Yangi Kongress Obamani tashqi masalalarda qiynashi mumkin

  • Amerika Ovozi

Respublikachilar yetakchiligidagi yangi Kongress ishga kirishar ekan, global muammolar va AQShning ularga munosabati qonunchilar diqqat markazida bo’ladi. Ukraina, Yaqin Sharq mojarosi, “Islomiy davlat”, Iroq va Suriyadagi vaziyat shular jumlasidan.

Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralar kelasi hafta jonlanadi. Agar muloqot ish bermasa, Tehronga qattiqroq sanksiyalar qo’llaymiz, deydi respublikachi senator Bob Korker.

“Kongress faoliyatining birinchi yilida mavzuni muhokama qilishi aniq. Eron masalasi dolzarb, uni ko’rib chiqamiz”, - deydi qonunchi.

Kongress Eron yadro dasturi bo’yicha anchadan beri tashvish bildirib keladi. Kubaga quchoq ochgan Prezident Obamaning kutilmagan diplomatik harakati ham qonunchilarga qo’shimcha ish tug’dirmoqda.

“Qo’shma Shtatlar Kuba xalqi bilan aloqalariga o’zgartirish kiritmoqda”, - degan edi Obama Yangi yildan oldin.

Kubaga qo’yilgan embargoni bekor qilish Kongress zimmasida. Ayrimlar bunga qarshi, ammo demokrat-senator Ben Kardin tashabbusni qo’llab-quvvatlaydi.

“Kongress bu masalada dadil chora ko’rishi kerak, axir Kuba bilan aloqalarimizda yangi sahifa ochilmoqda. Mavzu muhokamasi qiziq bo’lishi kutilmoqda”, - deydi u.

“Kongress embargoni bekor qilmaydi. Munozaraga tayyorman”, deydi boshqa bir qonunchi, respublikachi senator Marko Rubio.

“Gavana bu ishdan ko’p foyda ko’rdi, Oq uy esa evaziga deyarli hech narsaga erisha olmadi. Kuba rejimi matbuot erkinligi, so’z erkinligi yoki saylov masalalarida biror va’da bermadi”, - deydi senator.

Siyosatshunos Uilyam Xovelning aytishicha, respublikachilar konstruktiv tanqidchi bo’lib ko’rinmoqchi.

“Bir tomondan ular Obama ma’muriyatining kamchiliklariga urg’u bermoqchi va boshqa tomondan mamlakatni olg’a boshlay oladigan, mas’uliyatli partiya sifatida ko’rsatmoqchi”, - deydi tahlilchi.

Noyabrdagi saylovlardan so’ng har ikki palatada ko’pchilikni qo’lga kiritgan respublikachilar prezidentning Ukraina, Iroq, Suriya mojarolariga nisbatan siyosatini qattiqroq tanqid qilishga hozirlanmoqda.

“Qog’ozdan yasalgan yo’lbarsday ko’rishadi dunyoda bizni, tishsiz qoplondaymiz. Hozirgi harakatlarimiz bizga hali anchagacha zarar keltiradi”, - deydi respublikachi senator Bob Korker.

Obamani Demokratlar partiyasida ham tanqid qiluvchilar topiladi, deydi siyosiy tahlilchi Stuart Rotenberg.

“Xalqaro va ichki xavfsizlik masalalarida uni nafaqat respublikachilar, balki demokratlar ham tanqid qilishi mumkin. Prezidentning ko’p partiyadoshlari mojaro zonalariga qo’shinlarning qayta jo’natilayotganidan norozi”, - deydi Rotenberg.

Barak Obama tashqi siyosatda o’z izini qoldirishi shubhasiz. Uning aytishicha, muloqot, mamlakatlar bilan aloqa qilish juda muhim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG