2015 jurnalistlar uchun halokatli yil bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasiga ko’ra, 2015-yil matbuot uchun eng talafotli yillardan biri bo’ldi: 69 muxbir o’ldirildi. Ular ish paytida yoki urush-mojarolarni yoritayotib halok bo’lganlar hamda kasbi uchun nishonga olinganlar.

Mana to’rt yildirki, muxbirlar uchun eng xavfli mamlakat – Suriya. U yerda 2015-yilda 13 jurnalist halok bo’ldi. 2012-yilda bu raqam 31ga, 2013-yilda 29 ga, 2014-yilda esa 17 ga teng edi.

Biroq bu raqamlar to’la manzarani aks ettirmaydi. So’nggi ikki-uch yilda bu mamlakatda ishlayotgan jurnalistlar ancha kamaydi. Xalqaro axborot agentliklari u yerga muxbirlarini yubormaslikka qaror qildi, ayni vaqtda mahalliy jurnalistlarning ko’pginasi mamlakatni tark etdi.

Bundan tashqari, yo’qolgan va o’limi tasdiqlanmagan jurnalistlar ham bor.

“Iroq, Suriya kabi hududlarda jurnalistlar o’limini o’rganish juda qiyin. Zo’ravonlik kuchli, aniq ma'lumot topib bo’lmaydi”, - deya tushuntiradi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasidan Kortni Radsh.

Iroqning Mosul shahrida qo’mita yo’qolgan, o’ldirilgan yoki “Islomiy davlat” jangarilari tomonidan garovga olingan 35 jurnalist ishini o’rgandi. Ammo faqat bir nechtasining o’limi to'la tasdiqlandi.

Fransiya ro’yxatga qo’shildi

2015-yilda nobud bo’lgan 69 muxbirning 28 nafari, ya’ni qariyb 40 foizi – “Islomiy davlat” va al-Qoida qurbonlari. To’qqiz nafari Fransiyada o’ldirildi. Ulardan sakkiz nafari “Sharli Ebdo” jurnali xodimi, yana biri 13-noyabrda Bataklan teatridagi konsertdan reportaj tayyorlayotgan jurnalist bo’lgan.

Radshning aytishicha, texnologiyalarning rivojlanishi tufayli ko’plar hodisa joyidan ma’lumot uzatishni uddalay oladi, biroq haqiqiy reportajlar tayyorlash boshqacha, va aynan professional jurnalistlar jiddiy xavf ostida ishlaydi.

“Ular qizil chiziqdan o’tadi, jamiyatdagi normalarni o’zgartiradi. Hujumlarga javob ham jurnalistlarni tahdid ostiga qo’yishini tushunishimiz kerak”, - deydi Radsh.

O’tgan yili o’ldirilgan jurnalistlarning uchdan ikki qismi aynan ishi tufayli nobud bo'lgan, deydi qo’mita vakili.

Senzura

Ayrim mamlakatlarda qamalgan jurnalistlar ko’p. Bunga misol – Misr va Eron, deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi. Ya’ni ular qattiq senzura qurboni bo’lgan.

O’ldirilgan jurnalistlar asosan siyosat, urush va inson huquqlari mavzularini yoritgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG