Breaking News

Kollektiv xavfsizlik tashkiloti Yerevanda sammit o’tkazadi, asosiy mavzu – Qirg’iziston


Ertaga Armaniston poytaxti Yerevanda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining navbatdagi sammiti boshlanadi. Blokka Armaniston, Belarus, Qozog’iston, Qirg’iziston, Rossiya, Tojikiston va O’zbekiston a’zo.

Muhokamadagi asosiy mavzu Qirg’iziston janubidagi vaziyat bo’lishi kutilmoqda. Uchrashuvda O’zbekiston prezidenti Islom Karimov ishtirok etmaydi. Tahlilchilar fikricha, buning sababi Toshkent-Moskva o’rtasidagi aloqalar sovuqlashganidadir.

Tashkilot doirasida Qirg’izistonga qanday ko'mak berilishi yuzasidan turli mulohazalar mavjud. Harbiy ko'mak muhokamasi ham ehtimoldan xoli emas.

Tahlilchilar fikricha, rasmiy Toshkent mintaqaviy ziddiyatlar yechimida Rossiya ishtirokiga tobora kuchli shubha bilan qaramoqda. O'zbekiston mintaqada rus qo’shinlari ko’payishiga qarshi. Rossiya Qirg’iziston janubiga qo'shimcha harbiy batolyon jo’natishga ahd qilganida O'zbekiston e’tirozini yashirib o’tirmagan.

Karimovning sammitda qatnashmasligi borasida har xil mulohazalar bor.

“Keyingi paytda tashkilot doirasida bir-biriga mos kelmaydigan qarorlarning qabul qilinishi, KXShT tarkibidagi Tezkor kuchlardan foydalanishda bir qarorga kelinmayotgani… Ba'zi mamlakatlar shuning uchun ham tashkilotdan qoniqish hosil qilmayapti. Tezkor kuchlarni a'zo davlatlarga hujum bo'lganda qo’llash kerakmi yoki ichki g'alayon davomidami, degan masalada kelishuv yo’q. O'zbekistonning ham tashkilotdan ko'ngli to'lmayapti. Prezident sammitda ishtirok etmayotgani shu bilan bog'liq bo'lishi mumkin”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Armaniston matbuotiga bergan intervyusiga ko'ra, sammit doirasida KXShT tarkibida tuzilgan Tezkor qo'shinni qanday vaziyatda ishga solish muhokamaga chiqishi mumkin.

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov fikriga ko'ra, Kollektiv xavfsizlik tashkiloti o'zini oqlamadi. Sammit tashkilot missisiyasi yuzasidan aniq vazifalarni belgilashi kerak, deydi u.

“Mana Qirg'izistonda beqarorlik bo'ldi, qancha terrorchilik hujumlari bo'lib o'tdi, Afg'onistonda ham vaziyat og'ir. Bu tahdidlarning hech biriga KXShT qarshi turgani yo'q. Tayyorgarligini ham ko'rsatmadi. Tabiiyki, KXShT ga nisbatan tanqidiy qarash mavjud. Lekin tashkilot qanday qaror qabul qilmasin, a'zo davlatlarning roziligi maqsadga muvofiq bo'ladi”, - deydi Farxod Tolipov.

KXSh tarkibida Tezkor qo'shinlar tuzish tashabbusiga O'zbekiston ayrim tuzatishlar bilan qo'shilgan. Xususan, Tezkor qo'shin a'zo davlatlarning ichki ishlariga aralashmasligi kerak degan shart asosda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG