AQSh Kongressida yana byudjet ustida tortishuvlar boshlanmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda qonunchilar avgustda bir oylik ta'tilga chiqadi. Kelasi yilgi byudjet, shuningdek, harbiy va ijtimoiy dasturlarni qanday moliyalash yuzasidan tortishuvlar boshlanmoqda.

Senator Jon Kornin "qiladigan ish ko'p, jadvaldan orqada qolayapmiz", deya hamkasblariga eslatib qo'ydi.

Kongressda hukmron ikki partiya moliyaviy masalalarda kelisha olmayotgani sabab yaqinda AQShning Ekport-Import banki ishdan to'xtadi. Bu tashkilot xorijiy kompaniyalarga Amerikadan mahsulot sotib olishda ko'maklashadi.

Bundan tashqari, yo'l va ko'priklarni ta'mirlash va yangilarini qurish jamg'armasida ham mablag' qurib qolgan. Benzinga qo'yilgan soliq infrastruktura loyihalarini qoplamaydi, soliqni bir necha sentga oshirish taklifiga respublikachilar qarshi.

Sentabr oxirigacha davlat byudjeti ham qabul qilinishi zarur, aks holda hukumat idoralari oldingi yillarda bo'lgani kabi yana yopiladi.

“Partiyabozlik va mafkuraviy kurashga berilib, eng muhim masalalar yechilmay qolib ketayapti. Iqtisodiyot oqsayotgani ham shundan, chunki barqarorlik yo'q. Tadbirkorlar ertaga nima bo'lishini bilmaydi, ishini rejalay olmaydi", - deydi kongressmen Donald Norkross.

Dunyoda terrorizm xavfi oshib borayotgan bir paytda respublikachilar ijtimoiy dasturlarni yanada qisqartirib, harbiy byudjetni oshirishga undamoqda.

So'nggi yillarda sarfiyatni kamaytirish bosh masalaga aylangan. Fazoni tadqiq etishdan tortib huquq-tartibot va ta'limga oid bir qancha programmalar kesildi. Natijada yillik byudjet kamomadi bir trillion dollardan 500 milliard dollarga tushgan.

"Askarlarimiz va jang maydonidan qaytayotgan harbiylar uchun zarur mablag' ustida kelishib olamiz", - deya umid bildiradi senator Jon Kornin.

Prezident Barak Obamaning Demokratik partiyasi boshqa federal programmalarni ham muhim deb hisoblaydi, xususan ijtimoiy himoya dasturlarini.

Demokrat senator Charlz Shumer muxolifatni mamlakatni moliyaviy jarlikka yetaklaydigan yo'ldan qaytishga undamoqda. Uning aytishicha, ikki yil ilgari qabul qilingan avtomatik qisqartirishlar to'g'risidagi qonun qayta ko'rib chiqilishi va bekor qilinishi lozim.

Respublikachilar nazarida esa moliyaviy ahvol biroz yaxshilangani tejamkorlik mahsulidir.

"Davlatimiz uchun eng katta tahdid bu - qarz va haddan ziyod xarajatlar. Kamomadni yopmasak, bir kuni Gretsiyadagi muammolar bizning ham boshimizga tushadi", - deydi kongressmen Tom Makklintok.

Hozirda Kongressning har ikki palatasida respublikachilar ko'pchilik. Ammo ular ma'qullagan har qanday qonun loyihasini Oq uyda o'tirgan demokrat prezident rad etishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG