Xalqaro tashkilot: Muhammad Bekjon ozod etilsin

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi (Committee to Protect Journalists) nazarida O'zbekiston hukumati jurnalistlarni tahqirlashda davom etmoqda. Asossiz qamalgan qalamkashlar turli soxta ayblar bilan muddati uzaytirilib, sog'ligi xarob ekaniga qaramay ozodlikka chiqarilmayapti, deyiladi bugun bu xalqaro tashkilot chiqargan bayonotda.

"Erk" muxolifat gazetasiga muharrirlik qilgan Muhammad Bekjon 1999-yildan beri panjara ortida. Mahbusning yaqinlari deydiki, unga zarur tibbiy xizmat ko'rsatilmayapti.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasining bildirishicha, dunyoda shu paytgacha biror jurnalist Muhammad Bekjon singari uzoq muddatga qamalmagan.

Tuzumga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilib, 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Bekjon 2012-yilning boshida qamoqdagi tartibni buzganlikda ayblanib, yana besh yilga kesilgan.

Hozirda Muhammad Bekjon Navoiy viloyatida jazoni o'tash zonasida. Rafiqasi Nina Bekjonovaning ayon qilishicha, mahbus sil va boshqa xastaliklardan azob chekmoqda va ahvoli kun sayin zaiflashib borayapti.

Muhammad Bekjonga zarur muolaja berilishi va uning davolanishi uchun zarur sharoit yaratilishi kerak, deya undaydi Muzaffar Suleymanov, Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasining Markaziy Osiyo bo'yicha bosh mutaxassisi.

O'zbekiston hukumati jurnalistni ozod etishi kerak, deydi u.

Muhammad Bekjon va uning safdoshi Yusuf Ruzimurodov Ukrainada qo'lga olingan. Ular shu mamlakatda yashab, "Erk" gazetasi ustida ishlar edi.

Ushlanib, vataniga deportatsiya qilingach, ular sudlandi va man etilgan nashr chiqarib, man etilgan siyosiy harakatni targ'ib qilib, mavjud tuzumni ag'darishga harakat qilganlikda aybdor deb topilgan. Ruzimurodov 15 yilga qamalgan.

Muhammad Bekjon, 2003-yilda olingan surat

Muhammad Bekjon, 2003-yilda olingan surat

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi hisobicha, ayni damda O'zbekistonda kamida 14 jurnalist panjara ortida.

2008-yilda Qoraqalpog'istonda Solijon Abdurahmonov va 2009-yilda Toshkentda Dilmurod Sayid ham soxta va asossiz ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum etilgan, deya bildiradi tashkilot.

Har ikki jurnalist mahalliy tizimlardagi korrupsiya hollarini fosh etishga uringan va natijada qalloblik qurboni bo'lgan, deydi ularning hamkasblari.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG