Eron bo'yicha kelishuv Kongressda ovozdan o'tadigan ko'rinadi

  • Amerika Ovozi

Eron yadro dasturi bo’yicha erishilgan xalqaro bitim AQSh Kongressida ovozdan o’tadigan ko’rinadi.

Erondan kelasi 15 yil mobaynida yadroviy tadqiqotlarni cheklashni talab qiladigan bu kelishuvni Prezident Barak Obamaning Senatdagi 40 dan ziyod demokrat safdoshlari qo’llab-quvvatlamoqda.

Qonunchilar bir oylik ta’tildan qaytishi bilanoq Eron masalasini muhokama qila boshladi. Ayrimlar kelishuvni yoqlamoqda, boshqalar esa yo’q.

Ammo eng ashaddiy tanqidchilar ham tan oladiki, Respublikachilar partiyasi kelishuv yo’lini to’sish uchun yetarli ovozga ega emas. Vakillar Palatasi hujjatga qarshi ovoz berishi tayin, lekin Senatda loyihani quvvatlayotganlar ko’pchilik.

“Respublikachilar 60 ovoz yig’a olsagina, kelishuv rad etiladi”, - deydi senator Garri Rid.

Eron yadro dasturi bo’yicha kelishuvni Kongressning har ikki palatasi rad etgan taqdirda, Prezident Obama unga qo’l qo’ymasligini boshidan aytib kelmoqda. Respublikachilarning da’vo qilishicha, demokrat senatorlar turli qing’ir yo’llar bilan hujjatning hatto ovozga qo’yilishini bartaraf etmoqchi.

“Rasmiyatchilik va chalkash qonun-qoidalarni bahona qilmaylik. Kelishuv albatta yakuniy ovozga qo’yilishi kerak. Shunday muhim masalada Kongress o’z fikrini bildirmasa bo’lmaydi”, - respublikachilar sardori Mitch Makkonel.

Prezident Obama, tabiiyki, bir necha oylik muzokaralar natijasida erishilgan bitim Kongressda tasdiqlanishini istaydi.

“Umid qilamizki, kelishuvni yoqlayotgan qonunchilar uning ovozdan o’tib olishi uchun barcha imkoniyatni ishga soladi”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Josh Ernest.

Kongress qanday qaror qabul qilishidan qat’iy nazar, Vashingtondek siyosat o’chog’ida Eron atom dasturi yuzasidan bahslar davom etadi. Ayniqsa kelasi yilgi prezident saylovlari oldidan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG