Partiyaviy qurultoylar kimga kerak?

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlarda partiyalar har to’rt yilda prezidentlikka nomzodlarni rasman tanishtirish marosimini o’tkazadi. Bu hafta respublikachilar, kelasi hafta demokratlar qurultoyi.

O’tmishda demokrat va respublikachilar mana shunday majlislarda tortishib, maslahat qilar, so’ng tantanavor usulda aniq nomzodlarda to’xtar edi. Lekin bugun marosim asosan ramziy ma’no kasb etadi. Ularni o’tkazishga hojat bormikan, deya so’raydi ayrimlar.


Futbol matchida bo’lgani kabi, hushtak chalinib, partiyalar haqiqiy jangga kirishadi. Oq uy vasliga yetmoqchi bo’lganlar ixtiyorida salkam uch oy bor ekan, raqiblar bo’shashmasligi kerak.

O’tmishda bu siyosiy yig’inlar fitna, ichki o’yinga boy bo’lar edi.

Janjal, to’polonlar… 1968-yilda demokratlar majlisi paytida Vyetnam urushiga qarshi ommaviy namoyish ur-yiqitga aylangan.

Bugun esa bu marosimlar bir tantana. Nomzodlar kimligi oldindan ayon.

Chunki shtatma-shtat o’tadigan dastlabki saylovlar paytidayoq oxirida kim qolishi ma’lum bo’ladi. Joriy yilda Demokratik partiyadan nomzod, amaldagi rahbar Barak Obama Respublikachilar partiyasi olg’a surgan arbob Mitt Romni bilan kuch sinashadi. Kutilmagan o’zgarishlar bo’lishi gumon.

Jon Xudak - Brukings tahlil instituti olimi.

“Taklif qilayotgan dasturlari ko’p jihatdan bir-birini takrorlaydi”,- deydi u.

Xarajatni aytmaysizmi? Har bir siyosiy partiyaga fuqarolar jami 18 million dollar xayriya puli tuhfa etadi. Soliqlardan tushadi bu mablag’.

Holbuki, dabdabali yig’inlar uchun har bir partiya ikki karra ko’p, 40 million dollar sarflaydi. Pulni boshqa maqsadlarda ishlatgan afzal, deb hisoblaydi ba’zilar.

Richard Sevej - siyosiy maslahatchi.

“Biror partiyaga a’zo bo’lmagan insonlar uchun buning turgan-bitgani isrofgarchilik. Lekin u yoki bu nomzodni yoqlab, eshikma-eshik yurib, boshqalarni da’vat etgan fuqarolar nazarida arziydigan tashabbus”,- deydi u.

Yig’inlar paytida ba’zida yangi-yangi yulduzlar porlaydi. Barak Obama 2004-yilda demokratlarning tadbirida so’zlab, birinchi bor og’izga tushgan edi.


“Amerika siyosati bilan tanish bo’lmagan, chet elda yashovchi odamlarga bu majlislar kim-kim ekanini bilish imkonini beradi”.

Lekin eng mag’zi, qiziq jihati – televideniye uzatayotgan sharhlardir. Amerika telekanallari majlislarni har tomonlama yoritib, nomzodlarni astoydil elakdan o’tkazadi.

Ekspert Norman Ornstin:

“Bepul efirga uzatiladi bari. Nomzod ichidagi borini to’kib solishi mumkin va buning uchun birovga bir tiyin to’lab o’tirmaydi”.

Nomzodlar mo’ljalga olgan manzil – Oq uy. G’olib saylov kuni, 6-noyabrda ma’lum bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG