Breaking News

Obama ma'muriyati Kongressdan qarz miqdorini ko'tarishni so'rayapti


Obama ma'muriyati Kongressdan qarz miqdorini ko'tarishni so'rayapti
Obama ma'muriyati Kongressdan qarz miqdorini ko'tarishni so'rayapti

Kongress qarzni cheklash vakolatiga ega bo'lib, hukumat belgilangan cheklovdan ko'p sarf qila olmaydi. Respublikachilar bunga qarshi.

Chorshanba kuni AQShda yangi saylangan Kongress ilk bor majlis qilar ekan, Vakillar Palatasida ko'pchilikni qo'lga kiritgan respublikachilar barcha diqqatni mamlakat qarzi va federal xarajatlarni qisqartirishga qaratmoqchi.

"O'zimizda yo'q pulni sarflashni bas qilaylik", - deydi respublikachi kongressmen ayol Mishel Baxmen bir trillion dollarlik byudjet kamomadiga ishora qilib.

Oq uy Kongressdan milliy qarzni ko'tarishga ruxsat berishni so'ramoqda. Kongress qarzni cheklash vakolatiga ega bo'lib, hukumat belgilangan cheklovdan ko'p sarf qila olmaydi. Respublikachilar bunga qarshi. Ayni damda qarz salkam 14 milliard dollarni tashkil etadi. Kongressga yangi saylangan qonunchi Mayk Kelli nazarida mablag'ni tejash lozim.

"Qarz miqdorining o'sishiga yo'l qo'yish mas'uliyatsizlikdir. Yo'q pulni sarflashga o'rganib qoldik. Soliqlarni ko'paytirib, kamomadni qoplaymiz, deb o'zimizni ovuntiryapmiz", - deydi Kelli demokratlar taklifini tanqid qilar ekan.

Kongress qarzni oshirishga ruxsat bermasa, deydi Obama ma'muriyati, hukumatda xarajat uchun pul bo'lmay, AQShdan zayom va obligatsiyalar sotib olgan xorijiy xaridorlar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajara olmay, defoltga uchraydi. Bu jahon miqyosida yangi tanazzulga sabab bo'ladi, deydi Oq uy.

Prezident Obamaning bosh iqtisodiy maslahatchisi Ostan Gulsbining aytishicha, pul bo'lmasa, sarmoya bo'lmaydi; sarmoya bo'lmasa esa, o'sish bo'lmaydi.

"Uzoq muddatli foydani ko'zlab ish tutish kerak", - deydi u.

Saylovdagi mag'lubiyatga qaramay demokratlar oz bo'lsa-da, Senatdagi hukmronligini saqlab qolgan. Bu respublikachilarning Obamaga qarshi siyosat yuritishini qiyinlashtiradi. Muxolifatdagi qonunchilar federal xarajatlarni oshirishga yo'l bermasa, hukumat faoliyati 1995-yilda bo'lgani kabi to'xtab qolishi mumkin.

Prezident Obama amerikaliklarni Yangi yil bilan tabriklar ekan, mamlakat to'laligicha krizisdan chiqmaganini, millionlab oilalar qiynalayotganini aytdi.

Obama so'nggi hisoblarga ko'ra iqtisodiy ahvol yaxshilanmoqda deb, muxolif respublikachilar bilan hamkorlikni kuchaytirishga va'da berdi.

"Qaysi partiyadan bo'lishidan qat'iy nazar, yaxshi g'oyalarga ega va ularni amalda tadbiq etishga tayyor har bir qonunchi bilan ishlashga tayyorman", - deydi prezident.

Respublikachilar siyosatni o'zgartirishga umid qilmoqda.

Yangi saylangan senator Kelli Ayotning aytishicha, asosiy maqsad - hukumatni kichraytirib, ish bermayotgan dasturlarni yopish orqali pulni tejash.

2012-yilgi prezident saylovlariga hozirdan tayyorgarlik boshlanar ekan, respublikachilar Kongress saylovlaridagi muvaffaqiyatlarini nufuzini oshirish, respublikachi nomzod g'alabasini ta'minlash uchun yaxshi imkoniyat sifatida ko'rmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG