AQSh Markaziy Osiyoga 2017-yilda 164 million dollarlik yordam bermoqchi


Davlat departamentining tasdiqlashicha, AQSh Markaziy Osiyo taraqqiyoti yo’lida kelasi yil 164,1 million dollar sarflashni maqsad qilgan.

Eng ko’p sarmoya Qirg’iziston va Tojikistonda qilinadi. Gap asosan islohotlar va iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish bobida ko’rsatiladigan yordam haqida ketmoqda. Bu ikki davlat iqtisodiy jihatdan eng zaif hisoblanadi va har ikkisi Vashingtondan ko’proq madad so’rab keladi.

O’zbekiston va Qozog’istonga bu kabi yordam o’tgan yillar ichida 10-15 million dollardan oshmagan. Masalan, 2015-yilda O’zbekistonga salkam 11 million dollar miqdorida ko’mak berilgan. Qozog’istonga esa 8 million dollardan sal oshiq. Harbiy va siyosiy hamkorlik uchun sarflanayotgan mablag’ bunga kirmaydi, shuningdek, xususiy sektor olib kirayotgan sarmoya ham.

14-iyun kuni AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi rahbari, general Jozef Leonard Votel Toshkentda Tashqi ishlar vazirligida bo'ldi. General Markaziy Osiyo bo'ylab safarda va tashrif chog'ida biror yangi kelishuv haqida gap ketmagan. Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish xususida gaplashgan va Afg'onistondagi vaziyat beqaror qolayotgani Amerika va O'zbekiston uchun xavotirli masala ekanini qayd etgan.

Kelasi yil AQSh Qirg'izistonda 51,8 million dollar (oldingidan 39 foiz ko'p), Tojikistonda 41,6 million dollar (oldingidan 44 foiz ko'p), O'zbekistonda 11,6 million dollar (oldingidan 9 foiz ko'p), Qozog'istonda 8,8 million dollar (oldingidan 5 foiz ko'p), Turkmanistonda esa 4,8 million dollar sarflash rejalagan (43 foiz ko'p).

Eng ko'p yordam Qirg'iziston va Tojikistonga, Markaziy Osiyoning eng zaig tizimlariga, deydi AQSh Davlat departamenti rasmiylari

Eng ko'p yordam Qirg'iziston va Tojikistonga, Markaziy Osiyoning eng zaig tizimlariga, deydi AQSh Davlat departamenti rasmiylari

9-iyun kuni Kongressga hisobot berar ekan, Davlat departamentida Yordam dasturlari koordinatori Alina Romanovski (Alina Romanowski) deydiki, AQSh Markaziy Osiyoning barqaror, farovon va demokratik mintaqa bo’lishini istaydi.

“Mintaqa AQSh uchun ahamiyatini yo’qotmagan. Afg’onistonda tinchlikka erishish, terrorizmga qarshi kurash, xalqaro jinoyatchilik va qoradori savdosiga qarshi kurash va mintaqaviy integratsiya yo’lida har bir davlat bilan ishlashda davom etamiz. Amerika bu davlatlar mustaqilligi va suverenitetini quvvatlashda davom etadi. Markaziy Osiyo bo’ylab iqtisodiy rivojlanish va inson huquqlari e’zozlanishi uchun xizmat qilamiz",- deydi Romanovski.

AQSh uch asosiy maqsadni ko'zlaydi:

· Markaziy Osiyo ekstremizm va terrorizmdan xoli, barqaror va xavfsiz mintaqa bo’lsin

· Mintaqa iqtisodiy jihatdan taraqqiy etishida mintaqaviy hamkorlikni targ’ib qilish, jumladan Afg’oniston bilan va u orqali

· Markaziy Osiyodagi har bir davlat demokratiya sari dadil qadamlar tashlasin. Hukumatlar o’zini xalq oldida javobgar his qilsin. Siyosiy erkinliklar hurmat qilinsin.

“Amerika bu respublikalar iqtisodiyoti mustahkam, sinovlarga chidamli bo’lishini istaydi. Chet elda yurgan mehnatkashlardan kelayotgan mablag’gagina tayanib qolmasdan, mahalliy iqtisodni kengaytirish kerak. Bu borada yordamni oshirayapmiz”, - deydi Alina Romanovski aynan Tojikiston va Qirg’izistondagi vaziyatga ishora qilib.

AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Den Rozenblum (Daniel Rosenblum) so’zi bilan aytganda, Markaziy Osiyo integratsiya bobida eng zaif, eng sust mintaqalardan biri bo’lib qolmoqda. Hozirda vaziyat ancha tang, deydi Rozenblum, Vakillar palatasida so’zlar ekan.

“Regional hamkorlik va iqtisodiy diversifikatsiya – zamon talabi. Ularning ahamiyati har qachongidan muhim. Shunday ekan, AQSh Markaziy va Janubiy Osiyo orasida yangi energetika bozori barpo etish, savdo va transport yo’llarini rivojlantirish, boj va chegara tizimini takomillashtirish, odamlar va bizneslarni bog’lovchi tarmoqlar yaratishni targ’ib qilmoqda”.

Lekin bu borada Vashington qancha mablag’ ajratmoqda? Rasmiylarning javobi shuki, moliyaviy ko’mak Jahon banki, Xalqaro Valyuta Jamg’armasi va Osiyo Taraqqiyoti banki singari agentliklardan keladi. AQSh bizneslari ham sarmoya qilishi mumkin, lekin mahalliy muhit ularning talablariga javob berishi kerak.

“Bilamizki, Markaziy Osiyoda korrupsiya chuqur ildiz otgan. Bu nafaqat iqtisodiyot va xususiy sektorga zarar balki radikalizm keng qanot yozishi uchun ham zamin yaratadi. To’g’ri boshqaruvni yo’lga qo’yish kerak, islohotlarni kuchaytirish lozim, mustaqil matbuot va fuqaro jamiyatiga yo’l ochilishi zarur va qonli ekstremizmga qarshi effektiv kurash olib borish kerak”,- deydi Rozenblum.

Mintaqa rasmiylari nazarida Afg’oniston notinch ekan, Janubiy Osiyo bilan hamkorlik kengayishi qiyin. Amerika ichki masalalarga aralashmay o’zaro manfaatli sohalarda birga ishlagani ma’qul, deydi ular.

Vashington ham shunday strategiya asosida harakat qilmoqda, ya’ni hukumatlar bilan muloqotni kengaytirib, o’zaro maqsadlar sari harakat qilish. Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot mahalliy xohish-irodaga bog’liq, deydi Kongressda so’zlagan rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG