Milliy Majlissiz qrim-tatarlar nima qiladi?


Milliy Majlis yetakchilaridan biri Mustafo Jemilev va uning safdoshlari Qrimga oyoq bosa olmaydi. Taqiqlangan.

Milliy Majlis yetakchilaridan biri Mustafo Jemilev va uning safdoshlari Qrimga oyoq bosa olmaydi. Taqiqlangan.

Qrim respublikasi Oliy sudida qrim-tatarlarning Milliy Majlisini taqiqlash bo’yicha mahkama boshlangan. Yarimoroldagi ayrim tatarlar da'vosiga ko’ra boshlangan bu jarayon Qrim Rossiya tomonidan ishg’ol qilinganiga ikki yil to'lgan bir paytda o’tmoqda. Majlis nazarida esa mahkama ortida Kreml turibdi. Bu qrim-tatarlarga nisbatan urush e’lon qilish bilan barobar, deydi Mustafo Jemilev va Refat Chubarov, Ukrainadagi liderlar.

Oliy sudda Milliy Majlis ekstremistik faoliyatda, Rossiyaning hududiy yaxlitligiga tajovuz solganlikda ayblanmoqda. Qrimdagi faollar so’roq qilingan.

Majlisni taqiqlash arizasi Qrimdagi bir guruh qrim tatarlari tomonidan kiritilgan. Qrim hukumatida ishlayotgan bu guruh Moskva siyosatini qo’llab quvvatlash bilan tanilgan, ammo ko’plab tatarlari tomonidan tan olinmaydi.

Milliy Majlis a’zosi Gayana Yuksel “Qrim” axborot agentligiga rahbarlik qiladi. Yarim orolda faoliyat olib borgan agentlik Qrimda ishlash huquqidan mahrum qilinganidan so’ng Kievga ko’chib kelishga majbur bo’ldi.

“Sudda tadqim etilgan 500 sahifadan ortiq material bilan tanishish uchun muhlat so’ralgan edi. Bu muhlat o’tib, bugun sud boshlandi. Milliy Majlis nomidan tashkilot raisi o’rinbosari Narimon Jalil taqdim etmoqda. Bu siyosiy sud, aniqrog’i sudlov, butun bir xalq tomonidan saylangan Milliy Majlisni ekstremizmda ayblash kulguli. Bu aylovlarni tasdiqlovchi biror faktning o’zi yo’q, ammo Majlisni yopish buyurtma qilingan, shu bajarilmoqda xolos. Sud qarorining qanday bo’lishiga ham shubha qilmaymiz ”, - deydi Gayana Yuksel.

16-mart kuni Qrimni Rossiya tarkibiga rasman qo’shib olinganiga ikki yil to’ldi. Shu kuni Qrimda Rossiya tarkibiga qo’shilish haqida referendum o’tkazilgan edi. Rossiya ishg’oliga qarshi Milliy Majlis bu refendumni noqonuniy deb baholagan.

Buning ortidan esa Milliy Majlisga tazyiqlar kuchaydi. Mustafo Jemilev, Refat Chubarovning Qrimga kirishi taqiqlandi. 10 ga yaqin qrim-tatar yarim orolda bedarak yo’qoldi. Bir nechta faol esa ekstremistik faoliyatda ayblanib hibsda.

Gayana Yukselga ko’ra yarim orol tub aholi, ayniqsa o’z fikrini ochiq-oydin aytayotgan faollar uchun tahlikali bo’lib qolmoqda. Sudning Milliy Majlisni taqiqlash qarori esa qrim tataralriga nisbatan ommaviy repressiyalarni boshlab beradi.

“Majlis Qrimdagi ko’plab tumanlarda o’z bo’limlariga ega. Qrim-tatarlarning hammasi u yoki bu ma’noda Majlis bilan bog’liq. Sud qarori esa ularni ekstremistik tashkilotga aloqadorlikda ayblash uchun asos yaratib beradi. Aslida bularning hammasi bosqinga qarshi bo’lgan tatarlarning o’z vatanlaridan siqib chiqarish uchun qilinmoqda”, - deydi Gayana Yuksel.

Milliy Majlisga qarshi ariza murojaat qilgan qrim-tatarlar guruhi haqida fikrlar munozarali.

Gayana Yuksel nazarida Rossiya ishg’olidan so’ng qrim-tatarlar orasidan bu bosqinni yoqlab chiqqan bu kichik guruh aksariyat tomonidan tan olinmaydi. Butun bir millat tomonidan saylangan va tashkil etilgan boshqaruv organi Milliy Majlis badnom qilish huquqiga ham ega emas.

“Qrim bosqinidan so’ng Milliy Majlisni bo’ysindirishga uzoq harak qilib ko’rildi, lekin buning uddasidan chiqa olishmadi. Oqibatda esa qrim-tatarlari orasidan chiqqan bir necha marginal guruhlar orqali Majlisni taqiqlash qaroriga kelishdi”, - deydi u.

Milliy Majlis Qrimning ozod qilinishida xalqaro hamjamiyat, AQSh va Yevropa yordamiga umid qilmoqda. Majlis faollaridan biri Rizo Shevkeyev sud qanday qaror chiqarishidan qat’i nazar, Majlis o’z ishida, Qrimni bosqinchilikdan ozod qilish rejasida davom etishini bildiradi.

18-mart kuni Majlis yetakchilaridan biri Musatafo Jemilev Qrimdagi so’nggi vaziyat va qrim-tatarlar taqdiri haqida BMT Xavfsizlik kengashida chiqish kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG