AQSh qonunchilari Xitoyni agressiv siyosatda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoy harbiy kemasi Janubiy Xitoy dengizini anzorat qilmoqda, 14-sentabr, 2012-yil.

Xitoy harbiy kemasi Janubiy Xitoy dengizini anzorat qilmoqda, 14-sentabr, 2012-yil.

AQSh Kongressi Vakillar Palatasining Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mitasi a’zolari nazarida rasmiy Pekin qo’shni davlatlarni do’q-po’pisa orqali Janubiy Xitoy dengiziga bo’lgan da’volaridan qaytarishni ko’zlamoqda. Kongressda ana shu mavzuda tinglov o’tdi.

Qo’mita raisasi, respublikachi kongressmen Ileana Ros-Leytinen Xitoyni harbiy qudratidan Janubiy Xitoy dengizida hukmronlik qilish uchun foydalanmoqchi ekanlikda aybladi.

"Butun jahon diqqati Eron yadro dasturi, yevro inqirozi kabi muammolarga qadalganidan foydalanib, Xitoy dengiz atrofidagi qo’shni davlatlarga do’q-po’pisa qilishdan toymayapti", - deydi qonunchi ayol.

Ros-Leytinen Xitoydagi ayrim rasmiylar va bu davlat matbuotini Yaponiyaga qarshi kayfiyatni qo’zg’atayotganlikda ham aybladi. Natijada, deydi u, Xitoyning bir necha shahrida o’tgan oy namoyishlar bo’lib o’tdi.

“Qo’shma Shtatlar Filippin va Yaponiya kabi ittifoqchilarini o’z holiga tashlab qo’ymaydi, AQSh harbiy floti Tinch okeani mintaqasi, jumladan Janubiy Xitoy dengizida tinchlikni saqlashda davom etadi", - deydi qonunchi.

Xitoy, Tayvan, Filippin va Yaponiya Janubiy Xitoy dengizining ayrim joylari va undagi ba’zi orollarni o’ziniki deb biladi. Hudud yonilg’i resurslariga boy ekani ma’lum.

Tashqi aloqalar qo’mitasining yetakchi a’zosi, demokrat Xovard Bermanning aytishicha, dengiz yuzasidan tortishuvlar va ziddiyatlardan foyda yo’q, ammo zarari katta – o’rtada mojaro kelib chiqishi mumkin.

"Davlat kotibasi Xillari Klinton hamda Obama ma’muriyatidagi boshqa rasmiylar Qo’shma Shtatlar Xitoyga mintaqada yakka hokimligini o’rnatishga yo’l qo’ymasligi haqida Pekinni bir necha bor ogohlantirgan. Xitoydan masalani tinch yo’l bilan hal etishni talab qilishda davom etamiz", - deydi Berman.

Kongressdagi tinglovda ishtirok etgan mutaxassislardan biri, AQSh Harbiy-dengiz kolleji professori Toshi Yoshixaraning aytishicha, Xitoy asta-sekin harbiy-dengiz flotini kuchaytirmoqda.

"Xitoy behudaga dengizda o’zini bunday tutmayapti. Mening nazarimda yaqinda qandaydir voqealarga guvoh bo’lamiz. Xitoy rahbarlari va harbiy qo’mondonlari uchun dengizda qudratini namoyish etishga imkoniyat tug’ilmoqda", - deydi Yoshixara.

Ekspert nazarida Janubiy Xitoy dengizi tijoriy tovarlar, yonilg’i mahsulotlari, harbiy uskuna olib o’tish uchun muhim tranzit nuqtasidir. Qo’shma Shtatlar mintaqadagi ittifoqchilarni zamonaviy kemalar bilan ta’minlab, yordam qo’lini cho’zishi kerak, deydi tahlilchi.

Toshi Yoshixaraga ko’ra, AQSh qo’shimcha ravishda mintaqada harbiy-dengiz qudrati va hujumkor salohiyatini oshirishi lozim. Ittifoqchi davlatlar Amerika mojaroga tezkor javob bera olishini bilishi lozim, deydi u.

Biroq amerikalik qonunchilar nazarida mamlakat tashqi qarzi oshib yotgan bir paytda dunyo bo’ylab harbiy faoliyatni kengaytirish oson bo’lmaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG