobaqasiga borishga mablag’ topadi. Biz tomonda oddiy fuqaroning cho’ntagi ko’tarmaydi buni. Maoshimiz kam. Non-choy uchun pul topishda fikru xayolimiz, ko’ngilochar narsalar qayoqda? Bolani oddiygina parkka olib chiqish oila byudjetiga ziyon qiladi-ku bizda. Qirg’izistonda turmush tarzi, iqtisodiyot og’ir ahvolda”, - deydi muallima.

Diniy, madaniy farqlar ham yo’q emas. Ayniqsa, o’zbek, tojik, tatar o’quvchilari bor bu muallimlar buni yaxshi biladi. Nurbek Nurseitov janubdagi Bozorqo’rg’onda dars beradi.

“Musulmon oilalar qizlari jismoniy tarbiya faniga kirishni noqulay ko’radi. Masalan, ro’mol o’rab yuradigan qizlar bo’ladi. Ularga ruxsat beramiz, ro’molida qolaversin, faqat shu darsda qatnashib, shug’ullansa bas”, - deydi Nurseitov.

O’sh viloyatidagi Qizilqiya shahrida 8, 9-sinflar bilan ishlayotgan Furhat Mavlyanov:

Jismoniy tarbiya muallimlari amerikalik muallim Deyvid Keydi bilan

Jismoniy tarbiya muallimlari amerikalik muallim Deyvid Keydi bilan

“Qizlarimiz jismoniy tarbiya darslarida qatnashmaydi, bolalardan uyalishadi, figurasini ko’rsatishga iymanadi. Shu haqda ham Amerikada fikr almashib oldik, ularni qiziqtirish, erkin harakat qilish uchun sharoit hozirlash borasida”.

Biroq elatlararo ziddiyatni boshidan kechirgan, ahvol hamon tarang bo’lib qolayotgan janubiy shahar va qishloqlarda sport kimning ko’ngliga sig’adi? O’shlik Nurbek Nurseitov:

“O’zim janubdanman. To’polon paytida uyim kuydi. Haqiqatan, etnik zo’ravonliklardan keyin bir yilcha oilalar bolalarini musobaqalarga yubormay qo’ydi. Qo’rqishdi. Lekin oradan ikki yil o’tib, ota-onalar farzandini maktabga, bellashuvlarga jo’natmaslik faqat o’ziga ziyon keltirishini tushundi. O’zim sport musobaqalarini o’zbek maktablari bilan birga o’tkazishga harakat qilaman. Elatlarni yaqinroq qilish uchun”.

IREX nodavlat tashkiloti fuqaro jamiyatini mustahkamlash, ta'lim, matbuot, so'z erkinligini qo'llab-quvvatlashni maqsad qilgan

IREX nodavlat tashkiloti fuqaro jamiyatini mustahkamlash, ta'lim, matbuot, so'z erkinligini qo'llab-quvvatlashni maqsad qilgan

Bu muallimlar ishonchi komilki, maktablarda sport zallar remont qilinsa, jihozlar yetarli bo’lsa, yangi o’yinlar ko’paysa, g’ubor ham sekin-sekin ko’tariladi. Nataliya Raldugina:

“Qirg’izistondagi maktablarda sport zallari, xonalarini yaxshilab ta’mirdan chiqarib berishsa qani. Oddiy jihozlar, vositalarni ta’minlab berishsa. O’quvchilar darsga xohlab kelishi, shug’ullana olishi uchun mana shular juda kerak”.

Svetlana Xalmirzayeva shunday yosh mutaxassislarni ham ushlab qolamiz, deydi.

“Mening yosh hamkasbim yaqinda ishdan bo’shab ketayapti. Har qancha gapirsam ham unamadi. Birinchidan oylik kam, ikkinchidan sport zalimizda sharoit yo’qligidan oyog’ini sindirib oldi! Endi bozorda telefon sotmoqchi, hech bo’lmasa, ro’zg’orim but bo’ladi, deb”.

Amerikalik muallim Deyvid Keydi qirg'izistonlik hamkasblar bilan

Amerikalik muallim Deyvid Keydi qirg'izistonlik hamkasblar bilan

O’qituvchilar Amerikadagi hamkasblar bilan ham uchrashdi. IREX nodavlat tashkilotidan kichik grantlar yutib, o’z maktablarida beysbol, frisbi, matbol, lakross va jamoa gandboli kabi yangi o’yinlarni sinashga kirishdi. Bular asosan jamoa bo’lib o’ynaladigan sport turlari. Qizilqiya shahridan jismoniy tarbiya domlasi Furqat Mavlonov:

“Shu paytgacha faqat basketbol, voleybol va futbol o’ynardik, o’quvchilar zerikib qolgan edi. Endi yangi o’yinlarni ko’paytirib, bolalarni sportga torta olamiz. Ko’chada sandiroqlab yurmaydi”.

10 kunlik safar tugab jismoniy tarbiya muallimlari vatanga qaytib ketdi. Kim shimol, kim janub, kim boshqa viloyatlarga. Ishlashga, bolalarni ruhlantirishga.

XS
SM
MD
LG