Qirg'izistonga murojaat: "Azimjon Asqarov ishini qayta ko'rib chiqing"

  • Amerika Ovozi

2012-yilda Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita qamoqdagi Azimjon Asqarovni oliy mukofot bilan taqdirlagan edi

2012-yilda Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita qamoqdagi Azimjon Asqarovni oliy mukofot bilan taqdirlagan edi

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo'mitasi (CPJ) Qirg'iziston hukumatini qamoqdagi faol Azimjon Asqarov ishini qayta ko'rib chiqishga undamoqda. Bu borada Bishkekka ochiq xat yo'llangan.

Unda bayon qilinishicha, 2010-yilning sentabr oyida umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan Asqarovning begunoh ekanini isbotlovchi dalillar bor va Qirg'iziston adliya tizimi ularni rad eta olmaydi.

Jalol-Obod viloyatida huquq himoyasi bilan shug'ullangan, fuqarolarga qarshi jinoyatlarni oshkor etib tanilgan va vaziyat xususida dunyo ahlini boxabar qilgan Asqarov 2010-yilning iyun oyidagi xunrezliklar ketidan qamoqqa olingan.

U ommaviy tartibsizlik uyg'otganlik, odam o'g'irlaganlik, militsionerning o'limiga aloqadorlik kabi ayblovlar bo'yicha aybdor deb topilgan.

Biroq jarayonni kuzatgan xalqaro tashkilotlar, mahalliy huquqshunoslar va faollar, hatto Qirg'iziston ombudsmanining o'zi ham sud adolatsiz kechganini aytib, Asqarov aslida korrupsiya va huquq-tartibot organlarining qora ishlarini oshkor etgani uchun jazolanmoqda, deb keladi.

2012-yilning 24-dekabrida prezident Almazbek Atambayev masala yuzasidan savolga tutilganida, mamlakatda qonun ustuvorligi ta'minlanadi deb javob berdi.

Prezident yana shuni ham ta'kidladiki, agar Asqarovga adolatsiz hukm berilganini ko'rsatuvchi isbot-dalil bo'lsa, butun ish yangidan ko'rib chiqilishi kerak. Atambayev bu fikrini yaqinda Germaniyaga safari paytida ham takrorladi.

Asqarovning advokatlari va masala bilan yaqindan tanish mutaxassislar deydiki, sudda soxta ko'rsatmalar berilgan, chunki asl guvohlar qattiq qo'rqitilgani sabab sud oldiga chiqmagan. Ammo shundan beri ular haqiqatni aytishga tayyor ekanini bildiryapti.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita rahbari Joel Saymon Qirg'iziston Bosh prokurori Aida Salyanovaga yozgan ochiq xatida bularning barchasini tilga oladi.

Tashkilot nazarida ish mustaqil tergovchilarga topshirilishi va oshkora tarzda ko'rib chiqilishi shart.

Mamlakat demokratik yo'ldan ketayotganini, inson huquqlari hurmat qilinishini isbotlasin, rahbarlar va'dalarida tursin, deya undaydi Jurnalistlarni himoya qiluvchi qo'mita.

Bishkekdan hozircha javob yo'q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG