Amerika Janubiy Koreya, Kolumbiya va Panama bilan erkin savdo qiladi

  • Amerika Ovozi

Avvalroq Kanada va Meksika bilan imzolangan ayni bitimlar istalgan natija bermadi, deya norozi huquq tashkilotlari va kasaba uyushmalari

Avvalroq Kanada va Meksika bilan imzolangan ayni bitimlar istalgan natija bermadi, deya norozi huquq tashkilotlari va kasaba uyushmalari

AQSh Kongressi Janubiy Koreya, Kolumbiya va Panama bilan erkin savdo bitimini ma’qulladi. Tarafdorlar fikricha, hujjat Amerika eksportini yiliga 13 milliard dollarga oshiradi.

Boshqalar AQSh fuqarolarini ishdan ayiramiz, xalqaro maydonda inson huquqlari kuychisi maqomiga munosib bo’lmay qolamiz, deydi.

Prezident Barak Obama nazarida bu tashabbus iqtisodiy ahvolni yaxshilab, yangi ish o’rinlari yaratishga xizmat qiladi. Demokrat Senator Maks Bakus bu fikrga qo’shiladi.

“Yalpi ichki mahsulot 15 milliard dollarga oshadi. O’n minglab muhtoj amerikaliklar yana kasbli-joyli bo’ladi”, - deydi senator.

Bitim talablari - Janubiy Koreya bozorlariga AQSh avtomobillarini kiritish. Amerikada ko’plar Koreya avtomobillarini haydaydi, AQSh mashinalari ham Koreyada shuhrat qozonishini istaymiz, deydi prezident Barak Obama.

Norozilar erkin savdodan yaxshilik kutmang deydi. Senator Berni Sanders nazarida aynan shu bois Amerikada ishlab chiqarish pasayib, ko’p ish o’rinlari xorijga chiqib ketgan.

“Amerikada o’rtahol oilalar qiynalib, kambag’allar ko’paymoqda. Boylar va kambag’allar orasida farq keskin oshgani ham mana shu erkin savdodan. Oxirgi 10-12 yilda mamlakatda 50 mingdan ziyod zavodu fabrika yopildi. Zavodlarda 5 yarim milliondan ziyod ish o’rni g’oyib bo’ldi. Shuni bila turib, nega yana erkin savdo siyosatiga yopishib oldik?” - deb so’raydi senator Sanders.

Avvalroq Kanada va Meksika bilan imzolangan ayni bitimlar istalgan natija bermadi, deya norozi huquq tashkilotlari va kasaba uyushmalari.

Janubiy Koreya rahbarlari AQSh Kongressi qarorini olqishlamoqda. Vashingtonga safar qilayotgan Janubiy Koreya prezidenti Li Myon Bak fikricha, bu hujjat har ikki davlatda ish o’rinlarini ko’paytiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG