Breaking News

Sud Kongress a'zosini jinoyatlarda aybladi


Kongressmen Chaka Fattoh
Kongressmen Chaka Fattoh

Pensilvaniya shtatidan Kongressga saylangan Chaka Fattohni federal sudya bir necha jinoyatda ayblamoqda. Xususan, 59 yashar qonunchiga tovlamachilik va poraxo'rlik ayblovlari qo'yildi. U saylov kampaniyasi uchun olingan kreditni to'lash maqsadida federal grantlar va notijoriy tashkilot pulidan foydalangan.

"Kongressmen Fattoh xususiy va siyosiy foyda uchun lavozimini suiiste'mol qilib pora olgan, tovlamaga qo'l urgan, o'z kampaniyasi jamg'armasidan pul o'g'irlagan. Qisqasi, kongressmen Fattoh va unga sherik bo'lgan boshqa ayblanuvchilar Pensilvaniya xalqiga xiyonat qildi", - dedi AQSh bosh prokurorining yordamchisi Lesli Kaldvel.

Sud jarayoni paytida taqdim etilgan dalillardan ma'lum bo'lishicha, qonunchi Filadelfiya shahar hokimligiga saylanaman deb, saylov kampaniyasini olib borish uchun qarzga bir million dollar olib, uni uzish uchun o'zi tashkil etgan ma'rifiy notijoriy tashkilot g'aznasidan 600 ming dollar ishlatgan.

Bundan tashqari, kongressmen boshqa ayblanuvchilar bilan til biriktirib, firibni yashirish maqsadida soxta kontraktlar tuzish orqali notijoriy tashkilot hisoblarini to'g'rilashga uringan.

Fattoh, shuningdek, Kongressga saylanish uchun to'plangan pulning bir qismini o'g'lining o'qishiga olingan qarzni yopishga sarflashda ham ayblanmoqda. O'g'il qalloblikda aybdor topilib, ayni damda besh yillik qamoq muddatini o'tamoqda.

Sud jarayonidan so'ng muxbirlar bilan gaplashgan demokrat qonunchi iste'fo berishi haqida indamagan. Agar iste'foga chiqishdan bosh tortsa, Kongressda ozchilik sardori Nensi Pelosi undan palatadan ketishni so'rashi yoki boshqa demokratlar bilan safdoshini deputatlik mandatidan ayirish uchun chora ko'rishi mumkin.

1995-yildan beri qonunchilik faoliyatini olib borayotgan Fattoh usiz ham Kongressda uzoq qolmasligi aniq. Aprel oyida u partiyaviy saylovda boy berib, qayta saylanish imkoniyatidan mahrum bo'ldi.

Sud qarorni oktabr oyida chiqarishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG