AQSh: Konfederatsiya bayrog'i o'tmish

  • Amerika Ovozi

Janubiy Karolinada siyosat va din ahli shtat poytaxti Kolumbiyada konfederatsiyaning bayrog’ini olib tashlashga chaqirmoqda. Bu bilan o’tgan hafta shtatning Charlston shahrida o’ldirib ketilgan to’qqiz nafar qora tanli fuqaroga hurmat ko’rsatgan bo’lamiz, deydi ular.

Janubiy shtatlarda ko’p odamlar uchun konfederatsiya bayrog’i tarixning ajralmas qismi, fuqarolar urushida halok bo’lgan askarlar xotirasiga yodgorlik hisoblanadi. Lekin bayroq quldorlik davrini eslatishi, irqchilik timsoli ekani ham haqiqat.

Janubiy Karolina gubernatori Nikki Heyli siyosat va din ahli bilan bir davrada turib, konfederatsiya bayrog’i atrofidagi bahslarni sharxladi:

“Qarorimiz mushtarak. Shtat poytaxtidan bu bayroqni olib tashlash payti keldi”.

Charlston shahrida qora tanlilarning cherkoviga hujum qilib, to’qqiz odamni o’ldirgan Dilann Rufning suratlarini ko’ring. Birida kofederatsiya bayrog’ini ko’targan, ikkinchisida Amerikaning bayrog’ini yoqqan. Heylining tan olishicha, bayroq hamma uchun har xil ma’no kasb etadi. Fuqarolar o’z hovlisida istagacha o’rnatsin, mayli:

“Shtatimizda ko’plar uchun bu tarix, meros, ajdodlar timsolidir. Charlston shahrida opa-singil, aka-ukalarimizni o’ldirgan shaxs uchun bayroq nafrat, g’azab ramzi edi”.

Mahalliy siyosatchilar va faollar shtat qonunchilarini bu bayroqni olib tashlashga undamoqda.

“Tarqoqlik va terrorizm ramzidan qutulish fursati yetdi”, - deydi ular.

Charlston meri Jozef Rayli ham bu da’vatlarni qo’llab-quvvatlab chiqdi. Eskidan qolgan bayroqning o’rni muzeyda, deydi u. Jamoat joyida ko’tarilgan bu timsol fuqarolarda yanglish tasavvur uyg’otganiga hayron qolmaslik kerak.

“Kongressdan iltimos qilaman, qanchalik toliqqan bo’lishmasin, shu ishni oxiriga yetkazib qo’yishsin”, - deydi Rayli.

Prezident Barak Obama nazarida ham konfederatsiya bayrog’i muzeyda saqlanishi kerak. Lekin Janubiy Karolina shtati masalani mustaqil hal qilishi lozim, deydi prezident.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG