Kongressmen: Qirg'izistonda "Haqiqat va Yarashuv" komissiyasini tuzish kerak


AQSh Kongressi a’zosi, demokrat qonunchi Alsi Xeytings (Alcee Hastings) fikricha iyun oyi boshida Qirg’iziston janubida ro’y bergan voqealar izchil o’rganib chiqilishi va bunga Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bosh-qosh bo’lishi kerak.

Ijtimoiy kelishmovchiliklar etnik va qonli tus olmasligi uchun zarur choralar ko’rilishini ta’minlash ham shu tashkilot bo’ynida, deydi u, Qirg’izistonda hukumat zaif ekaniga ishora qilib.

Alsi Xeystings, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bo’yicha AQSh komissiyasi raisi. Biz uni suhbatga tortdik.

"Amerika Ovozi": Janob kongressmen, Vashington siyosiy doiralari Qirg’iziston janubida minglab insonning hayotiga zomin bo’lgan, yuzlab ming aholini jon saqlash uchun uy-joyini tashlab qochishga majbur qilgan fojiani izohlashga qiynalayapti. “Ta’riflashga ojizmiz”, deyishayapti. Siz va safdoshlaringiz bu borada qanday fikrda?

Kongressmen Xeystings: Qirg’izistonda ahvol anchadan beri tang ekanini bilardik. Muvaqqat hukumat rahbari (Roza Otunbayeva) ham biz bilan aloqada edi. Vaziyat Bakiyev prezidentligi davridayoq keskinlashgan. AQSh Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi ham bu haqda bilgan. Qirg’iziston biz uchun muhim davlat. Biz uning tinch va barqaror bo’lishidan manfaatdormiz. Tinchlikni tiklash eng oliy vazifa va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kelasi hafta Osloda uchrashganida yechimlar haqida yaxshilab gaplashib olish kerak. Tashkilot politsiya va kuzatuvchilarni kiritishi kerak deb o’ylayman. BMT ham muhim rol o’ynashi kerak. AQSh yordam berishga tayyor. Lekin niyat bilan ish bitmaydi. Amalda aniq qadamlar qo’yilishi kerak.

"Amerika Ovozi": Aynan nima qilinishi kerak deb o’ylaysiz? Voqealarni tergov qilish-chi? Bunday voqealar takrorlanmasligi uchun javobgar tomonlarni topib, jazolash ham muhim emasmi?

Kongressmen Xeystings:: Hozir, nazarimda, eng muhimi, barqarorlikka erishish. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ko’k qalpoqli, fuqaroviy politsiya kuchlariga ega. Ularni mojaro hududiga kiritish lozim. Bu tashkilotga a’zo Rossiya va O’zbekiston ham tinchlik yo’lida o’z hissasini qo’shsin, muzokaralarda faol qatnashsin, o’z pozitsiyasini bildirsin. Qirg’iziston, shuncha muammolarga qaramay, davlat tizimini o’zgartirish harakatida qat’iy. Mintaqada hali biror bir mamlakat, shu jumladan Qozog’iston, hozirda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilayotgan respublikada ham, parlamentga ko’proq vakolat berish haqida gap yo’q. Biz Qirg’izistonda davlatchilik va xalq manfaatlarini birdek himoya qilishimiz, yordam berishimiz kerak. Maqsad – mustaqil matbuot, mustaqil adliya tizimi va fuqaro jamiyatini ravnaq toptirish. Endi tergovga kelsak, men Qirg’izistondagi fojia xuddi Janubiy Afrikada irqchilik jinoyatlari qanday tekshirilgan bo’lsa, shu modelda olib borilishi kerak deb hisoblayman. Ya’ni, “Haqiqat va Yarashuv” komissiyasi tuzilib, nima bo’lganini taftish qilish unga yuklanishi kerak. Qirg’iziston rahbarlarini bu haqda jiddiy o’ylashga chaqiraman.

"Amerika Ovozi": Janob kongressmen, O’sh va Jaloloboddagi o’zbek aholi bilan gaplashsangiz, ular sizga doimiy qo’rqinchda yashayotganini aytadi. Ularning hukumatga ishonchi yo’qolgan. Ular nazarida rahbarlar o’zbeklarga qarshi kampaniya olib bormoqda. “Xavfsizlik kuchlari bizdan qurol-aslaha qidirib, bizni turli jinoyatlarda ayblab, o’zbeklar ham xunrezlik qilgan, qirg’in emas, o’zaro to’qnashuv bo’lgan deya ko’rsatishga urinmoqda”, deyishayapti. O’zbeklar xalqaro hamjamiyat ularning dardini tushunmayotganidan noliydi. Vashingtonda o’tirgan siz kabi siyosatchilar ayni damda O’sh va Jalolobodda hukumat kuchlari nima qilayotganini biladimi?

Kongressmen Xeystings: Kongress a’zolarining ko’pchiligi bu haqda bilmaydi, masalani muhokama qilayotgani ham yo’q. Lekin men singari bu mintaqa bilan ishlaydigan, vaziyat bilan yaqindan tanish qonunchilar, albatta, u yerda nima bo’layotgani haqida ma’lumot va hisobotlar olib turibmiz. Ichki ishlar xodimlari hech bir fuqaroning huquqlarini poymol qilmasligi kerak. Lekin biz u yerda nazoratchi emasmiz. Shu bois biz huquqni hurmat qilishga chaqirish bilan cheklanamiz. Hukumatga nisbatan ishonch yo’qligi ham tabiiy hol. Biz uzoq muddatni ko’zlab ish ko’rishimiz kerak. Saylovlar adolatli o’tishi uchun o’z kuzatuvchilarimizni yo’llab, Qirg’izistondagi siyosiy o’zgarishlar bir maromda, tinchlikda yuz berishi uchun harakat qilishimiz kerak. Qirg’in jabrdiydalariga yordam berish, 400 ming odamni uyiga qaytarish, xonadonlarini tiklash, aholiga har tomonlama ko’maklashish… Bu jamiyatda tenglik, elatlararo ahillik va hamjihatlikka erishish oson bo’lmaydi, buni tushunamiz, ammo bunga erishish uchun nimaiki qila olsak, qilishimiz kerak. Bu kabi qirg’inlarni Bosniya, Ruanda va Sudanning Darfur mintaqasida ko’rdik. Saboq olishimiz kerak. Odamlar boshidan qanday og’ir kunlar o’tayotganini bilamiz. Aholi orasida kelajakka ishonchni oshirish hozir juda qiyin. Qo’shni va yaqin davlatlar – Qozog’iston, O’zbekiston, Rossiya va biz, AQSh birgalikda yordamlashishimiz kerak.

"Amerika Ovozi": Obama ma’muriyati Qirg’iziston harbiy yordam so’raganida yo’q deb to’g’ri qildi deb o’ylaysizmi? Ba’zi tahlilchilar nazarida Amerika aralashganida balki minglab insonlar hayoti saqlab qolingan bo’lardi. Mintaqada ham ko’plab odamlar “Amerika Qirg’iziston mashmashasini Rossiya hal etishi kerak degan qabilda ish tutdi” deya xulosa qilmoqda. Mana o’zingiz aytdingiz, ahvol yomon ekani oldindan ma’lum edi deb. Amerika mojaro oldini olish uchun nima qildi? Manasdagi bazani deb AQSh Qirg’izistondagi korrupsiya va azaliy muammolarga ko’z yumdi degan tanqidga nima deysiz?

Kongressmen Xeystings: Qirg’iziston Amerika va Rossiyadan boshqa hech kimdan harbiy yordam so’ragani yo’q, to’g’rimi? Yevropa Ittifoqi yoki Yaponiyaga telefon qilishgani yo’q-ku. Amerika harbiy yordam so’ragan har bir davlatga xo’p desa, biz butun dunyo bo’ylab urush olib borayotgan bo’lardik. Menimcha, AQSh va Rossiya qo’shin kiritmay to’g’ri ish qildi. Odamlar bir-birining qonini to’kayotgan paytda harbiy olib kirish eng katta xato bo’ladi. Mojaroni tinch yo’l bilan hal etish kerak. Amerika maslahat beradi, muammolarni hal etish yo’lida yordamlashadi. Chet el qo’shini kirsa, o’zining so’zini o’tkazadi, bosib oladi hisob. Buning kimga foydasi bor?

"Amerika Ovozi": Demak, siz O’zbekistonning ham mojaroga nisbatan tutgan yo’lini yoqlaysiz. Harbiy aralashuvsiz, tinchlikka chaqirib, qochqinlarga yordam berganini.

Kongressmen Xeystings: O’zbekiston istasa, yanada ko’proq yordam bera oladi, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni oshirgan holda. Qirg’iziston janubi aholisi hammamizning ko’magimizga muhtoj. Qochqinlar vatanga qaytar ekan, ularning turmushini tiklash kerak. Qirg’in oqibatlari mislsiz… Vaziyat juda murakkab. Amerikaga qanday umidlar bog’langanini bilamiz va ko’maklashamiz.

"Amerika Ovozi": Suhbat uchun rahmat, kongressmen.

Kongressmen Xeystings: Sizga ham rahmat bu muloqot va ma'lumotlar uchun.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG