Amerikada konfederatsiya bayrog'iga qarshi kampaniya boshlandi

  • Amerika Ovozi

Janubiy Karolinada oq tanli irqchi cherkovda to'qqiz qora tanlini otib o'ldirgach, Amerikaning tarixiy konfederatsiya bayrog'ini jamoat joylaridan olib tashlash chaqiriqlari tobora balandroq yangramoqda. Bu chaqiriqlar Janubiy Karolinadan boshqa shtatlarga ham yoyilgan.

Ayrim do'konlar konfederatsiya bayrog'ini va ushbu bayroq tasvirlangan mahsulotlarini sotishni to'xtatgan. AQSh janubidagi bu shtat qonunchilari mahalliy Kapitoliy binosidan bayroqni olib tashlash yo'lida birinchi qadam qo'ydi.

Janubiy Karolina poytaxti Kolumbiyada yuzlab odam mahalliy kengash oldida namoyish qilib, irqchilik va qulchilik avj olgan shtatlar ramzi bo'lmish bayroqni olib tashlashni talab qildi. Shtat qonunchilari mavzu yuzasidan munozara qilishga qaror qildi. Ayrimlar bayroq shtat o'tmishi va merosi ramzi ekanini aytsa, boshqalar nazarida konfederatsiya bayrog'i irqiy bo'linishni anglatadi.

"Jang maydonida qo'llangan bu bayroqdan adovatga to'la ba'zi odamlar nafrat timsoli sifatida ham foydalanayotganini tan olish lozim", - deydi shtat senatori Tom Deyvis.

Charlston shahridagi qotillikka qo'l urgan odamning shaxsiy suratlarida ham uning konfederatsiya bayrog'ini ushlab turganini ko'rish mumkin. Janubdagi yana bir shtat Missisippi qonunchilari ham konfederatsiya gerbi tushirilgan shtat bayrog'ini muhokama qildi.

"Odamlar bu bayroqni nafrat timsoli sifatida qo'llar ekan, Missisippi bayrog'idan uni olib tashlash lozim", - deydi shtat kengashi vakili Orl Benks.

AQShdagi bir necha yirik savdo kompaniyalari konfederatsiya bayroqlari va uning gerbi aks etgan suvenirlarni sotuvdan chiqarganini ma'lum qildi. Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Xillari Klinton buni olqishladi.

"Wal-Mart do'konlar tarmog'i bu ishga qo'l urgani maqtovga sazovor. Amazon, eBay, Sears do'konlari ham shunday qildi, boshqalarni ham shunga da'vat etaman", - dedi Klinton.

Missuri shtatidagi cherkovda asosan qora tanli saylovchilar bilan uchrashar ekan, Klintonning aytishicha, Amerikada irqchilik kayfiyatlari hali ham mavjud va bir-ikkita qaror bilan ularga barham berib bo'lmaydi. Nomzod mavzuni ochiq muhokama qilishga chaqirmoqda.

"Ko'plarimizning ichimizdagi xurofot va noxolislik haqida ochiq gapirishimiz kerak. Albatta, bu oson emas. Irqchilikka munosabatimizni so'rashsa, noxolis emasmiz, xurofotimiz yo'q deb yolg'on detektoridan ham bemalol o'tishimiz mumkin, lekin aslida bularning hammasi bizda bor", - dedi prezidentlikka nomzod.

Juma kuni Prezident Obama Janubiy Karolinadagi cherkovda o'ldirilgan ruhoniy Klementa Pinknining dafn marosimida shu mavzuda so'zlashi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG