Yangi Kongress tashqi siyosat uchun sarfiyatni keskin kamaytirishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

Yangi Kongress tashqi siyosat uchun sarfiyatni keskin kamaytirishi kutilmoqda

Yangi Kongress tashqi siyosat uchun sarfiyatni keskin kamaytirishi kutilmoqda

Kongressda ko'pchilikni qo'lga kiritgan respublikachilar byudjet kamomadini qisqartirish maqsadida tashqi yordamni kamaytirishi mumkin.

AQShda Kongressga saylovlarda respublikachilarning qo'li baland kelib, Obama ma'muriyatining vazifasi qiyinlashishi aytilar ekan, muxolifat 1,3 trillion dollarlik byudjet kamomadini qisqartirishga bel bog'lagan. Mutaxassislar nazarida buning oqibatida tashqi siyosatdagi ayrim sarfiyatlar bekor qilinishi mumkin.

Tahlilchilar respublikachilar yangi Kongressda qanday siyosat olib borishini hozirdan bashorat qilishga urinmoqda. Demokratlar palatada ko'pchilikni tashkil etganida, qo'mitalar raisligi ularning qo'lida edi, endi esa vaziyat tubdan o'zgaradi.

Tahlilchi Brett Sheyferning aytishicha, respublikachilar ishni sarf qilish majburiy bo'lmagan dasturlarni qisqartirishdan boshlashi mumkin. Saylovchilarga daxldor bo'lmagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Davlat departamenti kabi tashkilotlarda ham byudjet qisqarishi mumkin, deydi mutaxassis.

"Xarajatlarni 2008-yil darajasiga tushirish haqida gap bor. Vakillar Palatasi tashqi yordam va xalqaro dasturlarni elakdan o'tkazib, ularni ham kesishi kutilmoqda", - deydi u.

Davlat departamenti, Xalqaro taraqqiyot agentligi hamda boshqa tashqi yordam va gumanitar dasturlarga pulni Assignatsiyalar bo'yicha quyi qo'mita belgilaydi. Texas shtatidan kongressmen ayol Key Grenjer yangi rais bo'ladi. "Vashington Tayms" gazetasiga ko'ra, Grenjer tekis byudjet tarafdori bo'lib, korrupsiyaga qarshi kurashmayotgan davlatlarga moliyaviy yordam berishga qarshi.

Vakillar Palatasida ko'pchilik sardori Erik Kantor AQSh tashqi siyosatini amalga oshirishga hissa qo'shgan davlatlargagina ko'maklashib, Isroildan tashqari boshqa mamlakatlarga yordamni kamaytirish tarafdori.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi vitse-prezidenti Stiven Morrisonning aytishicha, Kantor taklifi radikal bo'lib, uni respublikachilarning o'zi qo'llab-quvvatlamaydi.

Odatda konservativ qonunchilar mudofaa xarajatlarining qisqarishiga qarshi bo'ladi, biroq yangi Kongressda bunday kongressmenlar ko'paygani bilan siyosatga munosabat o'zgarishi mumkin, deydi Vashingtondagi KATO tahlil instituti yetakchi mutaxassisi Kristofer Prebl.

"Konservativ siyosatchilar nazarida hukumatning asosiy vazifasi mudofaadan iborat bo'lgani uchun bu soha boshqalariga qaraganda taftish, qisqartirishlardan xoli. Biroq konservativ moliyachilar fikricha esa agar Mudofaa vazirligi kabi agentlik 12-15 yil ichida shu qadar kengaygan bo'lsa, demak, zaruratsiz xarajatlar bo'lishi aniq, ba'zilaridan voz kechish kerak", - deydi Prebl.

Qo'mitalar raisligi respublikachilar qo'liga o'tar ekan, muxolifatda Obama ma'muriyati siyosatini elakdan o'tkazish uchun yaxshi imkoniyat bor.

Tashqi aloqalar qo'mitasiga ham qonunchi ayol rahbarlik qiladi. Florida shtatidan saylangan Ileana Ros-Leytinen Afg'onistonda qo'shinlar sonini oshirish va Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish tarafdori. Xitoy va Rossiyada inson huquqlari ahvoliga befarq emas. Obama ma'muriyatining Kubaga nisbatan joriy etilgan embargoni yumshatish harakatlari va BMT Inson huquqlari kengashiga qaytib qo'shilish qarorini tanqid qiladi.

Qo'mitaning terrorizm, ommaviy qirg'in qurollarini tarqatmaslik va savdo masalalari bilan shug'ullanuvchi quyi qo'mitasiga kaliforniyalik kongressmen Ed Roys raislik qilishga tayyorlanmoqda. Tahlilchi Piter Fem nazarida Roys taraqqiyot dasturlari uchun yordam pulini olayotgan mamlakatlar faoliyatini elakdan o'tkazishi mumkin. U ba'zi davlatlar AQSh tashqi siyosatiga zid ish tutayotganidan norozi, deydi Fem.

"Masalan, Senegalda prezident Shimoliy Koreya yordamida qiymati 25 milliondan 75 million dollargacha bo'lgan bronza haykalni qurishga ko'rsatma berib, o'g'lini xalqaro hamkorlik, transport, aviatsiya, energetika sohalari bilan shug'ullanuvchi vazirlikka rahbar etib tayinlagan bir paytda Roys va Grenjer kabi AQSh qonunchilari Obama ma'muriyatining bu davlatga 540 million dollarlik yordam ajratishga qaratilgan bitim imzolashini tanqid ostiga olmoqda", - deydi tahlilchi Piter Fem.

Uning aytishicha, Iroq va Afg'oniston urushlaridan tashqari yangi Kongressda tashqi siyosatga doir aksariyat masalalar qayta ko'rilib, tortishuvlarga sabab bo'lishi mumkin. Xarajatlar ustidan nazorat kuchayadi, deydi u.

Ba'zilar nazarida bu byudjetni ravshan qilib, sarfiyatlarni jilovlashga yordam beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG