Obama va Romni diqqatini O’zbekiston paxtazorlariga qaratsin, deydi huquq faollari

  • Amerika Ovozi

O’zbekistonda paxta terimi mavsumi davom etar ekan, Qullikka qarshi kurash kuni munosabati bilan faollar AQShda prezidentlikka da’vogar Barak Obama va Mitt Romni diqqatini tortmoqda.


Qullikning zamonaviy shakliga jalb qilingan minglab bolalar, ayollar va erkaklar sizga ko’z tikib turibdi, deyiladi kechagi bayonotda.

O’zbekistonda xalq hukumat uchun qora terga botib mehnat qilmoqda, lekin rahbariyat paxtadan tushgan yillik 1 milliard dollar daromad nimaga, qanday sarflanishi haqida hisobot berishni lozim topmaydi, deyiladi unda.

Hukumat bolalar ekspluatatsiya qilinmaydi deya bong ursa-da, terim mavsumiga mustaqil kuzatuvchilarni yo’latmay keladi. Joriy mavsumda rahbarlar katta yoshdagilar orasida majburiy mehnatga zo’r bergani ma’lum.

Davlat ishchilarining taxminan 20 foizi, o’qituvchi, shifokor, hamshira, bank xodimlari, harbiylar va deyarli barcha talabalar dalada.

Qo’shma Shtatlar zamonaviy qullikka qarshi kurashda yetakchi nomini olgan, biroq O’zbekistonda bolalar va kattalar majburiy mehnatini tugatish ustuvor masala sifatida belgilanishi kerak, deya da’vat etmoqda faollar.

Kelasi dushanba, 22-oktabrda Obama va Romni millionlab muxlislar oldida tashqi siyosat haqida bahslashadi.

Har ikkisini bu imkoniyatdan foydalanishga va zamonaviy qullikni ochiqchasiga qoralashga chaqiramiz. O’zbekiston paxta ishlab chiqarish sektorini tilga oling, deya da’vat etadi faollar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG