Breaking News

Kolumbiya universitetida O'zbekiston xususida munozara


Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universitetida O'zbekiston haqida anjuman, 21-fevral, 2013
Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universitetida O'zbekiston haqida anjuman, 21-fevral, 2013
O’zbekiston ahlini bugun qanday muammolar qiynamoqda? Yoshlar xayolida nima? Respublikaning dunyo sahnasidagi roli va nufuzi qanday? Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqida yangrayotgan fikrlar…

O’zbekiston xalqi orasida Islom Karimov va uning hukumatidan norozilik har qachongidan ham kuchli, biroq yaqin kelajakda keskin o’zgarish bo’lmaydi, deydi Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida (Columbia University, Harriman Institute) yig’ilgan mutaxassislar.

Ochiq Jamiyat Instituti bilan hamkorlikda o’tkazilgan anjumanda O’zbekiston tashqi siyosati, inson huquqlari va demokratiya, iqtisod va boshqa ko’plab dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Kolumbiya Universitetida O'zbekiston haqida anjuman, 1-qism/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:02 0:00
Yuklab oling

Islom Karimov, O'zbekiston tashqi siyosati/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:47 0:00
Yuklab oling

Kolumbiya universiteti qoshidagi Garriman instituti Yevrosiyodagi vaziyatni o’rganadi. Konferensiya shu yerda o’tdi.

Unda so’zga chiqqan mustaqil jurnalist Shohida To’laganova tahlilicha, Gulnora Karimova, prezident qizi, otasidan keyin hokimiyatni egallashga tayyor ekanini har tomonlama ko’rsatishga urinmoqda. To’laganova taxminicha, Gulnora prezident bo’lsa, bosh vazir sifatida Rossiya fuqarosi, dunyodagi eng badavlat insonlardan biri, asli namanganlik Alisher Usmonov bosh vazir bo’lish ehtimoli ham bor.

“Prezident Karimov atrofidagi hech kimga qizichalik ishonmaydi va aynan uni voris sifatida qoldirishni istaydi”, - deydi To’laganova, bu borada izlanib kelayotgan jurnalist.

Lekin, deya eslatadi u, Gulnora Karimovani o’zbek elitasi, biznes doiralar xush ko’rmaydi. O’zbekistonda boylik allaqachon bo’lib olingan va eng katta ulush Gulnora Karimovaniki, deydi Shohida To’laganova.

“Ozodlik” radiosining O’zbek xizmati direktori Alisher Sidiqov e’tiborni bugungi kunda sakkiz million o’zbekistonlik xorijda, asosan Rossiyada ishlab pul topayotgani va vatanga yiliga milliardlab dollar yuborib, xalqni boqayotganiga qaratadi. Aynan Rossiyadagi migrantlar, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, o’tgan yili to’rt milliard dollardan ziyod mablag’ jo’natgan. Bu ishchilarning aksariyati hech qanday qonuniy maqomga ega emas, tazyiq-ta’qib ostida kun kechiradi.

“Har bir o’zbek oilaning kamida bir a’zosi chet elda, uyiga pul jo’natib turadi. Bu mablag’ O’zbekiston byudjetining asosiy qismini tashkil etadi”, - deydi Sidiqov.

O’zbekistonlik yoshlar orasida umidsizlik kayfiyatlari kuchli, deydi jurnalist, ko’plar chet elga ketishga harakat qiladi, vatanda kelajak yo’q deb hisoblaydi.

“Biroq shu kunlarda Qozog’istonga yo’l olgan muhojirlarni chegarada to’xtatishyapti, ulardan ish kontraktini talab qilishyapti. Nima sababdan? Fikrimcha, Karimov muhojirlarni o’zi uchun tahdid deb biladi. Ha, juda katta tahdid. Chunki chet eldagi o’zbekistonliklarni Karimov nazorat qilolmaydi. Vaholanki, diktatorlar o’z aholisini qattiq nazorat qilishga intiladi. Bu yoshlar “Ozodlik” radiosi va internet orqali erkin ma’lumot oladi, pul topadi, mustaqil fikrlaydi, Karimov hukumatiga tanqidiy yondashadi. Karimov ulardan qo’rqadi”, - deydi Sidiqov.

Uning fikricha, hukumat xorijga ketmoqchi bo’lganlarni yanada qattiq nazorat qilishga intilmoqda. O’zbekiston hukumati yaqindan boshlab xorijiy valyuta almashinuvini cheklab qo’ydi. Bu muhojirlarni nazorat qilishga qaratilgan siyosat, deydi Alisher Sidiqov.

“O’zbekistonga yuborilayotgan mablag’lar musodara qilina boshlansa, ajablanmang”, - deydi u.

Bu fikrga anjumanda so’zga chiqqan Sanjar Umarov ham qo’shiladi. Muxolifatdagi “Serquyosh O’zbekiston” koalitsiyasi rahbari O’zbekiston iqtisodi juda og’ir ahvolda ekaniga urg’u berib, valyuta nazorati na iqtisodiy taraqqiyot va na erkin tadbirkorlik yo’lida ijobiy qadamdir, deydi.

“O’zbekiston kabi valyuta qora bozori gullab-yashnayotgan mamlakatlar dunyoda juda kam. Bunday amaliyot amaldorlarning kichik bir guruhi boyishiga olib keladi xolos. Huquq-tartibot organlari, hukumat rasmiylari va moliyaviy tashkilotlar shular jumlasidan”, - deydi u.

Umarov deydiki, davlat dehqonchilikni ham qattiq nazorat qilishga harakat qiladi.

“Mansabdorlar fermerlarga nima va qachon ekishni buyuradi. Buning natijasida dehqon o’z ishini, dalalarni tashlab ketmoqda. Masalan, o’tgan yili Chinozda shunday vaziyat kuzatildi. Natijada yerlar qarovsiz qoldi,” - deydi Sanjar Umarov.

Xorijiy kompaniyalar O’zbekiston iqtisodiga investitsiya olib kirishdan cho’chib qolgan. Respublikada to’qqiz million odam MTS uyali telefon kompaniyasi mijozi edi. Hukumat kompaniyani asossiz ayblovlar bilan yopdi-qo’ydi, deydi Umarov. Vaholanki mamlakat sarmoyaga muhtoj. Tashqi dunyo nazarida respublika bank tizimi va siyosatiga ishonch yo’q.

Anjumanning yana bir ishtirokchisi, “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyo bo’yicha bosh mutaxassisi Stiv Sverdlov deydiki, hibsxona va qamoqxonalarda mahbuslar muntazam ravishda qiynoqqa solinadi.

Mustaqil advokatlar deyari qolmagan, chunki hukumat bir necha qaror chiqarib, ular ustidan to’la nazorat o’rnatishga muvaffaq bo’ldi. Namoyishchilar darhol hibsga olinadi va jazolanadi, dindorlar ham ta’qib ostida, deydi Sverdlov.

“BMTning qiynoqlar bo’yicha maxsus vakilining O’zbekistonga borganiga mana 11 yil bo’lyapti. Men bu mamlakatni BMT bilan hamkorlik qilish borasida boshqa mamlakatlar bilan qiyoslab ko’rdim. Aytish joizki, O’zbekiston bu masalada hatto Eron, Birma, Zimbabve va Turkmanistondan ham orqada,” - deydi faol.

“Mamlakatda inson huquqlari ahvoli nihoyatda ayanchli ekaniga qaramay Vashington va Bryussel Toshkent bilan hamkorlikni davom ettirmoqda… Yangi harbiy shartnomalar tuzildi, Andijondagi 2005-yilgi qonli hodisalardan keyin joriy etilgan sanksiyalar bekor qilindi. O’nlab inson huquqlari faollari, muxolifatchilar va mustaqil jurnalistlar hamon panjara ortida”, - deydi Sverdlov.

Shunga qaramay G’arb Karimov hukumatidan inson huquqlarini hurmat qilishni yetarlicha qat’iyat bilan talab qilmayapti, deydi mutaxassis.

Vaholanki, xalqaro hamjamiyat tanqidlari samara beradi, deydi Sverdlov. U paxta dalalaridagi vaziyatni misol ketliradi. Ma’lumki, O’zbekistonda hukumat paxta terimi mavsumida bolalar mehnatidan foydalanib kelgan. Xalqaro hamjamiyat tashvishlariga sabab bu amaliyot jiddiy tanqid ostida.

Bir necha yil davom etgan kampaniya natijasida 2012-yilgi paxta mavsumida 6-7 yoshli bolalar paxta dalalariga chiqmadi, 13-15 yoshlilarning paxta terganini ko’rdik, deydi Sverdlov. Ayni vaqtda shifokor, hamshira, o’qituvchi va murabbiylar hamda hukumat tashkilotlarining boshqa xodimlari ham paxta terimida qatnashishga majburlandi, kichik va o’rta bizneslar xodimlari o’z o’rniga odam yollash yoki pul to’lashga majbur bo’ldi.

Boshlang’ich maktab o’quvchilarining og’ir mehnatdan ozod etilgani ijobiy hol, deydi Sverdlov, shu bois ham Karimov hukumatiga bosimni kuchaytirish kerak.

“Xalqaro hamjamiyat qat’iyat bilan inson huquqlarini hurmat qilishni talab qilmasa bo’lmaydi”, - deydi Sverdlov.

“Biz O’zbekistonni xalqaro hamjamiyatdan ajratib qo’yishni taklif qilmaymiz. Lekin rasmiy Toshkent bilan muloqotda, har bir uchrashuvda bu borada hisobot talab qilish kerak. AQSh yoki Yevropa Ittifoqi rasmiysi Toshkentga borsa nafaqat rasmiylar, balki inson huquqlari faollari, xususan panjara ortida qolayotgan faollarning oila a’zolari bilan uchrashsin. Karimov hukumatidan “Amerika Ovozi”, “Ozodlik”, "Bi-Bi-Si" radiostansiyalariga mamlakatda vakolatxona ochishni ruxsat etishni talab qilsin”.

Bundan tashqari inson huquqlarini buzgan rasmiylarni G’arbga chiqish imkonidan mahrum qilish kerak. Rossiyaga nisbatan Magnitskiy qonuni qabul qilinganidek, O’zbekiston rasmiylari uchun ham “qora ro’yxat” tuzilsin, viza berilmasin, deydi Stiv Sverdlov.

Uning fikricha, bunday jiddiy talablar samara beradi, chunki O’zbekiston bunday cheklovlar bilan yuzlashishni istamaydi, yuqori lavozimdagi arboblar uchun tashqi dunyo eshiklari yopilishini istamaydi.

Nyu-Yorkda kechgan anjumanda “Amerika Ovozi” jurnalisti Navbahor Imamova, angliyalik mutaxassis Deyvid Luis va Bryusseldan Xalqaro bo’hronlarni o’rganuvchi tashkilot vitse-prezidenti Alan Deletroz ham so’zladi. Tafsilotlar mana bu maqolada.

Anjumandan original audio/Conference audio, original:

Columbia-OSF conference on Uzbekistan, Feb 20, 2013 Part 1
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 1:04:53 0:00
Yuklab oling

Columbia-OSF conference on Uzbekistan, Feb 20, 2013 Part 2
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:59:33 0:00
Yuklab oling

Columbia-OSF conference on Uzbekistan, Feb 20, 2013 Part 3
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 1:27:07 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG