Breaking News

ASEAN: Trampning maqsadi nima?


ASEAN, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasiga a'zo 10 davlatning tashqi ishlar vazirlari Vashingtonda uchrashar ekan, AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson ularga mezbon. Oq uy Shimoliy Koreyaga nisbatan nima qilmoqchi, degan savol muhokamada. Shuningdek, bu davlatlar Xitoy bilan mintaqadagi dengiz ustida kelisha olmayapti. Pekin Janubiy Xitoy dengizida o'zini xo'jayin deb biladi.

Shu yilning oxiriga borib, Prezident Donald Tramp dunyoning bu qismiga safar qilishni rejalagan.

ASEAN Amerikaning yangi rahbari bilan ishlashga tayyor. Tillerson ham Vashington hamkorlikni kengaytirishga bel bog'laganini aytmoqda. Savdo, hududiy nizolar, odam savdosi hamda jinoiy tizimlar borasida yaqindan ishlash kerak, deydi AQSh bosh diplomati.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson
AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson

Vitse-prezident Mayk Pens Indoneziya rahbari Joko Vidodo bilan, Jakarta, 20-aprel, 2017
Vitse-prezident Mayk Pens Indoneziya rahbari Joko Vidodo bilan, Jakarta, 20-aprel, 2017

Yaqinda Vitse-prezident Mayk Pens bu mintaqada bo'ldi. U ham ASEANni muhim organ deb atab, Amerika hamkorlikdan manfaatdor, deya ta'kidladi.

Tashkilot Oq uy bilan muloqotni yo'lga qo'yish uchun qattiq harakat qilmoqda, deydi ekspertlar. Oldingi prezident Barak Obama davrida AQSh Osiyo-Tinch okeani mintaqasini strategik jihatdan eng yuqori o'ringa qo'ygan edi. Tramp bu yondashuvni o'zgartiradi, degan xavotir bor. ASEAN a'zolari Xitoy bosimiga qarshi turishda Amerikaga tayanadi va u bilan yaqin hamkorlikni ma'qul ko'radi.

ASEANga a'zo davlatlar va AQSh orasidagi yillik savdo aylanmasi 225 milliard dollarga teng. Ular Tramp tijoriy cheklovlar qo'yishini xohlamaydi. Amerika bozoriga ko'proq mahsulot kiritish payida. Oq uy esa jahonning bu tarafiga arzob ishchi kuchi izlab ketgan Amerika bizneslarini vatanga qaytarish ilinjida.

Obama davrida qilingan kelishuvlar bekor qilinmoqda. Prezident Tramp har bir mamlakat bilan yangidan muzokara qilib, yangi bitimlar imzolamoqchi.

Vyetnam fabrikalarida
Vyetnam fabrikalarida

Shimoliy Koreya ilg'or qurollarni ko'paytirish payida
Shimoliy Koreya ilg'or qurollarni ko'paytirish payida

Filippin AQShni Shimoliy Koreyaga nisbatan kuch ishlatmaslikka chaqirmoqda. Vashington Pxenyan atom quroliga ega ekanidan, tobora harbiylashib borayotganidan tashvishda, buni butun mintaqa uchun xavf deb biladi, ammo Tramp urush boshlashdan o'zini tiyishi kerak, deydi rasmiylar.

Amerika prezidenti shu kunlarda Tailand, Filippin va Singapur rahbarlari bilan gaplashgan. Bu mamlakatlar azaldan AQSh bilan xavfsizlik bobida yaqindan ishlash keladi.

Osiyoshunos olim Jeyms Chin nazarida Oq uy vaziyatni izchil o'rganishga harakat qilmoqda. Mintaqa Vashingtondan nima istaydi? Kim qanday manfaatga ega? Xitoy bilan aloqa qanday? Shimoliy Koreyadan qanchalik xavfsiraydi?

“Tramp ma'muriyati koalitsiya qurishga intilmoqda. Bu bilan Xitoyga bosimni ham oshirmoqchi", - deydi Chin.

Lekin Trampning aytishicha, "o'zboshimcha va haddidan oshgan" Pxenyanga nisbatan chora ko'rishda u Xitoy rahbariyati bilan maslahatlashadi. Chunki, deydi u, Pekin ham Shimoliy Koreya yanada yadrolashishini istamaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG