Kongress: O'zbekiston va butun Markaziy Osiyoda huquq targ'ibotini kuchaytiraylik


AQSh Vakillar palatasi Markaziy Osiyo, xususan O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq muammolarga e'tibor qaratmoqda. Amerika vaziyat yaxshilanishi uchun qanchalik hissa qo'shmoqda? Nima qila oladi? Davlat departamenti rasmiylari va huquq tashkilotlari vakillari qonunchilarga bu borada hisobot berdi. Kongressdagi muhokamada o'zbekistonlik arbob, sobiq siyosiy mahbus Sanjar Umarov so'zladi. U 2009-yilda ozod etilganidan beri Amerikada yashaydi.

Kongressda bunday yig’inlar katta yangilik emas, umuman olganda. Lekin O’zbekiston va unga qo’shni davlatlarga har kuni ham ahamiyat qaratilavermaydi. Qonunchilar ijroiya organini savolga tutib, mustaqil manbalarga ma’lumot uchun murojaat qilayotgani bejiz emas, chunki Vashingtonda mintaqaga nisbatan siyosatni oydinlashtirish va kuchaytirish kerak degan fikr keng tarqalgan. Marhum kongressmen Tom Lantos nomiga qo’yilgan maxsus komissiya erkinlik va demokratiya targ’ibotini kuzatadi. Bu organ a’zolari nazarida Qo’shma Shtatlar bu borada Markaziy Osiyoda sust harakat qilmoqda va samara sezilmaydi.

To’g’ri, deydi komissiya raisi demokrat qonunchi Jim Makgovern, yosh davlatlar va ularning fuqarolarida demokratik tajriba oz. Biroq Sovet davridan qolgan yoki o’sha davrda yetishgan liderlardan keyin nima bo’ladi? Avlodlar va rahbarlar o’zgarar ekan, AQShdek global lider bunga qanchalik tayyor? Tashqi siyosat uchun mas’ul Davlat departamenti, qolaversa Oq uyga ko’ra, bugungi rahbarlar bilan aloqalar joyida, hamkorlik tomonlar xohish-irodasiga qarab rivojlanib bormoqda. Lekin ular avtoritar rahbarlar, deya eslatadi kongressmen Jim Makgovern. Demak, ular o’z xalqi istagiga qarab emas, yakkahokimlik siyosatiga asoslanib ish ko’rmoqda, deydi u. Vashington nima uchun ular bilan apoq-chapoq?

Respubikachi kongressmen Jo Pitts

Respubikachi kongressmen Jo Pitts

Republikachi kongressmen Jo Pitts Obama ma’muriyatini har bir davlat bilan hamkorlikda inson huquqlari masalasini eng yuqoriga chiqarishga, Vashington bu yurtlarning rahbarlari bilangina emas, xalqlari bilan yaqindan muloqot qilib, birga ishlashga undamoqda. Asosan Afg’oniston yuzasidan kuchaygan hamkorlik bugunga kelib serqirra tus olishi, AQSh turli yo’nalishlarda ildamroq harakat qilib, bu strategik mintaqadagi rolini oshirishi lozim, deydi Pitts. Vashington har qanday vaziyatda Markaziy Osiyoda konstruktiv va dadil ish ko’ra olsin, deydi u.

Daniel Rosenblum, AQShnin Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati

Daniel Rosenblum, AQShnin Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati

Daniel Rozenblum - Amerikaning mintaqa bo’yicha bosh diplomati. Inson huquqlari targ’iboti kun tartibidan aslo tushgan emas, strategiyaning ajralmas qismi, deydi u. Mintaqa rahbarlari bilan kechgan har bir muzokarada erkinlik bilan bog’liq muammolar tilga olinadi, ijobiy o’zgarishlar qilishga undaymiz va eng muhimi, demokratiya Amerika uchun nihoyatda yuksak qadriyat ekani eslatiladi, deydi rasmiy.

Xavfsizlik va barqarorlik zaminida qonun ustuvorligi, huquqqa hurmat va erkinlik yotadi - hamkor davlatlarga aytadigan eng muhim gapimiz shu, deydi Rozenblum. Obama ma’muriyati huquq targ’ibotini so’kish yoki aql o’rgatish yo’li bilan emas, yuzma-yuz do’stona muloqot orqali olib borishga qaror qilgan. Chunki Amerika biladiki, rahbarlarni izza qilish bilan, keskin bayonotlar bilan progress tomon qadam tashlanmaydi, deydi rasmiy.

Robert Bershinski, AQShning huquq bo'yicha yetakchi diplomatlaridan biri

Robert Bershinski, AQShning huquq bo'yicha yetakchi diplomatlaridan biri

Robert Bershinski - Amerikaning inson huquqlari bo’yicha yetakchi diplomatlaridan biri. Mintaqadagi har bir respublika bilan yaqindan ishlashni xohlaymiz va huquq masalasida til topishish oliy va o’ta murakkab vazifa, deya tushuntiradi u. Muammolar cheksiz. Deyarli chorak asr oldin mustaqillikka erishgan mamlakatlarda huquq muntazam ravishda buziladi, qonunbuzarlik va korrupsiya chuqur ildiz otgan va adolat talab qilish xavfli.

Bu yil O’zbekiston, Qozog’iston va Tojikistonda saylovlar o’tdi. Har birida qonun qo’pol ravishda poymol etildi, deydi Beshinski. Masalan O’zbekistonda, deydi u, konstitutsiyaga binoan bir kishi prezidentlikka ketma-ket ikki martadan ortiq saylana olmaydi. Xalqqa tanlash imkoniyati berilmadi. Nomzodlar orasida amaldagi siyosatni savolga tuta oladigan biror odam yo’q edi. Siyosiy islohotlar qilish kerak, bosh qomus va qonunlarga rioya qilinishi kerak. Hukumatlar erkinlikni cheklayotganini esktremizm va tashqi xavfga qarshi choralar ko’rayotgani bilan asoslaydi, deydi rasmiy. Bershinski ham muammolarga qarshi kurash jazo bilan emas, muloqot orqali olib borilishi kerak, deya uqtiradi.

Demokrat kongressmen Jim Makgovern

Demokrat kongressmen Jim Makgovern

Kongressmenlar AQSh nima uchun O’zbekistondek repressiv hukumatga harbiy yordam berayapti va qanday shartlar qo’yilmoqda, deya so’radi. Davlat departamenti rasmiylarining javobi shuki, bu yili yuzlab zirhli mashina taqdim etilgan O’zbekiston va shu kunlarda harbiy vertolyotlar hadya qilinayotgan Qozog’iston AQSh bilan Afg’oniston bobida hamkorlik qilib keldi va Vashingtondan o’z tizimlarini yaxshilash uchun yordam so’radi.

Berilayotgan yordam beg’araz va uzoqni ko’zlaydi, deydi Rozenblum. Har bir vosita qanday ishlatiladi va nima maqsadda - bu tekshirib boriladi. Amerika harbiy yordami, deydi diplomat, mamlakatlar xavfsizligi va tinchligi yo’lida xizmat qiladi va shu tariqa oradagi ishonchni ham kuchaytiradi degan umid bor.

Demokrat kongressmen David Sisilline

Demokrat kongressmen David Sisilline

Kongressmenlar nazarida esa Obama ma’muriyati yakkahokimlikka asoslangan tuzumlar bilan ehtiyot bo’lishi kerak, toki Amerika harbiy madadi suiiste’mol qilinmasin. AQSh saboq bergan yoki harbiy jihatdan ta’minlagan tomonlar unga va o’z xalqlariga qarshi kuch ishlatmasin.

Kongressmenlar “Xalqaro Amnistiya” huquq tashkiloti va “Ochiq jamiyat” instituti vakillari hamda O’zbekistonda deyarli to’rt yil qamoqda o’tirgan muxolifatchi Sanjar Umarovni ham tingladi.

“Xalqaro Amnistiya” yaqinda chiqargan hisobotida O’zbekistonni qiynoqlar mamlakati deya tasvirlaydi. Hibsxona va qamoqxonalarda nima bo’layotgani haqida axborot yig’ish oson emas, chunki mamlakat bu masalalalar bilan shug’ullanadigan xorijiy tashkilotlar uchun yopiq. Amerika respublika bilan hamkorlik qilar ekan, bu muammolarga ko’z yuma olmaydi, gapdan konkret qadamlarga o’tish davri keldi, deya undaydi ekspert Allison Gill.

Allison Gill, "Xalqaro Amnistiya" tashkilotidan

Allison Gill, "Xalqaro Amnistiya" tashkilotidan

“Xalqaro Amnistiya” va “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkilotlari Vashingtonni O’zbekistonda huquqbuzar va qonunbuzar rahbarlarni jazolashga undab keladi. 2005-yilda Andijondagi qonli voqealar ortidagi rasmiylardan tortib, hozirda qamoqxonalarda qiynoqlarga bosh-qosh odamlargacha, qora ro’yxat tuzilib, sanksiya joriy etilishi kerak, deydi huquq himoyachilari. BMT qoshida O’zbekiston bilan shug’ullanadigan alohida organ tuzishni ham taklif qilishmoqda.

Jeff Goldstayn, "Ochiq jamiyat" institutidan

Jeff Goldstayn, "Ochiq jamiyat" institutidan

“Ochiq jamiyat” instituti vakili Jeff Goldstayn esa paxta dalalarida majburiy mehnat hamon keng targalgan holat ekani, korrupsiya va yulg’ichlik hukumatning eng yuqori pog’onalaridan boshlanib, jamiyatning tubigacha ildiz otgani haqida gapirdi. Goldstayn fikricha AQSh nozik masalalarni asosan parda ortida muhokama qilishi ish bermayapti. Niyat ezgumi, tanqid va chaqiriqlar oshkora bayon etilishi va shu orqali Amerika xalq bilan ekanligini namoyish etishi lozim, deydi ekspert. Uning tahlilicha, O’zbekistonga harbiy yordam berish xato siyosat va salbiy oqibatlarga yetaklashi mumkin. Qonunchilar juda ko’p jabhalarga e’tibor bermayapti, chuqur o’ylanmayapti, deya tanqid qiladi u. “Islomiy davlat” deb atalmish vahshiy kuchlar safida markaziy osiyoliklar, xususan o’zbekistonliklar yurganining o’zi xavotir uyg’otadi axir, deydi Goldstayn.

Sanjar Umarov, O'zbekistondan sobiq siyosiy mahbus

Sanjar Umarov, O'zbekistondan sobiq siyosiy mahbus

Qamoqdagi qiynoqlar asorati bilan yashayotgan Sanjar Umarov Amerikani haqiqatga ochiq ko’z bilan qarashga, kelajak haqida o’ylab ish ko’rishga undadi. Avlodlar yangilanmoqda, rahbarlar ham albatta o’zgaradi va AQSh bu jarayonlarda samarali rol o’ynay olishi kerak, dedi u. O’zbekiston xalqi ham erkinlik va oshkoralik hukmron, qonun ustuvor jamiyatda yashashni orzu qiladi. Barqarorlikka odamlarni ezish hisobiga erishib bo’lmaydi; shunday ekan, nega ildamroq siyosat olib bormayapsiz, deya murojaat qildi Sanjar Umarov AQSh qonunchilariga. Parlamentlar bilan ishlang, fuqaro jamiyati bilan ishlang, deya undadi u. Davlatlar hamkorlik qilishi kerak, mustaqillik va suverenitet o’ta muhim, lekin qamoqagi siyosiy mahbuslarni ham unutmang, deydi Sanjar Umarov, jumladan jurnalist Muhammad Bekjon va tadbirkor Rustam Usmonovni.

Umarov hozirda biror siyosiy harakatga boshchi emas, ammo Amerika siyosatdonlari bilan yaqin aloqada. Ularga asosiy maslahati: O'zbekistonda islohotlar avj olishi uchun hissa qo'shing.

Tinglovni to'liq holda tomosha qiling, ingliz tilida:

Hozircha bu ishlamaydi

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG