Ekspertlar: Rossiya informatsiyadan qurol sifatida foydalanyapti

  • Amerika Ovozi

Rossiya sobiq Sovet davlatlari va Yevropa uzra yolg’on ma’lumot tarqatib, propagandaga zo’r bermoqda. Kongressda so’zlagan ekspertlarning aytishicha, Kreml informatsiyadan qurol sifatida foydalanayapti.

Rossiya olib borayotgan dezinformatsiya kampaniyasidan asosiy maqsad - xalqaro ommani Ukraina va Qrimdagi asl vaziyatdan chalg’itish.

Davlat tomonidan moliyalangan “Russia Today” telekanalidan o’tgan yili bo’shab ketgan Elizabet Vol Kongressda shu haqda gapirdi.

“Chalg’ituvchi xabarlar haqiqatni yashirishga qaratilgan. Ya’ni Rossiya suveren bir davlatni bosib oldi va buni tan olmayapti”, - deydi u.

Prezident Vladimir Putin bu iddaolarni rad etadi. Ukrainada Malayziya samolyoti urib tushirilgani va janglar davom etayotganida, deydi u, AQSh va NATOning aralashuvi sababchi.

Putin o’z hokimiyatini kuchaytirish va xorijda nizolarni qo’zg’atish uchun yiliga taxminan 600 million dollar sarflayapti, deydi AQSh Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi.

“Rossiya propagandasi NATO davlatlarida beqarorlik keltirib chiqarish kuchiga ega. Xavfsizlik bo’yicha kelishuvlarimizga bu ta’sir qiladi, ayniqsa Boltiqbo’yi davlatlarida”, - deydi qonunchi.

Ukrainadagi asl ahvolni, haqiqatni buzib ko’rsatish Rossiya nuqtai nazaridan to’g’ri qaror, deydi siyosatshunos Piter Pomerantsev.

“NATOga harbiy jihatdan bas kelolmaydi. G’arbning ijtimoiy-siyosiy tizimi ham kuchliroq - erkinlik va raqobatga asoslangan demokratiya. Lekin Kreml NATOni aylanib o’tsachi? Bitta ham o’q uzmasdan urush olib borsachi? Rossiya G’arb sistemasini, ochiq bozor va ochiq informatsiyani uning o’ziga qarshi ishlatmoqda”, - dedi u.

Ayrim qonunchilar va ekspertlar Qo’shma Shtatlar chora ko’rishi kerak, degan fikrda. Tadqiqotchi Xelle Dayl:

“Propagandaga javoban, AQSh kommunikatsiya strategiyasini qayta ko’rib chiqmoqda. Lekin gap shundaki, Sovet Ittifoqi qulashidan so’ng informatsion poygada qatnashmay qo’yganmiz, Rossiya va unga qo’shni davlatlarda xalq ko’nglini ovlash harakatlari to’xtab qolgan. Chunki biz mafkuraviy kurashda g’olib chiqdik, ish bitdi deb o’ylagandik”.

“Amerika Ovozi”ni boshqaruvchi AQSh Xalqaro Teleradio Kengashining muvaqqat raisi Andre Mendesning aytishicha, rusiyzabon xalqlarga ma’lumot yetkazishga qaratilgan dasturlar kengaytirilmoqda.

“Xalqaro Teleradio Kengashi Rossiya propagandasi yuzasidan xavotirlarga qo’shiladi. Shuning uchun sobiq sovet hududi, Yevropa va boshqa joylardagi rusiyzabon aholiga turli platformalar orqali axborot yetkazishga harakat qilayapmiz”, - deydi Mendes.

Kongressda hozir AQShning xalqaro teleradio boshqaruvi va strukturasini isloh qilish muhokamada. “Amerika Ovozi” direktori Deyvid Ensor reformalar o’z yo’liga, lekin biz missiyamizga binoan ishonchli va xolis axborot yetkazishda davom etamiz, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG