AQSh qo’mondoni: Toliblar NATO bosimi ostida muzokara qilishga majbur


AQSh qo’mondoni: Toliblar NATO bosimi ostida muzokara qilishga majbur

AQSh qo’mondoni: Toliblar NATO bosimi ostida muzokara qilishga majbur

AQShning Afg’onistondagi qo’mondoni Deyvid Petreusning ta’kidlashicha, xalqaro koalitsiya va mahalliy armiya sa’y-harakatlari natijasida bugun mamlakatning katta qismi Tolibon nazoratidan xoli.

“Tinimsiz bosim jangarilarni hukumat bilan muzokara qilishga majbur etmoqda”, - deydi Petreus.

“O’tgan 3-6 oy mobaynida katta yutuqlarga erishdik, lekin toliblar o’rnashib olgan hududlar, xususan janubda ahvol hamon qaltis”, - deydi general “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Deyvid Petreusning aytishicha, Tolibonning ayrim yetakchilari murosa qilishga qarshi emas. Tinchlik muzokaralari hozircha ilk pallada, jarayon oldinga siljishi uchun shart shuki, jangarilar qurolini tashlab, al-Qoida bilan aloqani uzib, Afg’oniston konstitutsiyasiga bo’ysunishi lozim.

So’nggi payt Hamid Karzay ma’muriyati toliblar bilan muloqotga kirishgani haqida juda ko’p xabarlar tarqalgan, biroq jangarilar buni “mish-mish” deya rad etadi.

Tolibon bayonotida aytilishicha, xalqaro qo’shin Afg’onistonni tark etmaguncha muloqot haqida gap bo’lishi mumkin emas.

Bu o’lkadagi 100 ming sonli qo’shinga boshchilik qilayotgan NATO rahbari Anders Fog Rasmussen deydiki, muzokarani yoqlash yoki yoqlamaslik qarori Tolibon xotin-qizlar haq-huquqlariga hurmat ko’rsatishiga ham bog’liq.

Prezident Barak Obama kelasi yil yozda Amerika zobitlarini vatanga qaytaramiz, deb kelmoqda. “Biroq”, deya qo’shadi general Petreus, “askarlarni olib chiqishda mahalliy sharoitga qarab ish tutamiz”.

Bu orada, Afg’oniston prezident Hamid Karzay AQSh va Rossiya zobitlari o’tkazgan amaliyotni tanqid ostiga olmoqda.

Hafta boshida Nangarhor viloyati, Pokistonga chegaradosh hududda, qo’shma operatsiya natijasida bir tonnada ziyod geroin musodara qilingan edi.

Shikoyat shuki, afg’on hukumati bu haqda xabardor qilinmagan. AQSh-Rossiya qo’shinlarining “o’zboshimcha” amaliyoti Afg’oniston suverenitetini oyoq osti qilish demakdir, deydi Hamid Karzay.

XS
SM
MD
LG