AQSh qrim-tatarlar Majlisining taqiqlanishini qoraladi

  • Amerika Ovozi

Kiyevda o'tgan qrim-tatarlar namoyishi

Kiyevda o'tgan qrim-tatarlar namoyishi

AQSh Davlat departamenti qrim-tatar Milliy Majlisining Rossiya tomonidan ekstremist tashkilot deb e'lon qilinishini qoralab bayonot chiqardi. Adliya vazirligining bu qarori bekor qilinishi kerak, deyiladi unda.

Majlis azaldan yarimorolda tarixiy zug'umlarni boshdan kechirgan tatarlarning manfaatini himoya qilib kelgan. Xalq tili va madaniyatini asrash, diskriminatsiyaga qarshi kurash masalalarida ham uyushmaning o'rni beqiyos.

Rossiya qonunlari Ukrainadagi tatarlar hayoti ustidan hech qanday vakolatga ega emas, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Majlisning taqiqlanishi bundan buyon uning yig'inlar o'tkaza olmasligini va o'z qarashlarini matbuotda e'lon qila olmasligini bildiradi. Bu esa demokratik qadriyatlarga ziddir.

Qrim Rossiyaga qo'shib olingandan beri yarimorolning etnik ozchilik bo'lgan tatar xalqiga, unga tegishli tashkilotlarga, Moskvaga qarshi norozilik bildirgan faollarga zug'umlar keskin oshgan. Majburiy qamoqqa olish, kaltaklash, uylarda va masjidlarda reydlar o'tkazish tez-tez uchrab turadi.

"Biz yana bir bor Rossiyani Qrim bosqinini tugatishga va uning nazoratini Ukrainaga qaytarishga chaqiramiz. Bosqin davom etar ekan, Qrimga aloqador sanksiyalar kuchda qoladi", - deyiladi bayonotda.

Rossiya yarimorolni bosib olgandan so'ng 2014-yil 16-mart kuni referendum o'tkazilgan va uning natijasiga ko'ra Qrim Rossiya hududiga qo'shib olingan edi. Ukraina va xalqaro hamjamiyat referendumni noqonuniy deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG