Breaking News

Internetdagi hujumlar ortida kimlar turibdi?


Kiber-xurujlar, Xitoy va Amerika/Cyber wars
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:27 0:00

Kiber-xurujlar, Xitoy va Amerika/Cyber wars

Qo’shma Shtatlar strategik inshootlarini kiber-hujumlardan himoya qilish uchun tezkor choralar ko’rishi kerak. Yaqinda Kongressga, bu davlat qonunchilik organiga taklif etilgan ekspertlar shuni maslahat bermoqda.

AQSh Vakillar Palatasining nazorat, tergov va boshqaruv bo’yicha quyi qo’mitasi rahbari Maykl Makkol Xitoyni iqtisodiy va texnologik qaroqchilikda ayblay ketdi.

“Kiber-xurujlarni amalga oshirish va josuslikda Xitoyga yetadigan davlat yo’q. Bu mamlakatda xaker guruhlari tuzilgan, jumladan harbiy sohada”, - deydi kongressmen.

Qonunchilar huzurida so’zlagan ekspertlarga ko’ra, Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya ham jinoyatchilikning bu turida o’zini sinab ko’rmoqda. AQSh elektr tarmoqlari va transport tizimiga, shuningdek, xorijiy razvedka xizmatlari va terrorchi guruhlar tahdid solishi mumkin.

Federal Qidiruv Byurosida xavfsizlik bo’yicha mutaxassis bo’lib ishlagan Shon Genri deydiki, yirik kompaniylarning aksariyati allaqachon kiber-xurujga uchragani va qimmatli ma’lumotlarni boy berganidan bexabar.

“G’anim ularning kompyuter tizimlaridan oylab yoki yillab foydalanishi mumkin”, - deydi u.

Ekspertlar fikricha, Amerika federal idoralarining barchasi qaysidir payt xakerlar tomonidan nishonga olingani ham aniq. Kongress, hukumat va biznes ahli birgalashib, tahdid jiddiy ekanini tan olib, muhofaza mexanizmlarini ishlab chiqishi kerak.

Ayni paytda bir necha qonun loyihalari ham tayyor va biri ovozdan o’tgan. Unda xususiy kompaniyalar kiber-xurujlar haqida razvedka idoralariga ixtiyoriy ravishda ma’lumot uzatishi hamda internetni himoya qilishda hukumat rolini oshirish haqida so’z boradi.

Ammo bu ishlarga hukumat aralashmasin, deb chiqayotgan respublikachi qonunchilar bor.

Demokrat kongressmen Benni Tompsonning ta’kidlashicha, ana shunday kelishmovchiliklar sabab kiber-jinoyatlarni bartaraf etishga qaratilgan umumiy strategiya haligacha qabul qilinmagan.

Muhokamadagi boshqa qonun loyihalarida federal kompyuter tizimlarida xavfsizlikni oshirish, texnologik izlanishlarga ko’proq mablag’ ajratish haqida so’z boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG