Obama "Islomiy davlat" tahdidini jiddiy olmayotganlikda ayblandi

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressi Vakillar palatasining Ichki xavfsizlik qo'mitasi raisi Maykl Makkol so'zlariga ko'ra, "Islomiy davlat" guruhi AQShga solayogan tahdid ko'lami borgan sari kengayib bormoqda. Prezident Obama yakshanba kungi telemurojaatida jangari guruhga qarshi strategiyasi haqida gapirdi. Makkol prezidentni IShID solayotgan xavf darajasini pasaytirib ko'rsatayotganlikda aybladi.

San-Bernardino qatliomini uyushtirgan shaxslarning jangari guruh ta'sirida radikallashgani ko'plab amerikaliklarni vahimaga soldi. Dunyo bo'ylab esa "Islomiy davlat" to'dasi amalga oshirayotgan hujumlar soni ortib bormoqda. Noyabrning o'zida guruh Parij xurujlari, Misrda Rossiya samolyotining qulashi va Bangladeshdagi otishma uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga oldi. Vakillar palatasining Ichki xavfsizlik qo'mitasi raisi Makkol prezidentni strategiyasini o'zgartirishga chaqirdi.

"Yetar edi. Oldimizdagi tahdiddan ko'z yuma olmaymiz. IShIDning yo'li to'silgani yo'q. Borgan sari boshqa davlatlarga yoyilib bormoqda. Noyabrda guruh uch hafta ichida uchta qit'ada yirik terror hujumlarini amalga oshirdi", - deydi u.

Makkol milliy xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonun loyihasini taqdim etmoqchi ekani haqida gapirdi. Terrorchilarning mamlakatga kirishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida viza dasturlariga ham o'zgartirish kiritilishi kutilmoqda.

Prezident Obama esa telemurojaati orqali xalqni xavotirlanmaslikka chaqirdi.

"IShIDni va bizga zarar yetkazmoqchi bo'lgan boshqa har qanday tashkilotni yakson qilamiz. Muvaffaqiyatimiz faqat gapga yoki qadriyatlarimizni boy berib, qo'rquvga berilishimizga bog'liq emas. Aslida, IShID kabi guruhlarning maqsadi shu. Aksincha, biz kuchli, chidamli va qat'iy bo'lish orqali g'olib bo'lamiz", - dedi AQSh rahbari.

Obamaning murojaati demokratlar olqishiga sabab bo'ldi, lekin respublikachilarning keskin tanqidiga uchradi. Mustaqil tahlilchi Set Jounsga ko'ra, prezidentning ko'p gaplari to'g'ri, ammo real voqelikka har doim ham mos emas.

"Bu masalada AQSh qiynalyapti. "Islomiy davlat"ga qarshi keskin havo kampaniyasi davom etayotganiga qaramay, guruh Iroq va Suriyada katta hududlarni nazorat qilishda davom etayotgani prezident nutqida ochiq aytilmadi. Ular Liviya, Yaman, Somali, Afg'oniston, Pokiston va boshqa hududlarga ham yoyilmoqda", - deydi u.

Obama yana bir bor Kongressni Iroq va Suriyada terrorchilarga qarshi harbiy kuch ishlatishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qilishga undadi. Ammo shu paytgacha respublikachilar bu qonun loyihasini ovozga qo'ygani yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG