Madlen Olbrayt Obamaning tashqi siyosatini himoya qildi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama sobiq davlat kotibasi Madlen Olbraytni Ozodlik medali bilan taqdirlamoqda, 29-may, Vashington, 2012-yil.

Prezident Barak Obama sobiq davlat kotibasi Madlen Olbraytni Ozodlik medali bilan taqdirlamoqda, 29-may, Vashington, 2012-yil.

AQShda muxolif Respublikachilar partiyasi prezident Barak Obama ma’muriyatini tashqi siyosat bobida tanqid qilib, zaiflik va noaniqlikda ayblar ekan, Demokratlar partiyasi qarshi hujumga o’tmoqda. Sobiq davlat kotibasi Madlen Olbrayt “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Obamaning tashqi siyosatini yoqlab chiqdi.

Respublikachilar nazarida demokrat rahbar Suriyadagi qirg’inga ko’z yumib, yetarli chora ko’rmayapti.

Demokratlarning javob da’vosi shuki, respublikachilar Afg’oniston va Iroq urushlarini tugatishga qarshi va ayni paytda Suriya hamda Eronda harbiy mojaroga aralashmoqchi.

Barak Obama 2010-yilda Rossiya bilan strategik qurollarga doir START bitimini yangilab oldi. Prezidentlikka da’vogar respublikachi Mitt Romni fikricha, bu bitim – katta xato. Amerika xavfsizligini tahdid ostiga qo’yib, Rossiya talablariga bo’yin egdik, deb hisoblaydi Romni.

AQSh sobiq davlat kotibasi, demokrat Madlen Olbrayt o’zgacha fikrda:

“Rossiya hozir oldimizda turgan eng yirik siyosiy muammo deyish eskicha qarashdir. Albatta, Rossiya murakkab bir mamlakat, lekin unga birlamchi muammo deb yondashish bugun, XXI asrda xalqaro maydondagi vaziyatni mutlaqo tushunmaslikdan darak beradi”, - deydi Olbrayt.

Xeritij jamg’armasi olimi Brayan Darling bu fikrga qo’shilmaydi.

“Mitt Romni olg’a surayotgan tashqi siyosat dasturi eskicha emas. Aksincha, sobiq prezident Ronald Reygan siyosatiga hamohang: kuch-qudratni ishga solib tinchlikka erishish. Romni yondashuvi sobiq rahbar Jorj Bush tashqi siyosatiga monand: dushmanlarga hujum qilib, dunyo tahdid solayotgan xavfning oldini olish”, - deydi tahlilchi.

Madlen Olbrayt so’zlariga ko’ra, ikki partiya o’rtasidagi farq shuki, demokratlar musht emas, diplomatiya tarafdori.

“O’zga davlatlarga quloq tutib, muammolar ustida birga ishlash muhim. Amerika kuch-qudrati shunda”, - deydi sobiq davlat kotibi.

Respublikachi Kondoliza Rays ham o’tmishda davlat kotibasi lavozimida xizmat qilgan. O’tgan hafta muxolif partiya qurultoyida so’zlagan arbob fikricha, Obama tashqi siyosati mujmal.

“Amerika yetakchi davlat. Bu mas’uliyatni to’liq his qilishimiz, yashirinib yashashni bas qilishimiz kerak”.

Demokratlar Shimoliy Karolinada qurultoy o’tkazar ekan, bugun anjumanda sobiq prezident Bill Klinton so’zlaydi.
Fe’li, qalbi va qadriyatlarini oladigan bo’lsak, Barak Obama zarracha o’zgarmagan. U hali ham o’sha, men ko’ngil qo’ygan inson.


U Obamaning nomzodini rasman olg’a surishi kutilmoqda. Klinton davrida iqtisodiyot barqaror va taraqqiy etgani bois arbobning xalq orasida nufuzi bugun ham baland.

Tahlilchilar nazarida uning qo’llab-quvvatlovi Obama reytingi uchun yaxshi.

Obama payshanba nomzodlikni qabul qilib, ikkinchi muddatga saylansa, tashqi siyosat bobida nimalar qilishi haqida batafsil to’xtaladi.

Kecha partiya syezdida prezidentning rafiqasi Mishel Obama minbarga chiqdi. U Qo’shma Shtatlarni boshqarishga faqat Barak Obama loyiq ekanini ta’kidlab, prezidentlik turmush o’rtog'ini o’zgartirmaganini aytdi.



“Fe’li, qalbi va qadriyatlarini oladigan bo’lsak, chin dildan aytishim mumkinki, Barak Obama zarracha ham o’zgarmagan. U hali ham o’sha, men ko’ngil qo’ygan inson”, - dedi u.

Mishel Obama barcha amerikaliklar, xususan, xotin-qizlarni amaldagi prezident tarafiga og’dirishga urindi.

“Barak tibbiyot sohasidagi islohotlardan voz kechish, bu masalani boshqa payt, boshqa prezidentga qoldirishga da’vat etganlarga quloq solmadi. U siyosiy jihatdan oson bo’lgan qarorlar qabul qilishga emas, to’g’ri qarorlar qabul qilishga odatlangan. Yoshligidan shunaqa”, - dedi Mishel Obama.

So’nggi so’rovlar ikki nomzod reytingi deyarli bir xil ekanini ko’rsatmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG