Kongressmen King: Ekstremistlar Amerika qamoqxonalaridan odam yollayapti


Kongressmen King: Ekstremistlar Amerika qamoqxonalaridan odam yollayapti

Kongressmen King: Ekstremistlar Amerika qamoqxonalaridan odam yollayapti

Amerikada ayrim qonunchilar nazarida bu mamlakat musulmonlari orasida radikalizm kayfiyati avjida va buni oshkora tan olib, muhokama qilish kerak.

Vakillar Patalasining ichki xavfsizlik bo’yicha qo’mitasida bu mavzuda navbatdagi tinglov o’tdi.

Qo’mita rahbari, respublikachi kongressmen Piter King diqqatni Amerika qamoqxonalariga qaratib, xorijdagi ekstremist guruhlar bu yerdan odam yollamoqda, deydi. AQSh zaminida xurujlar uyushtirish uchun.

“Qamoqda o’tirib radikallashgan o’nlab musulmonlar Yamanga borib, al-Qoida terror guruhi safiga qo’shilgani haqida ma’lumotlar bor”, - deydi qonunchi.

Kongressmen Piter King

Kongressmen Piter King

“Tashkilotning u yerdagi qanotini Anvar al-Avlakiy, Amerikada tug’ilib o’sgan imom boshqaradi. Yamanda yashiringan bu shaxs anchadan beri qidiruvda”.

Vakillar Palatasining ichki xavfsizlik bo’yicha qo’mitasida o’tayotgan bu muhokamalarni musulmon yetakchilar islomofobiyaning bir ko’rinishi deb biladi.

Qo’mitaning demokrat a’zolari ham shu fikrda. Jazo koloniyalarida ming bir muammo bor, nega aynan radikallashuv masalasiga urg’u berilayapti, deb so’raydi ular.

“Ekstremizm haqida gapira turib, faqat musulmonlarni ayblash muammoni tor talqin qilish demakdir. Qamoqxonalarda uyushgan jinoyatchilik, zo’ravonlik, narkotiklar savdosi va diskriminatsiya chuqur ildiz otgan. Jamiyatga tahdid deganda men avvalo shularni sanab o’tgan bo’lardim”, - deydi qonunchi Benni Tompson.

Muhokamada qatnashgan sotsiolog olim Bert Usim “ahloq tuzatish koloniyalari ekstremist guruhlar uchun a’zo topadigan joy” degan iddaolarga qo’shilmaydi.

Kongressmen King: Ekstremistlar Amerika qamoqxonalaridan odam yollayapti

Kongressmen King: Ekstremistlar Amerika qamoqxonalaridan odam yollayapti

“Bu borada o’tkazilgan izlanish natijalaridan bilamizki, terroristlar ko’p hollarda o’ziga to’q, ziyoli oilalardan chiqadi. Amerika turmalarida jazo muddatini o’tayotganlar esa aksincha, qashshoq, maktabni zo’rg’a tamomlagan odamlar. Jinoyatchi va terrorchining tarjimai holi bir emas”, - deya xulosa qiladi ekspert.

Mahbuslar orasida islomiy radikalizm tahdidi bor, deya guvohlik beradi Patrik Danlivi, Nyu-York qamoqxonalar boshqarmasi sobiq inspektori.

“Turma devorlari siz o’ylaganchalik mahkam emas. Mahbuslar albatta tashqi ta’sirga beriladi, o’zlari ham tikanak simning narigi tomoni bilan aloqa qiladi. Islomiy guruhlar tarafdor izlagan hollar bo’lgan”, - deydi inspektor.

Los-Anjeles shahar politsiya idorasi boshlig’i Maykl Dauning ham qonunchilar savollariga javob berdi.

Kongressmen King: Ekstremistlar Amerika qamoqxonalaridan odam yollayapti

Kongressmen King: Ekstremistlar Amerika qamoqxonalaridan odam yollayapti

Uning qayd etishicha, qamoqda aqidaparastlik kamdan-kam uchraydigan holat, lekin Amerika mahbuslar soni bo’yicha dunyoda yetakchi davlat. Shuning uchun ham masalaga e’tibor zarur.

Respublikachi kongressmen Piter King, bunday tinglovlarni o’tkazib turishga ahd qilgan arbob, Amerika islom ahlini huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilmayotganlikda ayblab keladi. Uni tanqid qilgan demokrat safdoshlariga javobi ham tayyor.

“Demokratlar men rahbarlik qilayotgan qo’mitani to’rt yil davomida boshqardi. Mavzu chetda qolib ketgan yoki unga ko’z yumishgan”, - deydi qonunchi.

“AQSh musulmon dunyosi bilan do’stona aloqa qilishga harakat qilayotgani o’z yo’liga, davlat xavfsizligiga tahdidlar, ayniqsa xorijdan kelayotgan bo’lsa, bu haqda ochiq gapiramiz”, - deydi Piter King.

Qo’shma Shtatlarda taxminan 7 million musulmon yashaydi. Kongressda shu yilning mart oyida o’tkazilgan tinglov ham nafaqat islom jamoasi, balki yahudiy va nasroniy tashkilotlar tomonidan adolatsiz deb qoralangan.

XS
SM
MD
LG