Qrimda inson huquqlari borasida ahvol og'irlashmoqda

  • Amerika Ovozi

"Ozodlik uyi" va AQSh Atlantika kengashi chiqargan yangi hisobotga ko'ra, Rossiya egallab olgandan beri Qrim yarimorolida inson huquqlariga oid ahvol og'irlashgan. Hududda ozchilik elatlarning huquqlari toptalyapti, aholi Rossiya fuqaroligini olishga majburlanmoqda, deydi hisobot mualliflari.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qrimni rasman Rossiya hududiga qo'shish haqidagi farmonga imzo chekkan kuni butun dunyo hayratga tushdi. Qisqa muddat ichida Kreml qanday qilib buning uddasidan chiqdi?

Milliy Mudofaa universiteti professori Piter Elsovning aytishicha, yarimorol aholisining aksariyati rossiyaparast bo'lgani Putinga qo'l keldi.

"Bunda Rossiya matbuotining propagandasi ham muhim rol o'ynadi. Ular Ukraina inqilobini Qrimdagi rusiyzabon aholi uchun tahdid sifatida ko'rsatdi", - deydi u.

"Ozodlik uyi"ga ko'ra, Rossiya ommaviy axborot vositalari bosqin arafasida "Ukraina fashistlari"ning Qrimga solayotgan tahdidi haqida bong ura boshlagan. O'tgan yilning fevral oyida mintaqada kazak guruhlari mudofaa qismlari sifatida qurollantirila boshladi. Qrim qo'shib olinishi bilan mahalliy rahbarlar Rossiyadan kelgan kadrlar bilan almashtirildi. Dunyo e'tibori sharqiy Ukrainadagi isyon bilan chalg'igach, Rossiya Qrimdagi mahalliy muxolifatga, asosan, tatar xalqiga tazyiqni kuchaytirdi.

"Tatarlar bosqinni qo'llab-quvvatlamadi. Chunki ular Rossiyaning mustamlakachilik siyosatini yomon ko'rishadi. Qrim tatarlari soni 300 mingdan oshiq va ular aholining muhim qismini tashkil etadi", - deydi tadqiqotchi.

"Ozodlik uyi" ma'lumotiga ko'ra, Qrim tatarlari 1944-yilgi quvg'inni ortiq xotirlash huquqiga ega emas. Millat yetakchilarining ijtimoiy hayotda faollik ko'rsatishi ham taqiqlab qo'yilgan. Hisobotga ko'ra, Rossiyaga qarshi kayfiyatdagi har qanday odamga qarshi jinoiy ish ochilmoqda va jismoniy tazyiqlar ko'rsatilmoqda. Ta'lim sohasida ham ahvol yomonlashgan. Qrimning 600 maktabidan hech birida hozir darslar to'liq ukrain tilida o'tilmayapti. Shu yilning 1-yanvaridan boshlab Ukraina pasportiga ega fuqarolar kelgindilar deya e'lon qilingan.

Xalqaro tanqid va iqtisodiy jazo choralari Putinni yanada radikallashtirmoqda, deydi professor Elsov.

"Uni burchakka taqashdi, devorga tirashdi. Lekin u taslim bo'ladiganlar toifasidan emas. Rossiya aholisi haqidagi fikrlar esa murakkab", - deydi u.

Elsovning aytishicha, Rossiya tarixan og'ir davrlarda yashashga o'rgangan. Shuning uchun sanksiyalarning aholiga ta'sir ko'rsatishi qiyin, deydi u. Unga ko'ra, Putinning avtoritar boshqaruvidan norozilar ko'p bo'lsa ham, ular ayni paytda prezidentning xalqaro bosimlarga qarshi tutgan mavqeini qo'llab-quvvatlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG