Amerikada qarzdor va ishsiz yoshlar juda ko'p

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkda namoyishga chiqqan talabalardan biri

Nyu-Yorkda namoyishga chiqqan talabalardan biri

AQShda talabalarning umumiy qarzi bir trillion dollarga yetgan. Mamlakat universitetlari bo’ylab norozilik namoyishlari o’tkazilib, o'qish nima uchun qimmatlab borayotgani muhokamada. Ishsizlik o’rtacha sakkiz foiz atrofida ekan, oliygoh bitiruvchilarini mavhum kelajak kutmoqda.

Keyt Daffi san’atshunos, Vashingtondagi Amerika Universitetida o’qiydi. O’qishni tamomlashiga bir oydan oz vaqt qoldi.

"Xursand bo’lishni ham, xafa bo’lishni ham bilmaysan, kishi. To’rt yil davomida do’stlarim bilan tashvish nimaligini bilmay yashadik. Endi esa haqiqiy dunyoga yuz tutish arafasidamiz", - deydi Daffi.

Uning dugonasi Anjela Miller ham universitet bilan xayrlashadi. Har ikkisi musiqachi bo’lishni yoki teatrda ishlashni orzu qiladi. Buning uchun yaxshi joydan ish topish kerak. Dugonalar Amerikadagi eng qimmat universitetlarning birida asosan kredit hisobiga o’qishdi. Har birining qarzi hozirda 200 ming dollar atrofida.

Qarzdor talabalar

Qarzdor talabalar

"Qarzga botish nimaligini hali-beri anglamayapman. Birinchi to’lovdan so’ng tushunsam kerak", - deydi Miller.

Universitetning biznes fakultetini bitirayotgan talabalarga ish beruvchi bilan suhbat, ish topish uchun tanish-bilish orttirish sirlari o’rgatiladi. Biroq dekan o’rinbosari Lorens Uordning aytishicha, bakalavriatdan maqsad faqat ish topish emas.

"Ularni hayot uchun tayyorlayapmiz. Buni sarmoya desa ham bo’ladi. Balki darrov ishli bo’lishmas, lekin har holda bilimli bo’lib, o’rganganlari hayotda doim kerak bo’ladi", - deydi ma’mur.

Talaba Aleksandra Golomb uning fikriga qo’shiladi.

"Ta’limni ishga bog’lamayman. Men uchun ahamiyatli tomoni bilimli bo’lishimdir. Amerika Universitetidagi tajribam menga bundan ko’proq narsalarga erishishga yordam beradi", - deydi talaba.

Oliygohning audio texnologiyasi dasturi rahbari Pol Oxler nazarida esa har bir bitiruvchi ishli bo’lishi kerak.

Kasb-hunar o'rganayotgan yoshlar

Kasb-hunar o'rganayotgan yoshlar

"Har bir bitiruvchimizga ish topishda yordam berishga harakat qilaman. Buning uddasidan chiqmaguncha, bo’sh kelmayman. Axir ular bu yerda o’qish uchun bir dunyo pul to’lashgan, shu sabab hayotda o’z o’rinlarini topib ketishlariga o’zimni mas’ul bilaman", - deydi u.

Dara Xirsh Oxlerning talabalaridan. Qanday bo’lsa ham, ish topishim kerak, deydi u.

"Ko’p do’stlarim 4-5 ishda ishlaydi. Qarzdan qutulish uchun ko’p joyda mehnat qilishga to’g’ri keladi. Ana o’shandan keyin o’z sohamga butun diqqatimni qaratsam bo’ladi. Ungacha esa to’g’ri kelgan ishni qilaveraman", - deydi Xirsh.

Keyt Daffi universitetdan so’ng Vashingtonda qolib, o’ziga yoqqan ish topishga umid qilyapti.

"Hayotda shu narsa muhimki, inson nima bilan shug’ullansa ham, undan huzur ola bilishi kerak. Maqsadi tomon yurishi lozim. Shunda hammasi yaxshi bo’ladi".

Ungacha esa, deydi Daffi, kollejda qolgan sanoqli kunlarimni mazmunli o’tkazishga harakat qilaman.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG