Azimjon Asqarov va O'rinboy Usmonov - xalqaro mukofotlar sovrindori


Azimjon Asqarov va O'rinboy Usmonov

Azimjon Asqarov va O'rinboy Usmonov

Qirg'izistonda panjara ortida o'tirgan Azimjon Asqarov Nyu-Yorkda asoslangan tashkilot, Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita tomonidan yuksak sovrin bilan taqdirlandi.

Xalqaro Matbuot Erkinligi Mukofoti har yili dunyo bo'ylab sanoqli jurnalistlarga nasib etadi. Asqarov qatorida bu yili Braziliya, Xitoy va Liberiyada huquq va adolat uchun kurashgan insonlar ham e'zozlanmoqda.

Qirg'iziston janubida faollik ko'rsatib, oshkoralikni targ'ib qilgan Asqarov umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan.

U 2010-yil iyun voqealari ketidan hibsga olinib, Jalol-Obod viloyatining Bozor-Qo'rg'on tumanida bir militsionerning o'limida va bir nechtasiga tan jarohati yetkazganlikda hamda qurol saqlaganlik, garovga olishga harakat qilganlik va etnik adovat qo'zg'atganlikda aybdor deb topilgan. 2011-yil dekabrida Oliy Sud uning ishini qayta ko'rib chiqib, hukmni o'z kuchida qoldirgan.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita nazarida esa Azimjon Asqarov begunoh qamoqda o'tiribdi.

Tashkilot tahlilicha, sudda keltirilgan dalillarning birortasi pichoqqa ilinmaydi, ko'rsatmalar qiynoqlar ostida olingan, ayblovlar soxtalashtirilgan.

"Azimjon Asqarovning yolg'iz aybi korrupsiyaga botgan huquq-tartibot organlari xodimlari va ba'zi rasmiylarning ikki yil burungi etnik qirg'indagi harakatlarini fosh etganida", - deyiladi qo'mita bayonotlarida.

Asqarovga qarshi sudda na ashyoviy dalil, na mustaqil guvohlar ko'rsatmalari taqdim etilgan. Haqiqiy guvohlar esa qo'rquvdan sukut saqlashga majbur, deydi himoyachilar.

Tojikistonda terrorga qarshi kurashni yoritib tanilgan, ekstremist kuchlar bilan aloqa qilganlikda ayblanib sudlangan jurnalist O'rinboy Usmonov ham yaqinda inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilot Human Rights Watch ta'sis etgan oliy mukofotga loyiq topilgan edi. Hellman-Hammet sovrini o'z faoliyati uchun ta'qibga uchragan adiblarga beriladi.

​"Bi-Bi-Si" (BBC) O’zbek xizmatining Tojikistondagi muxbiri sifatida, O‘rinboy Usmonov erkin axborot to'plash va uzatishga harakat qilganini aytib keladi.

Prokuratura esa uni "Hizb-ut-Tahrir” partiyasiga a’zolik, ekstremistik guruhga qo’shilganlik va konstitutsion tuzumni ag’darishga da’vat etganlikda ayblagan.
U milliy xavfsilik qo’mitasi xodimlari tomonidan qo’lga olinib, bir oy izolyatorda saqlangan.

O‘rinboy Usmonov 2011-yilning oktabr oyida sud uni qisman aybdor deb topib, shartli jazoga mahkum etgan. Biroq jurnalist yuqori sudga shikoyat qilgan, chunki u o’zini begunoh deb biladi.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG