Jihodchilarga qarshi kurashda Eron qanday rol o'ynayapti?

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama o’zini “Islomiy davlat” deb yurituvchi ekstremistlar to’dasiga qarshi hujumlarni davom ettirmoqchi va Kongressdan buning uchun ruxsat so’ramoqda. AQSh Senati rasmiylarni chaqirtirib, ularni bu borada savolga tutdi.

Senatorlar bilan savol-javob paytida urushga qarshi hayqiriqlar yangradi. “Amerika xalqi urushlardan to’ygan” deya, faollar Tashqi aloqalar qo’mitasi majlisini bir necha bor to’xtatishga harakat qildi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, “Islomiy davlat”ga qarshi hujumlar davom etishi kerak.

“Bu to’da nasroniy va yazidiy jamoalarga qarshi dahshatli jinoyatlar sodir etmoqda. Go’daklarni qirish, ayollarni qul qilish, turli davlat fuqarolarini garovga olib o’ldirish…”, - deya sanab o’tdi vazir.

Eron Iroq qurolli kuchlariga harbiy yordam uzatayotgani xususida qonunchilardan ko’plab savollar tushdi.

“Islomiy davlat”ga qarshi kurashda Eron qanday rol o’ynayapti? Jang maydonida eronlik harbiylar va maslahatchilar borligi, ular Iroq harbiylariga yo’l ko’rsatayotgani haqida ma’lumotlar bor. Qo’shma Shtatlar manfaatlari uchun bu nimani anglatadi”, - deya so’radi senator Bob Korker.

Qurolli kuchlar bosh shtabi qo’mondoni general Martin Dempsi Eron jihodchilarga qarshi kurashda Iroqqa madad ko’rsayotganini harbiy nuqtai nazardan ijobiy baholadi. "Lekin bu operatsiya tugaganidan keyin nima bo’lishi boshqa masala", - deydi u.

Dunyoning yirik davlatlari islomiy respublika bilan atom dasturi xususida muzokara qilmoqda. Mart oxiriga qadar kelishuv imzolanishi kerak.

“Bu muzokaralarning “Islomiy davlat”ga qarshi kurashga ham ta’siri bormi? Ko’rinishidan, biz Eronni ranjitmaslik uchun unga qattiq gapirmayapmiz, Iroqdagi ishlariga ko’z yumayapmiz, shunday emasmi”, - deya so’radi senator Marko Rubio.

Davlat kotibi Jon Kerri bunday da’volar mutlaqo asossiz, deya javob berdi.

“Islomiy davlat” guruhi o’tgan yili Iroq va Suriyada shaharlarni bosib olgan edi. Unga qarshi kurashayotgan davlatlar bugun 60 ga yetdi.

Iroqda ishonchli, tayansa bo’ladigan hamkorlarimiz bor, deydi general Dempsi, lekin Suriyada emas. “Bu masala ustida bosh qotiryapmiz”, - deydi u.

Yaqin Sharq bo’yicha ekspert Pol Salim fikricha, jihodchilar Suriyadan quvib chiqarilmas ekan, Iroqdagi yutuqlar bir tiyin.

“Harbiy qo’mondonlardan so’rasangiz sizga aytishadi: Guruhni faqat bitta joyda yengish bilan ish bitmaydi. Bu vaqtinchalik g’alaba”.

Uning aytishicha, jangarilar Iroqdan siqib chiqarilsa ham ular qo’shni davlatda kuch yig’ib, yana jangga kirishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG