"Kishansiz matbuot" talabi bilan kampaniya

  • Amerika Ovozi

Xalqaro tashkilotlar kasbiy faoliyati uchun panjara ortiga tashlangan yoki o’ldirilgan jurnalistlar taqdirini eslatmoqda. “Kishansiz matbuot” deya nomlangan kampaniya Vashingtondagi “Newseum” axborot muzeyida olib borilmoqda.

Tashkilotchilar - Merilend universitetining Fillip Merill Jurnalistika kolleji va Jurnalistlarni himoya qilish tashkiloti (CPJ) – qamoqdagi jurnalistlar ozod etilishini talab qilmoqda. Xususan to’qqiz kishining ishiga e’tibor qaratiladi.

“Erkin so’zdan cho’chigan hukumatlar ularni turmaga tashlagan. Bu dovyurak muxbirlarni olqishlab, ularni chiqarishga undaymiz”, - deydi CPJ vakili Kortni Radsh.

Ozod etilishi talab qilingan 221 jurnalist qatorida jumladan quyidagi shaxslar bor:

Xitoy (Ilhom To’xti, 2014-yildan beri qamoqda), Svazilend (Beki Makhubu, 2014), Efiopiya (Riyot Alemu, 2011), Ozarbayjon (Xadicha Ismayilova, 2014), Eron (Jeyson Rizoyan, 2014), O’zbekiston (Yusuf Ro’zimurodov, 1999), Misr (Mahmud Abu Zayd, 2013), Vyetnam (Ta Fong Tan, 2011) va Bahrayn (Ammar Abdulrasul, 2014).

Jurnalistlarni himoya qilish tashkilotining bildirishicha, ro’yxatdagilar o’z ishini bajargani, axborotni jamoatchilikka yetkazgani uchun asossiz ayblangan. Ikkisi hech qanday ayblovsiz hibsda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti jurnalistlar himoyasiga bag’ishlangan konferensiya o’tkazdi. “Jurnalistlarga hujum – butun jamiyatga qarshi qilingan hujum deb qaralishi kerak”, - dedi tashkilotni ayni damda boshqarayotgan Serbiya Tashqi ishlar vaziri Ivitsa Dachich.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi bo’yicha vakili Dunya Miyatovich ham jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash bugun dolzarb masala ekanini ta’kidladi.

“Tashkilotga a’zo mamlakatlarda qalam ahli nishonga olinayotgani chuqur tashvish uyg’otadi. Hukumatlardan bu borada chora ko’rishni so’raymiz”, - deydi u.

Joriy yilda dunyo bo’ylab 19 jurnalist o’ldirilgan, jumladan Parijdagi “Sharli Ebdo” satirik jurnali xodimlari. 2014-yilning dekabrida yangilangan raqamlarga qaraganda, 221 jurnalist hozir qamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG